Линклар

18 декабр 2017, Тошкент вақти: 19:44

Namangan viloyat, To‘raqo‘rg‘on tumani gaz ta’minoti idorasining bir guruh mulozim va ishchilari 8 may kuni Porloq qishlog‘iga tortilgan gaz quvurlarini kesishga kirishganda, qishloq aholisi norozilik bildirib ustalar bilan janjal qildi. Voqea guvohlarining aytishicha, gaz idorasi rahbarlari qarshilik bildirganlarni uyatli so‘zlar bilan haqorat qilgan, lekin odamlar baribir quvurlarni kesib olib ketgani yo‘l qo‘ymagan. Rasmiylar, bu holatni gaz yetkazib berolmayotgani bilan izohlamoqda.

To‘raqo‘rg‘on tumanining Porloq qishlog‘ida aholi va gaz idorasi ishchilari bilan bo‘lgan janjal haqida shu qishloqda yashaydiganlardan biri Ozodlikka xabar qildi:

“Kecha, 8 may kuni bir guruh gazchilar qishloqqa kelib, hech kim bilan maslahatlashmasdan gaz quvurlarini kesishni boshladi. Odamlar chiqib, “hoy nega kesyapsizlar, bundan gaz keladiku”, desa, “sizlarning ishingiz bo‘lmasin, bu hokimning qarori, boshqa bu qishloqqa gaz berilmaydi”, deyishdi. Keyin odamlar ko‘payib, o‘rtada katta janjal bo‘ldi va axiyri ustalar kesishni to‘xtatib, qaytib ketishdi”, deb yozdi to‘raqo‘rg‘onliklardan biri.

Porloq qishlog‘ida istiqomat qiladigan odamlardan biri 9 may kuni Ozodlikka bu haqda gapirar ekan, gazchilar bilan aholi o‘rtasida qattiq janjal bo‘lganini aytdi:

- Ayollar, qizlar, erkaklar, chamasi 50 kishidan ziyod odam chiqib, quvurlarni kesmanglar, deb talab qilishdi. Lekin gazchilarning Botir ismli bir rahbari bor ekan, uyatli so‘zlar bilan mahallamiz kotibini so‘kdi. Men chidab turolmay portalga arz qilaman desam, “xohlagan joyingga bor, bu hokimning qarori, baribir kesamiz”, dedi. Lekin, xalq bo‘sh kelmadi, kesgani qo‘ymadi. Quvurlarni besh joyidan kesgan ekan, keyin tashlab ketishdi. Biz o‘zimiz yana payvandchi topib, quvurlarni joyiga ulab chiqdik, dedi porloqlik bu odam.

Suhbatdosh, mahallada 30 dan ortiq oila gazdan foydalanishini va barcha to‘lovlarni hisoblagich bo‘yicha o‘z vaqtida to‘lab kelganini aytadi:

- Bu gaz quvurlariga 21 yil bo‘ldi. O‘sha paytda birov molini, birov tovug‘ini sotib, xalqning puliga bu quvurlar tortilgan edi. Gaz bosimi pastligi sabab, qishloqdagi ba’zi xonadonlar ortiqcha pul to‘lamaylik deb, o‘zlarining ixtiyori bilan gazlarini uzishgan. Lekin 30 xonadonda gaz yonardi. Endi esa shundan ham mahrum qilishmoqchi. Ko‘pchilik ipak qurti boqilayotgan uylarni gazda isityapti, deydi suhbatdosh.

To‘raqo‘rg‘on tumani gaz ta’minoti idorasining ekspluatatsiya bo‘limi boshlig‘i Ergashali G‘iyosov, aholining noroziligidan so‘ng quvurlarni kesish ishlari to‘xtatilganini tasdiqladi:

- Biz xalqqa gaz yetkazib berolmayapmiz. Hisoblagichdan olgan gazimiz trubani ichida qaerlardadir yo‘q bo‘lib ketyapti. Tuman markazidan 5-6 kilometrdan naridagi qishloqlarning gaz quvurlarini bir boshdan uzyapmiz. Gaz kam bo‘lgani uchun so‘rg‘ich qo‘yib tortib olishyapti va buning ortidan ko‘ngilsiz voqealar ham sodir bo‘lyapti. Shuning uchun ularni uzib, ballonli gazga o‘tkazish to‘g‘risida viloyat hokimi va “O‘ztransgaz”ning buyrug‘i bor, dedi To‘raqo‘rg‘on tumani gaz ta’minoti idorasining ekpluatatsiya bo‘limi boshlig‘i Ergashali G‘iyosov.

O‘zbekistonda gaz va elektr energiyasi taqchilligi bois, aholining u yoki bu shaklda norozilik bildirish holatlari ba’zan kuzatilib turiladi.

Bu norozilik namoyishlarida, asosan, xotin-qizlar ishtirok etadi.

Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanidagi Toshkent-Termiz avtomagistrali yaqinidagi qishloqlarda yashaydigan qariyb 200 nafar ayol o‘tgan yilning 24 noyabr kuni avtomobil yo‘lini to‘sgan edi. Gaz va elektr yo‘qligidan shikoyat qilgan ayollar bir soat davomida yo‘lning ikki tomonini berkitib, mas’ul amaldorlardan bu muammoni hal qilib berishni talab qilgan.

2013 yilning 5 noyabrida Samarqand shahridagi Sartepa mavzesi Xo‘jasoat mahallasining yuzga yaqin aholisi mavzedan o‘tadigan avtomobil yo‘lini to‘sib, uch kun elektr energiyasi va gaz berilmaganiga qarshi o‘z noroziligini shu tarzda ifoda etgan edi.

Jumladan, 2012 yilning 17 dekabrida Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanidagi Samarqand mahallasida istiqomat qiladigan yuzga yaqin ayol17dekabr kuni ertalab avtomobillarning eski shinalarini Toshkent-Samarqand avtomagistraliga dumalatib, yo‘lni to‘sgan edilar.

XS
SM
MD
LG