Линклар

Шошилинч хабар
15 ноябр 2019, Тошкент вақти: 12:54

Soxta tabiblar ijtimoiy tarmoqlar to‘rida kasal ilintirmoqda


Farg‘ona viloyat, Marg‘ilon shahrida noqonuniy tabiblik bilan shug‘ullangan Erali Sheraliev “muolajasi” sababli bir bemor o‘lgani ortidan “tabib” jinoiy javobgarlikka tortildi.

"Huquq" gazetasida chop qilingan maqolada qayd etilishicha, xonaki tabib teri kasalligidan shikoyat qilib kelgan yigitga noto‘g‘ri tashxis qo‘yadi va uning badaniga qo‘lbola usulda cho‘chqa yog‘iga mo‘miyo qorishtirib tayyorlangan “malham”ni surtadi. So‘ng bemor yigit kun issig‘ida tsellofan kleyonkaga o‘ralgan holatda yotqizib qo‘yiladi. Bu usuldagi “davolash” kursi 5 kun davom etadi. Oqibatda bemor yigit bir necha kundan keyin vafot etadi.

Sud tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, soxta tabiblar qo‘llagan “davolash” usuli bemorning markaziy nerv tizimi, qon aylanishi, nafas va modda almashinuvini izdan chiqargan, bosh miya shishishiga olib kelgan.

Joriy yilning mart oyida Buxoroda traktorchidan chiqqan “karomatgo‘y” tabib qo‘lga olinib ishi sudga oshirilgan edi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining Ozodlik suhbatlashgan mulozimi maxsus izn olmasdan va tibbiy ma’lumoti yo‘q shaxslarning “muolaja nomi ostida firibgarlik qilishiga qarshi jiddiy choralar ko‘rilayotganligini” aytdi.

Mulozimga ko‘ra¸ maxsus litsenziyasi bo‘lmagan shaxslarning matbuotda o‘z faoliyatini reklama qilishi cheklangan.

- Gazetaga tibbiy muolaja bo‘yicha e’lon bermoqchi bo‘lsa litsenziya so‘raladi. Bu sohada hamma narsani pul hal qiladi, degan aksioma ishlamaydi¸ dedi mulozim.

Unga ko‘ra¸ odamlar salomatligini xavf ostiga qo‘yuvchi soxta tabiblar faoliyatiga qarshi kuchli nazorat mavjud.

Ayni paytda tibbiy ma’lumotga ega bo‘lmagan “tabiblar” o‘z targ‘ibotini ijtimoiy tarmoqning o‘zbek segmentida faollashtirgani kuzatiladi.

Facebook¸ Odnaklassniki¸ V kontakte kabi tarmoqlarda yuzdan ortiq “tabiblar” sahifasi mavjudligini ko‘ramiz.

Bu tabiblar saraton¸ qandli diabet¸ virusli gepatit va aëllar bepushtligi bilan bog‘liq kasalliklarni “tez va samarali davolashni” internetdagi o‘z sahifalarida va’da qiladi.

E’lonlarda kasallik nomlari grammatik xatolar bilan ëzilgani va bu kasalliklarnimg professional tibbiyotdagi nomi qolib, avom orasidagi nomi yozilgani e’tiborni tortadi.

Shunday e’lonlardan birida “Saxir”kasalini (Qandli diabet nazarda tutilgan) davolaymiz", deyiladi.

Facebook sahifsidagi “tibbiyot” sahifalarida bepusht ayollarga dam solib beradigan imom¸ bezgakni davolaydigan azayimxon¸ ayollar jinsiy a’zosidan oqadigan qonni duo bilan to‘xtatadigan parixonlarning reklamalari bor.

Jin chiqaruvchi “tabib” bilan suhbat

Ozodlik muxbiri Facebook sahifasida “Jin chiqarish terapiyasi bilan shug‘ullanadigan “tabib” bilan suhbatlashdi. Suhbat asnosida tabibning tibbiy ma’lumoti yo‘qligi aniqlandi.

O‘zini “Farg‘ona vodiysidagi eng dami o‘tkir tabib", deb atagan suhbatdosh ayollar kasalliklarini bir qo‘chqorning puliga davolashini aytdi:

- Barcha kasalliklarga vujudga kirib olgan jinlar sabab bo‘ladi. Bu jinlarni quvalab chiqarish bilan men shug‘ullanaman. Agar bemor tanasidagi jin tez chiqib ketsa, bitta qo‘chqorni olib duo qilib ketaveramiz. Ammo bemor ahvoli og‘ir bo‘lib jinlarni haydab chiqarish qiyinlashsa¸ mehnatimizga haq to‘lash ham shunga yarasha bo‘ladi¸ dedi “tabib”

Suhbat davomida u o‘nlab kasallar duo o‘qilgan suv bilan g‘usl qilganidan keyin birpasda tuzalib ketganini iddao qildi.

