Линклар

BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn O‘zbekistonda demokratik islohotlarni amalga oshirishda o‘z ko‘magini taklif qildi, deyiladi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirlini tarqatgan bayonotda. Zayd Raad al-Husaynning bu taklifi uning O‘zbekistonga 3 kunlik safari doirasida prezident Shavkat Mirziyoev va boshqa davlat rasmiylari bilan uchrashuvlari chog‘ida yangragan.

Bu BMT ayni lavozimdagi rasmiysining mamlakat tarixidagi ilk safaridir.

Bunga qadar 2007 yilda o‘sha kezdagi oliy komissar Luiz Arburning O‘zbekistonga borish so‘rovini rasmiy Toshkent rad etgan edi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan bayonotda ta’kidlanishicha , uchrashuvlarda BMT Oliy komissari avvalgi prezident Islom Karimov vafotidan so‘ng prezidentlikka saylangan Shavkat Mirziyoev boshlagan islohotlar va ochiq muloqotdan mamnunligini bildirgan.

Rasmiy bayonotda O‘zbekiston prezidentining bu uchrashuvda inson huquqlari himoyasini ta’minlash u rejalagan islohotlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidlagani ham aytildi.

Human Rights Watch tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo mamlatkalari bo‘yicha direktori Xyu Villiamson o‘z Twitter sahifasida bu hodisani Karimov davridagi tarix sahifalarini yopish uchun Mirziyoevga berilgan bir imkoniyat, deb baholadi.

Bu BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining mustaqil O‘zbekiston tarixida mamlakatga qilgan ilk safaridir.

So‘nggi bor 2007 yilda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha o‘sha kezdagi Oliy komissari Luiz Arburning O‘zbekistonga borish to‘g‘risidagi murojaati rasmiy Toshkent tomonidan rad etilgan.

Luiz Arbur O‘zbekiston hukumati bu safar rejalangan paytda uni qabul qilishga imkoniyati yo‘qligini bildirib, murojaatini rad etganini aytgan.

O‘sha kezda BMTning Qochqinlar bo‘yicha komissarligi Qirg‘izistondagi 500 dan ziyod o‘zbekistonlikni Ruminiyaga olib o‘tdi va tashkilotning Inson huquqlari bo‘yicha komissarligi Andijon voqealari bo‘yicha mustaqil tekshirish o‘tkazilishini talab qildi.

Bu voqealardan so‘ng marhum prezident Islom Karimov boshchiligidagi O‘zbekiston rahbariyati mamlakatdagi ko‘plab xalqaro tashkilotlar, xususan, BMTning qator agentliklari vakolatxonalarini ham chiqarib yubordi.

Sobiq sovet zamonidan keyin mamlakatni boshqargan marhum prezident Islom Karimov davrida O‘zbekiston hurfikrlik bo‘g‘ilgan va inson huquqlari ahvoli juda abgor holga kelgani uchun yillar davomida xalqaro jamoatchilik tomonidan tanqid qilib kelindi.

Endilikda bu siyosatdan voz kechish istagini namoyish qilayotgan yangi prezident Mirziyoev qadamlarini olqishlagan inson huquqlari faollari yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolarni hal qilish, xususan, bu jarayonni siyosiy mahbuslarni ozod etishdan boshlashgan chorlamoqda.

Xususan, Oliy komissar Zayd Raad al-Husayn O‘zbekistonga tarixiy safarining ilk kunida Toshkentda fuqarolik jamiyati faollari bilan uchrashdi va bu uchrashuvda Toshkent rasmiylari ham ishtirok etdi.

Oliy komissar bilan uchrashuvda ishtirok etgan "Ezgulik" jamiyati faoli Abdurahmon Tashanovning aytishicha, faollar ilk uchrashuvdayoq Oliy komissardan xorijga quvg‘in qilingan fuqarolik jamiyati hamda muxolifat faollarining O‘zbekistonga qaytishi, 2005 yilda bo‘lgan Andijon voqealari bo‘yicha mustaqil tekshiruv o‘tkazilishini ta’minlashda huquqiy yordam so‘ragan.

BMT Oliy komissarining O‘zbekistonga safari 12 may kuni ham davom etadi. Bu kunda uning Samarqandga borishi va o‘zbekistonlik jurnalistlar bilan press-brifing o‘tkazishi rejalashtirilgan.

XS
SM
MD
LG