Линклар

Rasman ruxsat berilmaganiga qaramasdan Toshkentdagi "Birodarlar qabristoni" memorial majmuasida Ikkinchi Jahon urushi qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan "O‘lmas polk" aksiyasi o‘tkaziladigan bo‘ldi.

Bu haqda Ozodlikka tadbir tashabbuschilaridan biri, 39 yashar toshkentlik elektrik Yevgeniy Xashaev ma’lum qildi.

Unga ko‘ra¸ maxsus izn olinmagan bo‘lsa ham "O‘lmas polk" tadbiri o‘tkaziladi. Toshkent shahar Mudofaa bo‘limi zobitlaridan birining Ozodlikka aytishicha¸ "shahar hokimiyati mulozimlari tadbir qatnashchilariga monelik qilmaslik haqida ko‘rsatma bergan".

«O‘lmas polk» tadbiri koordinatori Sergey Lapenkovning Ozodlikka Moskvadan ma’lum qilishicha, O‘zbekiston hukumati mazkur aksiyaning o‘tkazilishiga ruxsat bermagan.

- Lekin bu O‘zbekistonda “O‘lmas polk” tadbiri o‘tkazilmaydi degan ma’noni bildirmaydi. Tadbir boshqa tarzda o‘tkaziladi. Biz uchun tashqi ko‘rinish emas balki mazmun - mohiyat muhim. Toshkentda yurish bo‘lmaydi. Lekin "Birodarlar qabristoni" memorialida yig‘in bo‘ladi. «O‘lmas polk» ishtirokchilari bu yil Motamsaro ona haykali poyiga gul qo‘yish bilan cheklanishadi. Shundan so‘ng urush faxriylarini tabriklab, konsert dasturi namoyish etiladi¸ dedi Sergey Lapenkov Ozodlik bilan suhbatda.

Bundan oldin “O‘lmas polk” aksiyasining rasmiy saytida tadbirning O‘zbekistonda o‘tkazilmasligi haqida aniq-tiniq aytilgan edi:

«Hurmatli, o‘zbekistonliklar! Butun dunyoda hukmron murakkab siyosiy vaziyat tufayli bu yil «O‘lmas polk» aksiyasi o‘tkazilmaydi. Bu hukumatimiz tomonidan qabul qilingan to‘g‘ri qaror deb hisoblaymiz, zero ikkinchi Piterga hojat yo‘q», - deyilgan edi nashr e’lonida.

«O‘lmas polk» tashabbusi koordinatori Sergey Lapenkov o‘zining Toshkentdagi tarafdorlariga “Tadbir o‘tkazma” deb taqiq qo‘ya olmasligini urg‘uladi:

- Biz siyosiy partiya yoki hukumat idorasi emasmiz. Odamlarcha cheklov qo‘ya olmaymiz. Tashkilotimiz SSSRni propaganda qilishni ham maqsad qilmaydi. Biz urushda o‘lgan ota-onalarimizni eslamoqchimiz xolos¸ dedi Ozodlik savollariga Moskvadan turib javob bergan tomsklik Lapenkov.

"O‘lmas polk" Stalinga qarshi emas

Ayni paytda «O‘lmas polk» tashabbusi O‘zbekistonda SSSR qaytishini istaganlarning siyosiy ko‘z qarashini ifodalaydigan harakatga aylangani kuzatiladi. O‘tgan yili Toshkentda o‘tgan «O‘lmas polk» tadbirida minglab o‘zbek ziyolilari qonini to‘kkan mustabid sifatida qoralanadigan Iosif Stalin portretlari ko‘tarilgan edi. Bu holat bo‘yicha biror cheklov yoki tavsiya yo‘qmi, deb so‘radik «O‘lmas polk» tadbiri koordinatori Sergey Lapenkovdan

- Takror aytaman. Biz cheklov qo‘ya olmaymiz. Albatta, biz bu tadbir siyosiy qarashlar minbariga aylanishiga prinsipda qarshimiz. Nizomga ko‘ra, tadbir qatnashchilari urushda qatnashgan yaqinlari portretlarini ko‘tarib yurishlari kerak. Lekin kimdir Stalin portretini ko‘tarib yursa biz unga qarshi emasmiz¸ dedi suhbatdosh.

