Линклар

O‘zbekiston kollejlarida o‘quv yili tugashiga oz qolgan bir paytda poraxo‘rlik avj olgani haqida Ozodlikka shikoyatlar kelmoqda. Samarqand Tibbiyot kolleji o‘quvchilaridan biri kasallik tufayli qoldirilgan har bir dars uchun o‘qituvchilar ochiqchasiga 5000 so‘mdan, zachetkaga qo‘yiladigan bir yakuniy baho uchun esa 20 mingdan 50 minggacha narx belgilanganini iddao qildi.

Ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan Samarqand Tibbiyot kolleji o‘quvchisi bu yilgi sessiya uning uchun qimmatga tushayotganini aytdi:

- Zachetkaga qo‘yiladigan har bir baho uchun 20 mingdan 50 ming so‘mgacha narx belgilangan. Kelmagan darslar, ya’ni har bir NBni yo‘q qilish uchun esa 5 ming so‘raydi. Men bir hafta kasal bo‘ldim. Do‘xtirdan spravka olib keldim. Lekin otrabotka uchun dekan va o‘qituvchilarga 50-100 ming so‘mgacha pul so‘rashdi. Hullas hisoblab chiqsam o‘quv yilini yopish men uchun yarim millionga tushyapti, - deydi Samarqand Tibbiyot kolleji o‘quvchisi.

O‘zbekiston kollejlarida joriy etilgan tartib-intizom qoidalariga ko‘ra, o‘quvchi 70 soatdan ortiq dars qoldirsa kollejdan haydaladi.

- Bir kunda sakkiz soat o‘qiymiz. Demak 9-10 kun o‘qishga bormasa o‘quvchi haydaladi. Shuning uchun ota-onalari chet eldan pul jo‘natib turadigan o‘quvchilar darsga kelmaydi, qoldirgan darslarini pul bilan to‘ldiradi. Shuni dastidan menga o‘xshab sababli dars qoldirganlardan ham pul ta’ma qilishadi, - deydi ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan samarqandlik o‘quvchi.

Nafaqat Samarqanddagi, balki boshqa viloyatlardagi o‘rta maxsus o‘quv yurtlari o‘quvchilari ham sabablimi¸ sababsizmi dars qoldirish uchun belgilangan narx stavkalari borligi haqida Ozodlikka xabar yo‘llashgan.

Ozodlik mazkur iddaolar yuzasidan izoh olish uchun Samarqand Tibbiyot kollejiga bog‘landi.

Telefon go‘shagini ko‘targan kollej rahbarlaridan biri bu iddaolarni “100 foiz uydirma” deb atadi.

- Biz poraxo‘rlikni tag-tomiri bilan yo‘q qilganmiz. Biz o‘quvchilardan pul olmaslik haqida har bir domladan tilxatlar ham olganmiz. Yig‘ilishlar qilganmiz. Hamma ishni qilganmiz. O‘quvchilarni o‘zlari bizni oldimizga kelsin falonchi pul ta’ma qilyapti deb, shu yerni o‘zida chorani ko‘ramiz, - dedi Samarqand Tibbiyot kolleji rahbar xodimlaridan biri.

Ayrim kollejlarda “poraxo‘rlikni jilovlash” maqsadida talabalar orasida so‘rov o‘tkazilgan.

Shunday so‘rov o‘tgan yil Buxorodagi Qurilish kollejida ham o‘tkazilgandi.

Ozodlik suhbatlashgan shu kollej o‘quvchilaridan biri poraxo‘rlikka qarshi ko‘rilayotgan choralarga qaramay, vaziyat o‘zgarmay qolayotganini aytadi.

“Men o‘qiydigan kollejda ham domlalarning poraxo‘rligi to‘g‘risida so‘rov o‘tkazilgan¸ lekin bu bilan hech qanday o‘zgarish bo‘lmagan. Hozir ham pul yig‘im-terimi avjida. Qaysi fandan qanday baho olish narxini starosta aytadi. Shu pul domlaga berilmasa baho qo‘yilmay qoladi. Bu esa o‘qishdan haydalish bilan baravar”, - deydi Buxoro qurilish kolleji talabasi.

Kollejlarda katta-kichik lavozimlarda ishlayotgan amaldorlarning pora bilan hibsga olinishi keyingi paytlarda O‘zbekistonda tez-tez kuzatilmoqda.

Keyingi paytda O‘zbekiston rasmiy matbuoti, ayniqsa, "Huquq" gazetasi pora bilan qo‘lga olingan kollej xodimlari haqida tez-tez xabar qilmoqda.

Rasmiy xabarlar mazmunidan, ushlanayotgan poraxo‘rlarning aksariyati ta’lim sohasidagi kichik darajadagi mulozimlardir.

3 mart kuni Ozodlik Buxoro viloyati Qorako‘l tumani tibbiyot kolleji direktori lavozimida ishlagan ayol imtihon mavsumida jami 32 ming AQSh dollari miqdorida pora olganlikda gumonlanib qo‘lga olingani haqda xabar bergan edi.

Biroz muqaddam UZINFORM agentligi Namanganda bolalarni pora evaziga tibbiyot kollejiga kiritib qo‘yishni va’da qilgan Erkin Jalolov ismli shaxs ushlanib, sudga tortilganini xabar qilgan edi.

Bu mustaqil guruh ta’kidicha¸ O‘zbekistonda korruptsiya eng keng tarqalgan sohalardan biri aynan oliy ta’lim tizimidir.

Dunyo mamlakatlaridagi korrupsiya ko‘lamini muttasil tadqiq qilib kelayotgan markazi Berlinda joylashgan Trasparency International O‘zbekistonni yillardan beri korrupsiya chuqur ildiz otgan davlat sifatida ta’riflab keladi.

XS
SM
MD
LG