Линклар

11 декабр 2017, Тошкент вақти: 14:39

“O‘ztemiryo‘lovchitashish” ochiq aksiyadorlik jamiyati rahbarlari vagon kuzatuvchilariga ko‘chadan bo‘lsa ham metallolom sotib olib, topshirish vazifasini yukladi. Bu haqda Ozodlikka shikoyat qilgan kuzatuvchilarning iddao qilishlaricha, safardan qaytganidan so‘ng hisobot topshirishdagi to‘lovlar, yong‘in xavfsizligi, SES va militsiya xodimlarining ta’magirligi ham ularning tinka madorini quritmoqda. Yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish filialining rahbari metallolom yig‘ish fakti borligini tasdiqlar ekan, pul bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha transport prokuraturasi shug‘ullanishini aytdi.

“O‘ztemiryo‘lovchitashish” ochiq aksiyadorlik jamiyatining yo‘lovchilar tashish filialida ishlaydigan bir guruh vagon kuzatuvchilari o‘z boshliqlariga yozilgan shikoyat maktubining bir nusxasini Ozodlik radiosiga ham jo‘natdi.

Vagon kuzatuvchilarining shikoyat maktubi
Vagon kuzatuvchilarining shikoyat maktubi

Bu maktubda aytilishicha, so‘nggi paytlarda vagon kuzatuvchilariga “har tomondan kislorod qisilyapti”.

Ismi sir qolishini so‘ragan shikoyatchilardan biri kuzatuvchilarga solinayotgan metallolom solig‘i ularning sabr kosasini to‘ldirib yuborganini aytdi:

“Metallolom bizni juda ham ezib yubordi. Ko‘chada temir-tersak yotgan bo‘lsaki, biz uni yig‘ib bersak. Shuning uchun uning o‘rnini faqat pul bilan qoplayapmiz. Har bir reys uchun brigadaga biriktirilgan instruktorga 600 ming so‘m miqdorda metallolom uchun pul yig‘ib beriladi. Bu, pulga ular metallolom oladimi yoki boshqa narsami, unisi bizga qorong‘i”, deydi kuzatuvchi.

Vagon kuzatuvchilarining shikoyat maktubi
Vagon kuzatuvchilarining shikoyat maktubi

Uning iddao qilishicha, shundog‘ ham har reysdan qaytgandan so‘ng yig‘di-yig‘dilar ularning tinkasini quritib yuborgan:

“Yashirishga hojat yo‘q. Ilgari Rossiyaga borganda tirikchilik uchun bir-ikki so‘mka narsa olib kelardik yoki chiptasiz yo‘lovchi olardik. Hozir bu narsalarga tamoman chek qo‘yilgan. Lekin, bizning tinkamizni quritadigan ta’magirliklar yo‘q bo‘lmagan.Masalan, “O‘ztemiryo‘lovchitashish” mulozimlari har bir yo‘lga chiqqan poezd boshlig‘iga soliq soladi. Bu bir, ikkinchidan, VChD-2 hududida qo‘lingizda buyurtma bo‘lsa ham har bir vagon jihozi, chelak, ognetushitel, savok, trafaret kabilarni pulga olasiz. Uchinchidan, VChD-2 hududida vagonni tekshirgan o‘t o‘chiruvchi va SES xodimlariga pul berish kerak, aks holda arzimagan bahona bilan sizni reysdan qoldiradi. Shuncha xarajatlar biz oladigan 550-800 ming so‘m maoshimiz hisobidan bo‘lyapti”, deydi vagon kuzatuvchisi.

“O‘ztemiryo‘lovchitashish” ochiq aksiyadorlik jamiyatining yo‘lovchilar tashish filiali boshlig‘i Suhrob Davletov, Ozodlik bilan suhbatda vagon kuzatuvchilariga metallolom solig‘i solinganini tasdiqlar ekan, temir-tersak topolmaganlar ko‘chadan bo‘lsa ham uni sotib olib topshirishi shart ekanligini ta’kidladi:

- Bizlarga har bir oyga 52 tonna metallolom topshirish normamiz bor. Bizning provodniklar metallolom yo‘qligi uchun 20-30tasi o‘zaro kelishib, pul yig‘ib “Vtorchermet”ga borishadi. O‘sha yerda g‘altakka temir yig‘ib o‘tiradigan chelnoklar bor. O‘shalardan neofitsialniy sotib olib, «Vtorchermet»ga topshiradida, kvitansiyasini bizga olib kelishadi. Bu bo‘yicha transport prokuraturasi ish ham qo‘zg‘agan. U paytda men bu yerda ishlamas edim. Hozir shu kungacha topilmagan metalning aksariyat qismi sotib olib kelinyaptida. Lekin biz bajarishga majburmiz, bu bizga topshrilgan reja, - dedi “O‘ztemiryo‘lovchitashish” ochiq aksiyadorlik jamiyatining yo‘lovchilar tashish filiali boshlig‘i Suhrob Davletov.

Mulozim vagon kuzatuvchilarining ta’magirlik qurboni bo‘layotgani haqida unda ma’lumot yo‘qligini, agar shunday holatlar bo‘lsa kuzatuvchilar temiryo‘l transporti prokuraturasiga murojaat qilishlari lozimligini aytdi.

XS
SM
MD
LG