Линклар

Toshkent viloyatining Zangiota tumani o‘qituvchilari ikki oydan beri maoshlarini ololmayapti. Bir guruh o‘qituvchilarning Ozodlikka aytishicha, soliq va kommunal to‘lovdan qarzdorlik vaji bilan ularga oylik berilmayapti. Mutasaddilari esa oyliklar kechikayotganini naqd pul taqchilligiga bog‘lashdi.

“Oldin soliqni to‘la, keyin oylik olasan”

Zangiotalik o‘qituvchilar nomidan Ozodlikka bo‘lgan murojaatda yozilishicha, soliqlar o‘z vaqtida to‘lanmasa, o‘qituvchilar maoshlari kechikmoqda:

“Zangiota tumanidagi barcha maktablarda bo‘layotgan ahvol bu. Masalan, 67, 53, 54, 65, 48, 45, 24, 27-maktablar o‘qituvchilari ikki oydan beri oylik ololmayapti. Uy solig‘i, mol-mulk va yer solig‘ini yillik to‘lashni talab qilayapti. Hamda gaz bilan elektrga ham oldindan to‘lashimiz kerak ekan. Hozir hammadan “2017 yil uchun soliqdan qarzi yo‘q” degan spravka talab qilayapti. Hali yil yakunlanmadiku? Lekin baribir “shu spravka bo‘lmasa oylik yo‘q” deyishdi”, deyiladi zangiotalik o‘qituvchilar xatida.

Zangiotadagi maktablardan birining o‘qituvchisi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, agar maktabda bitta o‘qituvchining soliq va kommunal to‘lovdan qarzi bo‘lsa, o‘sha maktabdagi barcha o‘qituvchining maoshi berilmayapti:

“Biz 2017 yil 31 dekabrgacha bo‘lgan soliqlarni to‘lab bo‘ldik. Spravka olib kelib berdik. Lekin kollektivda bir odam to‘lamagani uchun 80 ta o‘qituvchi ikki oydan beri oyliksiz o‘tiribdi”, dedi zangiotalik o‘qituvchi.

“Shikoyat qilganlarni jazolashadi”

Ushbu tuman maktablaridan birida o‘qituvchilik qiluvchi yana bir zangiotalikka ko‘ra, ularning maoshni o‘z vaqtida berish borasidagi iltimoslari inobatga olinmayapti.

“Direktorimiz “Moliya bilan g‘aznachilik bo‘limining talabi bu”, deb aytdi. “Naqd pul masalasi chatoq, soliqlarni oldindan to‘lamasangiz oylik yo‘q”, debdi g‘aznachilik bo‘limidagilar. Qonun bo‘yicha oldindan soliqlarni to‘latishga yoki soliq to‘lamasa, oylik bermaslikka haqqi yo‘q. Oylik berilmayotgani muammosidan hamma mutasaddilar xabardor. Bir necha marta aytdik, yozdik, lekin bitta ham natija bo‘lmayapti”, deydi zangiotalik o‘qituvchi.

Yana bir suhbatdoshimiz- zangiotalik o‘qituvchi ayol esa oylik kechikayotganidan shikoyat qilganlarga nisbatan jazo qo‘llanilayotganini iddao qildi:

“Qo‘shni maktabdagilar oylik beringlar”, deb to‘polon qilgan edi. O‘sha maktabni prokuratura bosdi. Shikoyat qilgan o‘qituvchilarning ishidan kamchilik topib, protokol tuzibdi. “Shu protokolga asosan, birortang oylik borasida g‘ing desang, marhamat qilib boshqa ish qidir”, debdi. “Ishing shu bo‘lsa, yana nimangga haqqingni talab qilasan”, deb urishgan. Agar Ozodlikka kimlar shikoyat qilgani aniqlansa, "O‘z xohishiga ko‘ra" ishdan bo‘shatishadi”, dedi muallima.

Zangiota tuman Xalq tahlimi bo‘limi mutasaddilari o‘qituvchilar maoshlarining kechikish holati borligini inkor qilishga urinishdi.

Tuman soliq inspektsiyasi hamda tuman g‘aznachilik bo‘limi mulozimlari o‘qituvchilar maoshlari kechikishi ularning aybi emas, balki naqd pul taqchilligi bilan bog‘liq ekanligini ta’kidlashdi.

Keyingi yillarda oylik va pensiyalarni kommunal to‘lov hamda soliq uchun majburiy ushlab qolish yoki kechiktirish nafaqat Zangiotada balki mamlakatning barcha hududlarida muntazam kuzatilmoqda. Aksar hollarda bu naqd pul taqchilligi bilan izohlanayapti.

O‘zbekiston Markaziy banki Shavkat Mirziyoevni Bosh vazir payti mamlakat iqtisodida naqd pul taqchilligi yuzaga kelgani va bu jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgan edi.

XS
SM
MD
LG