Линклар

16 декабр 2017, Тошкент вақти: 21:43

“Xonemlar va djanoblar” – “O‘zbekiston havo yo‘llari” styuardessalar tanlovini rus tilida o‘tkazdi


3-5 may kunlari “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi bortkuzatuvchi lavozimiga qizlar tanlovi o‘tkazdi. Bir o‘ringa qariyb 10 nafar qiz da’vogarlik qilgan bu tanlovning davlat tili qolib¸ asosan rus tilida o‘tkazilgani¸ unda qatnashgan ayrimlarning jiddiy e’tiroziga sabab bo‘ldi.

Uch bosqichli "go‘zallik konkursi"

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining 3-5 may kunlari o‘tkazilgan tanlovni tashkillashtirishda bevosita qatnashgan rasmiysiga ko‘ra¸ tanlov uch bosqichda o‘tkazilgan:

- Birinchi bosqich¸ faqat rus tilida bo‘ldi. Undan o‘tganlar ikkinchi bosqichga kiritildi¸ uchinchi bosqich esa¸ asosan¸ ingliz tilida bo‘ldi¸ dedi tanlovni uyushtirishda bevosita qatnashgan shirkat rasmiysi.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” o‘tkazgan tanlovning 1- bosqichida qatnashgan da’vogarlardan birining onasi Ozodlikka davlatga qarashli aviakompaniyaning o‘z tanlovida davlat tilini ochiqcha mensimagani o‘zini hayratga solganini aytadi.

Kandidatlar davlat tilini bilishi¸ rus tili va ingliz tilini bilishi kerak ekan. Qizlarni gruppa-gruppaga bo‘lib olib kirib ketishdi. Ichkariga kirib ketgan qizlar birin-ketin chiqib kelishdi. Ayrimlari yig‘lab chiqdi. Surishtirsam¸ suhbat faqat rus tilida o‘tibdi. Berilgan savollar “Koreya prezidenti xotinining ismiyu Frantsiyada qanaka orollar bor”¸ deganga o‘xshagan bo‘lipti. Qizimiz ularning suhbatidan o‘tolmapti. Aslida o‘z tiliga qo‘shimcha rus va ingliz tilini juda a’lo bilsa ham.

Biz bilan o‘tirgan bir advokat ayolning qizi ham o‘tolmadi. "Nimaga o‘zbek aviakompaniyasida o‘zbek qizlar yiqilib¸ asosan¸ boshqa millat vakillari olindi"¸ deb shu yerda ishlaydigan mansabdordan so‘radi. Bu mansabdor ruschalab "Chiqib ket kabinetimdan, o‘zbeklarni ko‘rishga ko‘zim yo‘q , o‘zbeklar bunaqa ishni eplolmaydi"¸ deb haydab soldi. Kastingdan o‘tib styuardessalikka olinganlarning ro‘yxatini ko‘rdim. Boshida 400 ga yaqin kandidat ichida asosan o‘zbek qizlar bo‘lgan bo‘lsa¸ oxirida o‘zbeklar kamchilik. Bizni hayratlantirgani “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasida o‘zbeklarga 2- sort odamlarga qarayotgandek qaralayotganligi¸ kastingning rus tilida o‘tayotgani, hatto e'lonlarning ham faqat rus tilida yozib qo‘yilganidir”¸ dedi “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi o‘tkazgan so‘nggi tanlovda qatnashgan da’vogarlardan birining onasi.

(Ozodlikka bu hikoyada tilga olingan "O‘zbekiston havo yo‘llari" mansabdorining shaxsi hozircha ma’lum emas.)

“Bu xalqaro aviashirkat. O‘zbek tili nimaga kerak?”

Bir necha yildan beri shirkatning xalqaro yo‘nalishlarida ishlaëtgan bortkuzatuvchilardan birining Ozodlik bilan suhbatda nafaqat ishga kirish uchun o‘tkaziladigan tanlov¸ balki O‘zbekiston milliy aviakompaniyasida ishlash jarayonida talab etiladigan asosiy tilning ham rus tili ekanini ta’kidladi.

Bu axir xalqaro shirkat. O‘zbek tilini bilish kerakdir¸ ammo uncha muhim emas. Shaxsan men tanlovdan o‘tganda uchala bosqich suhbat ham faqat rus tilida bo‘lgan. Men tanlovgacha o‘zbek tilidan dars oldim¸ suhbatda bir-ikkita o‘zbekcha savol berishdi. Men qiynalib¸ mahalladoshlarimdan eshitgan jargonda javob berdim. O‘zbek tili uncha muhim bo‘lmagani uchun¸ bu narsa mening ishga olinishimga xalal bermadi. “O‘zbekiston havo yo‘llari”ga ishga kirish uchun talab qilinadigan asosiy narsa – tashqi ko‘rinish¸ ya’ni qizlarning chiroyliligi. Ularning qaddi-qomati¸ o‘zini tutishi¸ vazni¸ soch turmagiyu¸ tirnog‘ining bo‘yalgan-bo‘yalmaganiga qarashadi”¸ deydi Ozodlikka “O‘zbekiston havo yo‘llari” bortkuzatuvchilaridan biri o‘z shaxsi ochiqlanmasligi sharti bilan.

“Davlat tili haqida”gi qonun milliy aviashirkatga daxldor emasmi?

1989 yilning 21 oktabrida qabul qilinib¸ 1995 yil dekabrida yangi tahrirdan o‘tgan “O‘zbekiston respublikasining Davlat tili haqida”gi qonunning 1-moddasiga muvofiq o‘zbek tili mamlakatdagi yagona davlat tili hisoblanadi¸ qonunning 10-moddasiga muvofiq “korxonalar¸ muassasalar¸ tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuritish” davlat tilida olib boriladi.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” davlatga qarashli milliy aviakompaniya hisoblansa-da¸ Ozodlik suhbatlashgan shirkatning uch xodimi¸ bu kompaniyada o‘zbek tilini bilish eng tepadan pastga qadar¸ muhim emasligini ta’kidladi.

“Shirkat prezidentidan boshlang – davlat tilini biladimi? Ichki yo‘nalishda uchuvchi qizlar o‘zbekcha bilishi kerakdir¸ lekin xalqaro liniyalarga shart emas. Hozir¸ asosiy diqqat ingliz va rus tillariga qaratilgan. Tashqi parametrlari to‘g‘ri kelsa¸ rus va ingliz tillarini yaxshi bilsa¸ bo‘ldi”¸ dedi aviakompaniya styuardessalaridan biri.

Aytilishicha¸ “O‘zbekiston havo yo‘llari” shirkatida 890 nafar bortkuzatuvchi xizmat qiladi. Ular orasida homiladorlik ta’tili¸ turli o‘quv mashg‘ulotlari¸ kasallik va dam olishga ketuvchilar bortkuzatuvchilar jami sonining yarmidan ko‘pini tashkil etadi va shu bois shirkat har yili bahor va kuzda bu ishga tanlov e’lon qiladi.

Ishga kirishning narxi qancha?

Ozodlikka murojaat qilgan tanlov qatnashchilari yaqinlari¸ "O‘zbekiston havo yo‘llari"ga ishga kirishning¸ O‘zbekistondagi qolgan barcha sohalar kabi¸ o‘z norasmiy narxi borligini iddao qildilar.

"Kasting nomiga o‘tkazilar ekan. Ishga kirishning narxi odamini topishingizga qarab¸ 5 mingdan 7 ming dollargacha¸ deyishdi"¸ deb iddao qildi mavzu yuzasidan Ozodlik suhbatlashganlardan biri.

Uzoq yillar milliy aviashirkatning boshqaruv tizimida ishlagan sobiq xodim Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda nafaqat ishga kirish¸ balki ichki yo‘nalishlardan xalqaro yo‘nalishga o‘tishning ham porasi borligini e’tirof etdi.

"Lekin 7000 dollar deb¸ biroz bo‘rttirishgan. 2-3 ming atrofida. Avvalgi tanlovlarni o‘tkazgan odam¸ pora ortidan ishdan ketdi. Hozirgilar ancha qo‘rqib qolgan. Lekin baribir¸ pul aralashmaydi¸ deyish qiyin. Ehtiyot bo‘lib¸ ishonganlaridan olishadi haliyam. Porasiz kiradigan dinastiyalar ham bor - kompaniyada ishlaydiganlarning bolalari¸ albatta¸ muammosiz ishga olinadi"¸ dedi "O‘zbekiston havo yo‘llari" shirkati sobiq xodimi.

“O‘zbekiston havo yo‘llari”da o‘zbek qizlari defitsit?

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy avikompaniyasi uchun o‘zbek tilining muhim emasligi¸ uning mijozlari ta’kidicha¸ reyslarda ko‘rsatiladigan xizmatda ham yaqqol o‘z aksini topib kelmoqda.

“Yaqinda bir joydan O‘zbekistonga uchib kelayotib, “O‘zbekiston havo yo‘llari”(!!!) samolyotiga chiqdim. Samolyot joyidan qo‘zg‘algan payt, styuardessa qiz “xonemlar va djanoblar, saamolyot qunishga tayor, qamarlarni myagqamlang”, dedi. Chidadim, o‘risda axir, uchish bilan qo‘nishning farqini qayoqdan bilsin.

Samolyotda uchgan inson borki, unda muhim bir masala alohida aytilib o‘tilishini biladi, ya’ni xavfsizlik choralari. Bizning qiz buni mana bunday yetkazdi, “xanimlar va djanoblar, samolyot parvozi paytda chikish va qamralarni bushatish mumkin emas, boshqa xavsilik choralari hakida o‘tirgichlarda joylashgan maxsus islatmalardan bilib olishingiz mumkin”.

Shundan so‘ng gapirish navbati ruscha va inglizchaga o‘tdi, bu safar samolyot styuardessalari kamar qanday mahkamlanishi, nima sababdan anavi kislorod beruvchi moslamalar tavsiya qilinishi, allaqanday sariq, kamzil ne sababdan kiyilishi va uning yon tomonidagi nimasigadir puflanishini ko‘rsatib turishdi.

Angladimki, bular xavfsizlik choralari va xudo ko‘rsatmasin nimadir sodir bo‘lsa qilish zarur bo‘lgan harakatlar, ammo ularning hammasi faqat rus va ingliz tilida, o‘zbekchada emas, sababi o‘zbeklarning xavfsizligi u qadar muhim emas.

Istagan mamlakat samolyotida styuardessa o‘z mamlakati tili va ingliz tilida gapiradi, bizda o‘zbek tili faqat xush kelibsiz va oq yo‘l deganda eslanadi, xolos. Qolgan payt faqat rus va ingliz tillaridan foydalaniladi. Bu ham aslida o‘zbek tiliga nisbatan genotsidni anglatadi”¸ deb yozdi Nidoi Muslim taxallusi bilan yozgan bloggerlardan biri.

XS
SM
MD
LG