Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:46

Toshkentda "Shomahmudovlar oilasi" memorial kompleksi uchinchi joyda ochildi (foto)


Temirchi "Shomahmudovlar oilasi"memorial kompleksi 9 may kuni Toshkentdagi "Do‘stlik bog‘i"da (sobiq Bobur nomidagi park) ochildi. Toshkent markazidan 9 yil avval ko‘chirilganida, 17 figuralik kompozitsiya 16 figuralik bo‘lib qolgan edi. Ozodlik maqolasidan so‘ng yo‘qolgan "bronza bola" topilib, kompozitsiya to‘liq holda o‘rnatildi.

Gazeta.uz saytida chop etilgan suratlarda "Shomahmudovlar oilasi" memorial kompleksi qoshida chiqish qilayotgan keksalar, raqs tushayotgan raqqosalar aks etgan.

Mazkur kompleks yaqinda "Do‘stlik bog‘i" deb qayta nomlangan sobiq Bobur nomidagi parkdagi Tinchlik qo‘ng‘irog‘i ramzi yoniga o‘rnatildi.

​Toshkentdagi “Istiqlol” san’at saroyi oldidan poytaxt chekkasiga ko‘chirilgan "Shomahmudovlar oilasi" monumenti oradan 9 yil o‘tib yana shahar markaziga qaytdi.

Bu jarayonni kuzatish asnosida Ozodlik monumentning bir necha bo‘lagi, jumladan, undagi 15 boladan biri yo‘qolganini aniqlagan edi.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur yodgorlik 2008 yilning 12 aprel tunida olib tashlangan paytda haykal majmuiga oid bitta bronza bola yo‘qolgan.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligining Madaniy meros boshqarmasi me’mori Shermat Sherimbetovning Ozodlikka aytishicha¸ tunda ko‘chirilgan paytda bitta bola haykali singan va dom-daraksiz yo‘qolgan edi:

- 17 figurali haykal Toshkentning kirish qismiga qayta o‘rnatilganida¸ 16 figurali bo‘lib qolgan. Umuman¸ haykal ko‘chirilganida unga zarar yetishini bilgan holda¸ bu galgi ko‘chirishga ham boshqarmamiz qarshi bo‘lgan. Shunga qaramasdan¸ Toshkent shahar hokimligi qayta ko‘chirish haqida qaror qabul qildi¸ deydi mulozim.

Ammo, bu haqda Ozodlik yozgan maqoladan so‘ng yo‘qolgan "do‘ppilik bola" zudlikda topildi.

Bu haqda Ozodlikka toshkentlik san’atshunos blogger Akmal Rizaev xabar qildi. Boshqa bir san’atshunosning Ozodlikka bildirishicha, kompleksning yo‘qolgan elementini u bir necha yil muqaddam shahardagi antikvar magazinlardan birida ko‘rgan.

Akmal Rizaevdan olingan xabarni toshkentlik jurnalist Sid Yanishchev ham tasdiqladi.

- O‘zim borib, bir necha marta qayta sanadim. Kompozitsiyadagi figuralar soni roppa-rosa 17 ta. Ozodlik yozgan maqoladan so‘ng IIV yoki MXX aybdorlarning "dumini bosgan", shekilli. Pirovardida, yo‘qolgan bolani darrov joyiga olib kelib qo‘yishdi, - deydi jurnalist.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ haykal kompozitsiyasi bu gal ham madaniy meros inspektorlari ishtirokisiz ko‘chirilgan.

Madaniy meros boshqarmasining Toshkentdagi haykallarga mas’ul mulozimi haykal ko‘chirilganligini Ozodlik muxbiridan eshitganida¸ hayron bo‘ldi:

- Yana bizning ishtirokimizsiz ko‘chirishibdi. Qonunga ko‘ra¸ Madaniy meros boshqarmasi ro‘yxatida turgan asar boshqarma inspektori ishtirokida ko‘chirilishi lozim edi. Afsus¸ qonunga rioya qilishmabdi¸ dedi mulozim.

1995 yili olamdan o‘tgan RSFSR Xalq rassomi Dmitriy (Daniil) Borisovich Ryabichevning o‘g‘li Rossiyadagi Haykaltaroshlik ijodiy boshqarmasi rahbari Aleksandr Ryabichev Ozodlik bilan suhbatda o‘z otasi yaratgan haykaltaroshlik kompozitsiyasining yo‘qolgan elementlarini ezgu niyatda¸ qalam haqi olmasdan qayta tiklab berishga va’da bergan edi.

Ozodlikka yozgan maktubida bu oila: “Otamiz ijodiga mansub haykaltaroshlik kompozitsiyasining Toshkent markaziga qaytayotganidan mamnunmuz... 2008 yilda bu haykalning badarg‘a qilinishidan xafa bo‘lgan edik¸ bugun esa qaytayotganidan xursandmiz. Tarixiy adolat qayta tiklandi"¸ deb yozdi.

Dmitriy (Daniil) Borisovich Ryabichev O‘zbekistonda o‘nga yaqin haykal va monumentlar yaratgan rassom sifatida eslanadi.

Toshkent markazidagi (ilgarigi Inqilob xiyoboni) Karl Marks haykali¸ Temir yo‘l vokzali ro‘parasidagi "14 komissar" monumenti¸ Abdulla Qodiriy ko‘chasidagi 1966 yilgi Toshkent zilzilasiga bag‘ishlangan “Matonat” monumenti va Oybek uy muzeyi hovlisidagi Oybek haykali muallifi Ryabichevdir.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligining madaniy meros boshqarmasi me’mori Shermat Sherimbetovning Ozodlikka aytishicha¸ rassomning "14 komissar" monumenti va Marks haykali mavjud qoidalarga zid tarzda tag-tugi bilan yo‘q qilingan.

XS
SM
MD
LG