Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:03

Puli bor abiturientlarga o‘qishga kirish imkoni kengaydi


Mirziyoev test sinovlaridan o‘ta olmagan abiturientlar uchun o‘qishga kirish imkonini beruvchi qarorni imzoladi. Qarorga ko‘ra, abiturient kamida 68 ball to‘plashi va moliyaviy imkonga ega bo‘lishi lozim.

Prezident Mirziyoevning 5 may kuni imzolagan qaroriga muvofiq, endilikda test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘ta olmagan abiturientlar ham talabalikka qabul qilinishi mumkin.

Qarorda belgilanishicha, buning uchun abiturient kamida 68 ball to‘plagan bo‘lishi shart. Shuningdek, to‘lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasini to‘lash imkoniga ega bo‘lishi lozim.

O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, hozircha yangi tartibning mexanizmi ishlab chiqilmagan.

Hozircha kontrakt pulining qanchaligi ma’lum emas. Qo‘shimcha kontrakt hisobida ochiladigan o‘rinlar soni ham aniq emas.

Davlat Test markazi (DTM)dan olingan ma’lumotga ko‘ra, qo‘shimcha kontrakt o‘rinlari har bir oliygohning imkoniyatidan kelib chiqib belgilanadi:

"Davlat komissiyasi har bir oliy ta’lim muassasaning mavjud imkoniyatlari va ta’lim yo‘nalishlaridan kelib chiqib, o‘sha oliygohning qo‘shimcha qabulni amalga oshirishi uchun kvota miqdorini belgilab chiqadi. To‘lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi ham abiturientlar to‘plagan ballarga qarab Davlat komissiyasi tomonidan differensiyalashgan tartibda belgilanadi", dedi DTM mas’uli.

Mas’ul so‘zlariga ko‘ra, 68 ball to‘plagan barcha abiturient ham talaba bo‘lish baxtiga muyassar bo‘la olmaydi:

"Kamida 68 ball deyilgan. Shuncha ball to‘plagan abiturientlar orasidan ketma-ketlik saqlangan holda tanlab olinadi. Agar tanlangan abiturient belgilangan miqdordagi kontrakt pulini to‘lay olmasa, uning o‘rniga keyingi abiturient olinishi mumkin. Hozircha boshqa tafsilotlarini ayta olmayman. Yaqin kunlarda bu jarayonning qanday bo‘lishini ma’lum qilamiz", dedi mas’ul.

DTM mas’uliga ko‘ra, yangi tartib orqali test jarayoniga korrupsiya aralashishining oldini olish rejalashtirilgan.

"Bu jarayon mexanizimini taqdim qilgach bilasiz, qanchalik oshkoralik ko‘rinishida o‘tishini. Bu yerda pora ham, tanish-bilish ham aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi", dedi DTM mas’uli.

Biroq Ozodlik suhbatlashgan bo‘lajak abiturientlar test sinovlarining korrupsiyadan holi o‘tishiga ishonmasliklarini aytishdi.

Jumladan, 22 yashar Murod ismli xorazmlik yigit iddaosicha, ikki yildan beri Toshkent Iqtisodiyot universitetiga kira olmayotgani sababi aynan test jarayonidagi poraxo‘rlikdir:

"Men kollejni yaxshi bitirganman. Bilimimga ishonaman. Test payti ayrim abiturientlarga ochiqchasiga yordam berishganiga guvoh bo‘lganman. Ikki yil harakat qilib kira olmadim. Men taniydigan bir bola otasining puli bilan talaba bo‘ldi. U maktabda ham, kollejda ham juda past bahoga o‘qigandi", dedi xorazmlik Murod.

Prezident qaroriga ko‘ra, joriy yilda oliygohlarga qabul qilinadigan talabalar soni 8 ming 409 taga ko‘paytirilgan bo‘lib, jami 66 ming 316 talaba qabul qilinadi.

Tibbiyot oliygohlari endilikda davlat granti asosida hududlarga taqsimlangan kvota bilan talaba qabul qiladigan bo‘ldi.

Bu yil Toshkent davlat stomotologiya institutining barcha viloyatlardagi filiallari, Toshkent tibbiyot akademiyasining Farg‘ona filiali, Toshkent kimyo-texnologiya instituti Qo‘ng‘irot bo‘limining sirtqi bo‘limi yopildi.

Ayni paytda Termizda Toshkent texnika universiteti va Toshkent agrar universitetining filiallari Urganchda esa Toshkent tibbiyot akademiyasi filiali ochildi. Shuningdek, Navoiy konchilik instituti va Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida maxsus sirtqi bo‘limlar tashkil qilinadi.

O‘zbekiston oliygohlarida kirish ballari har bir o‘quv muassasida alohida belgilanadi. Jumladan, o‘tgan o‘quv yilida Toshkent yuridik universitetiga o‘tish bali davlat granti uchun 197,3 ball, to‘lov shartnomasi uchun 167,6 ball bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG