Линклар

18 декабр 2017, Тошкент вақти: 21:44

O‘zbekistonda joriy yilning ikkinchi yarmidan boshlab aholi bandligi o‘sishi bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlarini bajargan hokimlar va boshqa mas’ul amaldorlar mukofotlanadi, ko‘rsatkichlarni bajarmagan rahbarlarga jarima to‘latiladi.

O‘zbekistonda band bo‘lmagan aholini, ayniqsa, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish masalalarini hal qilish bo‘yicha mahalliy hokimlar va boshqa hududiy rahbarlar shaxsiy mas’uliyatini oshirish uchun shu yil 1 iyulidan maxsus tizim joriy etiladi.

Bu haqda O‘zbekiston prezidentining 6 may kuni imzolangan “Aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar natijadorligi va samaradorligini oshirishda mahalliy ijro hokimiyati va iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida aytiladi.

9 may kuni O‘zbekiston Milliy axborot agentligi saytida e’lon qilingan qaror matnidan ma’lum bo‘lishicha, endilikda aholi bandligi o‘sishi bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlarini bajargan hokimlar maoshlariga 15 foiz miqdorida mukofot puli qo‘shib beriladi, prognoz ko‘rsatkichlarini bajarmagan hokimlar maoshlaridan esa jarima o‘laroq 15 foiz miqdorida pul ushlab qolinadi.

Shuningdek, prognoz ko‘rsatkichlarini bajargan hokimlarning birinchi o‘rinbosarlari va iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlari maoshlariga 20 foiz miqdorida mukofot puli qo‘shib berilishi, bajarmaganlardan esa maoshining 20 foizi miqdorida jarima ushlab qolinishi aytilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari hamda ularning birinchi o‘rinbosarlaridan jarima undirilishi yoki ularga mukofot puli berilishi maxsus komissiya taqdimnomasi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining qarori asosida, shahar va tuman hokimlari hamda ularning birinchi o‘rinbosarlaridan jarima undirilishi yoki ularga mukofot puli berilishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari qarorlari asosida amalga oshiriladi.

Prezident qarorida aholi bandligi o‘sishining mezoni sifatida aholini davlat ijtimoiy sug‘urta hamda mehnat va pensiya qonunchiligi tizimlari bilan qamrab olingan doimiy, barqaror ishga joylashtirilishi belgilangan. Qarorda qayd etilishicha, “aynan shunday bandlik shakli mehnat kafolatlarini himoyalash, pensiya to‘lovlarini amalga oshirish uchun mehnat stajini hisobga olish, uy-joy sotib olish va oliy ta’lim muassasalarida o‘qish uchun olingan kreditlarni to‘lashda soliq imtiyozlariga ega bo‘lish hamda aholining kundalik hayotida zarur bo‘ladigan boshqa amaldagi qonunchilik me’yorlaridan fuqarolarimiz to‘laqonli foydalanishiga barcha imkoniyat yaratadi”.

Mazkur qarorning amalga oshirilishi natijasida, birinchidan, aholining barqaror bandligini ta’minlashda tizimli va aniq yo‘naltirilgan ishlarni amalga oshirish uchun mahalliy ijro hokimiyati va iqtisodiy kompleks hududiy organlari rahbarlariga kerakli rag‘batlantirish choralarini yaratish va ularning shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirishga, ikkinchidan, davlat ijtimoiy sug‘urtasi, mehnat va pensiya qonunchiligi tizimining barcha afzalliklari bilan to‘liq qamrab olingan doimiy ish o‘rinlari hisobiga aholi bandligi o‘sishiga, uchinchidan, barqaror bandlikni rag‘batlantirishning yangi mexanizmlarini joriy etish orqali aholi daromadlari oshishiga va turmush darajasi sifati yaxshilanishiga, soliq tushumlari va pensiya ajratmalari bazasini kengaytirishga imkon yaratilishi aytilmoqda.

Prezident qarori ijrosini nazorat qilish bosh vazir Abdulla Aripov zimmasiga yuklatilgan.

XS
SM
MD
LG