Линклар

Peterburgdagi teraktda gumonlanayotgan uch o‘zbekka ayblov e’lon qilindi, yana biri qidiruvda


Farrux Tojiboev federal qidiruvga berildi

Sankt-Peterburg metrosidagi portlashga aloqadorlikda gumonlanib hibsga olinganlardan uch nafariga rasman terrorchilik amali va portlovchi moddani noqonuniy tashish ayblovlari qo‘yildi.

Bu haqda Rossiya Tergov qo‘mitasi press-relizida bildirildi.

Qo‘mita xabarida ta’kidlanishicha, Peterburgdagi portlashlarga aloqadorlikda gumonlanib ja’mi 10 kishi hibsga olingan va qolganlarga ham yaqin kelajakda rasmiy ayblovlar qo‘yiladi.

FSB esa yana bir qirg‘izistonlik yigitni portlashga aloqadorlikda gumonlab, federal qidiruvga berdi.

Peterburgda 3 aprel kuni yuz bergan portlashda 16 kishi, jumladan xudkush hujumchi ekani aytilgan Akbarjon Jalilov halok bo‘lgandi.​

Bu haqda xabar qilayotgan Rossiya Tergov Qo‘mitasi matbuot-xabariga ko‘ra, jinoiy ish yuzasidan jami 10 kishi tekshiruvdan o‘tkazilmoqda.

- Ulardan uchtasi – Bahrom Ergashev, Ibrohimjon Ermatov va Muhammadyusuf Mirzaalimovlarga Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 205 moddasi 3 qismi “b” bandi va 222.1 moddasi 2 qismi asosida ayblov e’lon qilindi. Qolgan gumonlanuvchilarga ham yaqin orada ayblov e’lon qilinadi, deya tasdiqladi Ozodlikka Rossiya Tergov Qo‘mitasi rasmiy vakilasi Svetlana Petrenko.

Ozodlik o‘z manbalaridan aniqladiki, shu yilning 6 aprelida Peterburgda qo‘lga olingan Bahrom Ergashev, Ibrohimjon Ermatov va Muhammadyusuf Mirzaalimov Qirg‘iziston va Rossiya vatandoshligiga ega, kelib chiqishi O‘sh shahridandir.

7 aprel kuni Peterburgda bo‘lib o‘tgan dastlabki sud jarayonida gumonlangan shaxslarning birortasi ham o‘z aybiga iqror bo‘lmagan va politsiya musodara qilgan portlovchi moslamalar ularga tegishli emasligini bildirgandi.

Peterburgda ushlangan muhojirdan 10 nafari terrorizmda ayblanishi mumkin
Peterburgda ushlangan muhojirdan 10 nafari terrorizmda ayblanishi mumkin

“Kommersant’” gazetasiga bergan intervyusida Muhammadyusuf Mirzaalimovning advokati Dmitriy Kutaliya uning himoyasida bo‘lgan shaxs hozir ham o‘z aybini mutlaqo inkor etayotganini ma’lum qildi.

- Shunchaki, Muhammadyusuf kerak bo‘lmagan joyda o‘ng‘aysiz vaqtda bo‘lib qolgan, dedi himoyachi.

Muhammadyusuf Mirzaalimovning o‘zi sud paytida hibsga olingan kvartirada portlashdan atigi 5 kun oldin ijaraga tura boshlaganini aytgandi.

Maxsus xizmatlar har bir ushlangan muhojirning tanish-bilishi va aloqalarini ko‘zdan kechirayotgani xabar qilindi.

Ayni ayblov 11 may kuni tergovchilar tomonidan A’zamjon Mahmudov, Sayfulla Hakimov, Dilmurod Muydinovlarga qo‘yilishi kutilayotgani aniqlandi.

Tergovchilar Peterburgdagi terrorchilik hujumi yuzasidan tergov ishlarini davom ettirayotganini bildirmoqda.

Portlashda jabrlanganlar ham so‘roq qilinib, ularga keltirilgan zararning og‘irligini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangani ma’lum bo‘ldi.

Ayni paytda, Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) Peterburg portlashlariga aloqadorlikda gumonlanuvchi yana bir shaxsni qidiruvga bergani xabari chiqdi. Federal qidiruvga berilgan Farrux Tojiboev metroda xudkushlik sodir etgan 22 yashar qirg‘izistonlik Akbarjon Jalilovning yaqin do‘sti ekani aytilmoqda.

Oshpaz Farrux Tojiboevni FSB qidiruvga berdi
Oshpaz Farrux Tojiboevni FSB qidiruvga berdi

Moskva shahridagi restoranlardan birida oshpazlik qilib kelgan 1993 yilda Qirg‘izistonda tug‘ilgan Farrux Tojiboev bundan oldinroq hibsga olingan aka-uka Azimovlar bilan birga, FSBchilarga ko‘ra, go‘yo “Jalilovning hatti-harakatlarini boshqarib kelgan va bog‘lovchi vazifasini bajarib turgan”.

MASHning “VKontakte” sahifasidagi xabariga binoan, Farrux terakt sodir etilishidan biroz oldin Sankt-Peterburgga ko‘chib o‘tgan.

Error rendering VK.

(Mash-ning "VKontakte"dagi sahifasidan)

Metroga qilingan hujum ortidan Tojiboev qaerga yo‘qolib qolgani borasida maxsus kuchlar ma’lumotga ega emasligi va u terrorchilik asosida qidiruvga berilgani aytilgan.

Eslatib o‘tamiz, portlash 2017 yilning 3 aprelida Peterburgning “Sennaya ploshchad” – “Texnologicheskiy institut” metro bekatlari oralig‘ida sodir bo‘lgan. 16 nafar yo‘lovchi (21 aprel kuni shahar shifoxonalaridan birida 56 yashar Natalya Mitrofanova joni uzildi), jumladan portlashda ayblanayotgan Akbarjon Jalilov halok bo‘ldi, yuzdan ziyodi tibbiy yordamga murojaat qildi.

Portlash ortidan Rossiyaning turli mintaqalarida 40 yaqin odam terrorchilik, noqonuniy qurol saqlash va IShIDga aloqadorlikda gumonlanib hibsga olingani to‘g‘risida Ozodlik xabar bergan edi.

Rossiya matbuoti Sankt-Peterburg metrosidagi portlash ijrochilarini IShIDga aloqador deb e’lon qilganiga qaramay¸ bu terakt uchun mas’uliyatni Al-Qoida terror guruhiga aloqador "Imom Shomil batalyoni" o‘z zimmasiga oldi.

XS
SM
MD
LG