Men sizdan shifo topdim..

Ozodlik suhbatlashgan Buxoro¸ Xorazm va Toshkent shahridagi bemorlar bir vaqtning o‘zida doktorga ham tabibga ham borganini aytishdi.

Toshkentlik uy bekasi Sabohat Ahmedova o‘z kasaliga doktordan davo topganini aytadi:

- Farzand ko‘rmay yurdim. Qaynonam "eskicha ham qilib ko‘ring", dedi. Odnoklasnikida bir e’lon qo‘rdim. Nafasi kuchli deb yozishdi. O‘sha domlani telefonini olib qatnab ancha pul sarf qildim. Olti oycha qatnadim kor qilmadi. Domla bo‘lsa astoydil ixlos qilmagansan deb meni koyidi. Doktorga borsam oddiy shamollash ekan. Dori-darmon bilan tuzalib mana qo‘sha o‘g‘ilning onasiman, deydi Ahmedova.

Toshkent klinikalaridan birida ishlovchi 54 yashar vrach Qaxramon Qurboniyozov internet nashrlaridagi yuz foiz davolayman degan e’lonlardan uzoqda bo‘lishga chaqiradi:

- Siz aytgan e’lonlarni men ham ko‘rdim. Bu qo‘shtirnoq ichidagi tabiblar hattoki meditsina davolash ojiz bo‘lgan kasalliklarni "davolaymiz" deyishadi. Ko‘p hollarda yordam beramiz deb, zarar keltirib qo‘yishadi. Marg‘ilonlik soxta tabib Erali Sheraliev ximiya fanini bilmasdan malham yasagani uchun bir odamni zaharlab qo‘ydi. Bemor o‘ldi. Xolbuki bu odamning terisiga yara toshgan ekan. Oddiy dermatolog vrach davolaydigan kasallik edi. Bunday misollar ko‘p¸ deydi vrach.

Toshkentlik faol Farida Sharif O‘zbekistonda zamonaviy medidtsina tanazzulga uchragan paytda “sharlatan tabiblar” ko‘payganiga e’tibor qaratadi:

- Bu tabiblar o‘zlarini rosa reklama qilishadi. Ularni “maslahatlaridan iborat” juda ko‘p saytlar bor. Tabiblar vrachlardan farqli ravishda o‘ta oddiy va oson uslubni aytib yuz foiz sog‘ayib ketishingizga kafolat beradi. Vrachlar bo‘lsa muolajaning og‘ir va uzoq davom etishini aytishadi. Mutaxassislarda doimo ham effektiv samara bo‘lmaydi. Shu bois odamlar kasalni “tez tuzatadigan” tabibga yuguradi. Internet orqali o‘zini o‘qitaëtganlar ham bor. Bu asnoda kasal kuchayib ketadi. Vrach kelganida esa vaqt boy berilgan bo‘ladi.

Farida Sharif ijtimoiiy tarmoqda sahifa ochib “bepusht ayollarni dam solib davolayman” degan tabiblar ijodidan dahshatga tushganini aytadi:

- Koshmar. Bular moshenniklar. Bilasizmi odamlar ishonadi. Keyin jarayon o‘lim bilan tugaydi. Qancha misollar bor. Ayniqsa, ayollar orasida. Qo‘shnim ko‘krak saratoniga chalindi. O‘shanaqa tabiblardan biri 100% davolayman deb pulini shildi. Ahvoli yomonlashganida vrachga oborishdi. Endi kech bo‘lgan edi. Ayol olamdan o‘tdi¸ deydi Farida Sharif.

Toshkentlik vrach Qaxramon Qurboniyozovga ko‘ra¸ internetdagi soxta tabiblar o‘zlariga “falon xalq tibbiyoti akademiyasimiz” deb rutba yasab olishadi:

- O‘sha tabobat akademiyasiga telefon qilsam¸ aka uzr biz akademiya emas uyushmamiz. 40 tacha tabib qayddan o‘tgan uyushma dedi. Keyin gap orasida "SNB kuratori akaxonligida" ishlayotganini pisanda qildi. Ular tabiblardan a’zolik badali olib qayddan o‘tkazib guvohnoma beradi. O‘zi qadoqlatgan giyohlarni sottiradi.Bu huddi kitobsevarlar yoki marka yig‘adiganlar jamiyatidek bir gap, deydi vrach.

Unga ko‘ra¸ Toshkentdagi tabiblar orasida oddiy yo‘ng‘ichqa gerbariysini foydali giyoh¸ vodoprovod suvini esa Makkadan keltirilgan shifobaxsh “zam-zam” suvi deya sotish keng tarqalgan.

XS
SM
MD
LG