O‘zbek mulozimlari o‘tgan yilgidan ko‘ra, bu yil iltifotliroq

Olmazor tuman Mudofaa bo‘limining ismi aytilishini istamagan zobitiga ko‘ra¸ “Ulug‘ vatan urushi bilan bog‘liq sovet simvollari va rituallariga minosabat bulturgidan ko‘ra¸ bu yil yaxshilangan”

- Hokimiyat har bir voenkomatdan besh kishi ajratdi. Bu kishilar xotira va qadrlash kunidagi tadbirlarga ko‘makdosh bo‘lishadi. Bundan tashqari Kamolot va Nuroniy tashkilotlari ham tadbirlarda aktiv qatnashyapti. Biz albatta bayramda Georgiy lentasi emas O‘zbekiston bayrog‘i ranglaridagi lenta bo‘lishini tavsiya qilamiz. Lekin kimdir Georgiy lentasini taqsa qarshilik qilmaymiz. Hokimiyatdan shunday ko‘rsatma bo‘ldi. “O‘lmas polk” tadbiriga ham qarshilik qilmaymiz. Kerak bo‘lsa voenkomat xodimlari yordam beradi ularga¸ dedi zobit.

Lenin otamiz, soyasida yotamiz

“O‘lmas polk” tadbirining Toshkentdagi tashabbuschilaridan biri, 39 yashar elektrik Yevgeniy Xashaevning Ozodlikka aytishicha, aksiya butkul sovet simvolikasi bilan bezatiladi:

- O‘roq va bolg‘a aks etgan qizil bayroq ko‘taramiz¸ ko‘ksimizga Georgiy lentasini taqib “Den pobedi” va boshqa Sovet vatanparvar qo‘shiqlarini aytib Ulug‘ vatan urushi qatnashchilarini eslaymiz. 9 may kuni soat 11 da televishka yonida yig‘ilib, yo‘lga tushamiz¸ dedi Xashaev.

"O‘lmas polk"ning Toshkentdagi faollari
"O‘lmas polk"ning Toshkentdagi faollari

Unga ko‘ra¸ “Sovet vatanparvari bo‘lish bu yil O‘zbekistonda rag‘batlantirilmoqda”

Xashaevning bu so‘zlarini toshkentlik tahlilchi Anvar Nazirov ham tadsiqlaydi. Unga ko‘ra¸ O‘zbekiston televideniesining birinchi kanalida¸ keyingi 25 yilda ilk bora sovetcha ashulalar qo‘yilgan:

- Qaysi axmoqning aqliga keldi xotira kuniga bag‘ishlab sovetcha ashulalarni efirga uzatish?! Urush o‘zi nimaligini bu katyushachilar biladimi o‘zi? Bobolarimiz aroq ichib, garmon cho‘zib ashula aytib urushmagan,- deydi Anvar Nazirov.

Nazirovga ko‘ra¸ O‘zbekiston xalq artisi Yulduz Usmonovaning instagram sahifasida sovet askarlari qiyofasidagi rasmlari qo‘yilishi ziyolilar e’tiroziga sabab bo‘lgan.

Yulduz Usmonova
Yulduz Usmonova

«O‘lmas polk» aksiyasi xalq tashabbusi sifatida ilk marta 2012 yilda Tomskda o‘tkazilgan. Keyinchalik aksiya butun Rossiya, shuningdek boshqa mamlakatlar bo‘ylab o‘tkazila boshlandi.

Markaziy Osiyo respublikalaridan faqat Qirg‘izistonda bu tadbir rasman o‘tkaziladi.

«O‘lmas polk» aksiyasi bu yil Tojikistonda hukumat qarori bilan taqiqlab qo‘yildi.

Bu tadbir Turkmanistonda umuman o‘tkazilmaydi¸ Qozog‘istonda esa "faol vatandoshlarning tinchlik marshi" o‘laroq nishonlanadi.

XS
SM
MD
LG