Линклар

O‘zbekistonlik sotuvchi va xaridorlarga ko‘ra, may oyi boshidan buyon mamlakatda mol va qo‘y go‘shti 10, 15, ba’zi joylarda hatto 20 foizgacha qimmatlab ketdi. Xususan, Toshkentda bundan 1 hafta-10 kun oldin 1 kilosi 28 ming so‘mdan sotilgan qo‘y go‘shti 11 may kuni 32-34 ming so‘mdan sotildi.

Qassoblar qo‘y go‘shti narxidagi dinamikani qo‘zilatish mavsumi davom etayotgani bilan, narxlarni kuzatuvchi idora mutaxassisi esa, qishdan chiqish uchun g‘amlangan yem-xashakning tugashi bilan izohladi

Qashqadaryoda 20 ming edi 26 mingga chiqdi

Go‘sht qimmatlab ketgani to‘risidagi dastlabki signal Qashqadaryodan keldi.

“2 oy avval 19-20 ming so‘mdan sotilgan go‘shtni shu kunda 26 mingdan sotishmoqda”, deb xabar qildi Ozodlik tinglovchisi 10 may kuni. Lekin xabarda konkret shahar yoki tuman nomi keltirilmagan.

Eski Jo‘vada qo‘sh go‘shti 5-6 mingga qimmatladi

Ozodlik toshkentlik Toshbek degan yigit bilan 11 may kuni, u Eski Jo‘va bozorida turgan paytda gaplashdi.

Toshbekning aytishicha, mol go‘shtining narxida o‘zgarish katta emas: 1 kilo suyakli go‘sht 28-29 ming so‘m, suyaksizi 35-36 ming so‘m.

“Bir hafta-o‘n kun avval laxm go‘shtni 33 ming so‘mga olsa bo‘lar edi”, dedi Toshbek.

Ayni paytda qo‘y go‘shti keskin qimmatlab ketganini aytdi tinglovchimiz. "10 kuncha oldin 1 kilo qo‘y go‘shtini 28 ming so‘mga olgan edim. Mana hozir bundayrog‘ini 32 ming, yaxshisini 34 ming so‘m deyishayapti", dedi Toshbek.

G‘allaorolda 2-3 mingga qimmatladi

Jizzaxning G‘allaorolida yashaydigan yoshi 78 ga chiqqan ijtimoiy faol oqsoqol Nabijon Jo‘raboevdan u yashaydigan tumanda ham go‘sht keskin qimmatlaganini so‘rab bildik.

“10 kun oldin mol go‘shti 22-23 ming so‘m edi. Qo‘y go‘shti 25 ming so‘m edi. Shu bugun esa, mol go‘shti 27-28 mingdan, qo‘y go‘shti 30 ming so‘mdan sotilayapti”, dedi Nabijon Jo‘raboev.

Tinib-tinchimas oqsoqol o‘tgan haftada Toshkentga, Davlat soliq qo‘mitasiga arz qilib borgani, qo‘mita raisi Botir Parpievning qabulida bo‘lgani, boshqa masalalar qatori go‘sht qimmatlab ketganidan shikoyat qilganini ham aytib berdi.

"Raqobat qo‘mitasi go‘sht narxini nazorat qilmaydi"

Qimmatchilik sababini so‘rash uchun Davlat raqobat qo‘mitasi Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi bilan bog‘landik. Boshqarmaning ismi aytilmasligi sharti bilan Ozodlik savollariga javob bergan mulozimining aytishicha, u ishlaydigan boshqarma go‘sht narxiga aralasha olmaydi.

“Go‘sht“narxi erkin shartnomaviy” bo‘lgan mahsulotlarga kiradi. Bizning boshqarma davlat tomonidan belgilanadigan narxlarni nazorat qiladi. Masalan, aholiga tarqatiladigan un, moy, shakarning narxini, bundan tashqari monopolist korxonalar mahsulotlari – gaz, elektr quvvati, fermerlarga tarqatiladigan chigit narxini, har-xil xizmatlar narxlarini nazorat qilamiz. Go‘sht biz narxini nazorat qiladigan mahsulotlar orasida yo‘q”, dedi mulozim.

Narx oshmadi deydimi?

Demak, Raqobat qo‘mitasi go‘sht narxini nazorat qilmaydi, ya’ni narxlarga ta’sir qila olmaydi. Lekin mulozimning aytishicha, bozorda sotilayotgan mahsulotlar, shu jumladan go‘sht narxini kuzatib, qayd etib boradi, narxlar har 10 kunda qayd etiladi.

“Jizzax bozorlarida bundan 10 kun oldin mol go‘shti 23-25 ming, qo‘y go‘shti 24-26 ming, tovuq go‘shti 12-14 ming so‘mdan sotilganini" maxsus qaydnomadan o‘qib bergan mulozim 10 may kungi narxlar bilan tanishtirishni boshladi va 10 kun oldingi narxlarni aynan takrorladi.

Demak, o‘zgarish yo‘q ekanda? Ozodlikning bu savoliga mulozim “Yo‘q, orada narx bir sakradi, lekin yana tushdi”, deb javob berdi.

Tekshirib ko‘rdik

Davlat raqobat qo‘mitasi Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi mulozimi bilan suhbatdan so‘ng jizzaxlik bir qassob bilan bog‘landik.

Uning aytishicha, mol go‘shti ham, qo‘y go‘shti ham 27 ming so‘mdan sotilayapti. (Mulozim aytganiday mol go‘shti 23-25 ming, qo‘y go‘shti 24-26 ming emas). Bir hafta oldin mol go‘shti 25 ming, qo‘y go‘shti 26 mingdan sotilgan.

Qassobning aytishicha, birinchidan, qish ichi bo‘rdoqiga boqilgan mollar so‘yilib bo‘ldi, ikkinchidan, yem qimmatlab, chorva yaylovga chiqib ketdi.

XS
SM
MD
LG