Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:58

Fransiya prezident saylovida Makron g‘alabaga erishdi


Makron tarafdorlari uning g‘alabasini nishonlamoqda
Makron tarafdorlari uning g‘alabasini nishonlamoqda

Fransiya prezident saylovi ikkinchi bosqichida sobiq bankir Emmanuel Makron millatchi Marin Le Penni osonlik bilan mag‘lub etib, Fransiya tarixidagi eng yosh prezidentga aylandi. Dastlabki natijalarga ko‘ra, Makron 65 foiz ovoz to‘plashga muvaffaq bo‘lgan. Le Penga saylovchilarning 35 foizi ovoz bergan.

7 may kuni Fransiya bo‘ylab o‘tkazilgan saylovda Makron erishgan yirik g‘alaba aksar yevropaliklarni tinchlantirdi.

Yevropaning yetakchi davlatlari Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqib ketishga qaror qilgani va noyabr oyida prezident Donald Trampning kutilmagan g‘alabaga erishgani ortidan Fransiyada o‘ta o‘ng qanot siyosatchi prezident etib saylanishi mumkin, degan xavotirda edi.

39 yashar Makron Yevroittifoq tarafdori bo‘lsa, uning raqibi 48 yashar Le Pen esa fransuzlarga milliy va migrantlarga qarshi dasturlarni ilgari surib, Yevropa Ittifoqidan chiqib ketish g‘oyasini ilgari surdi.

5 may kuni o‘tkazilgan so‘rov natijasiga ko‘ra, Makronning g‘alaba qilishi taxmin qilingandi.

Fransiyada prezident besh yilga saylanadi.

Saylovning dastlabki natijalari aniq bo‘lishi ortidan Makron Fransiya uchun “umid va ishonchning yangi davri boshlanayapti”, deb bayonot berdi.

Uning tarafdorlari Parij markaziga to‘planib, o‘z nomzodlari g‘alabasini bayram qila boshlashdi.

Saylovning rasmiy natijalari 11 mayda e’lon qilinadi.

Ilk qutlovlar

AQSh prezidenti Donald Tramp Fransiyadagi prezident saylovida erishgan “yirik g‘alaba”si bilan tabrikladi va Fransiyaning yangi rahbari bilan birga ishlashga hozirligini bildirdi.

Germaniya kansleri Angela Merkel vakili Makronning ishontirarli g‘alabasini “kuchli va yagona Yevropa g‘alabasi” deb atadi.

Makronni g‘oliblik bilan Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey ham qutladi. “Fransiya bizning eng yaqin ittifoqchilarimizdan biridir va biz keng ko‘lamdagi ustuvor masalalar bo‘yicha yangi prezident bilan hamkorlikni sabrsizlik bilan kutmoqdamiz”, deyiladi bosh vazir Mey rasmiy vakilining bayonotida.

Xabarlarga ko‘ra, yakshanba oqshomida "Milliy front" lideri Marin Le Pen ham raqibi Emmanuel Makronga qo‘ng‘iroq qilib, uni g‘alaba bilan tabriklagan va yangi lavozimda unga muvaffaqiyat tilagan.

Le Pen partiyasining otini boshqa qo‘ymoqchi

7 may kungi ovoz berishda mag‘lub bo‘lgan nomzod Marin Le Pen.
7 may kungi ovoz berishda mag‘lub bo‘lgan nomzod Marin Le Pen.

“Milliy front” rahbari Marin Le Pen prezident saylovidagi mag‘lubiyatidan keyingi chiqishida o‘z partiyasini “chuqur transformatsiya” kutayotganini, jumladan, partiya nomini o‘zgartirishini bildirdi.

7 may oqshomida Parij yaqinida chiqish qilarkan, Le Pen “barcha vatanparvarlar”ni “Milliy front”ning yangilanish jarayoniga qo‘shilishga chaqirdi. Bu haqda AQShning Politico nashri xabar qiladi.

“Milliy front” hamraisi Florian Filippo partiya nomini o‘zgartirish g‘oyasini qo‘lladi.

“Milliy front” millatchilar partiyasiga 1972 yili fransuz siyosatchisi Jan-Mari Le Pen (Marin Le Penning otasi) tomonidan asos solingan. Partiya shu kunda Fransiya parlamenti quyi palatasidagi 577 o‘rindan 2 tasini egallab turibdi.

XS
SM
MD
LG