Линклар

Шошилинч хабар
17 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:05

Sud vakili qotillikda ayblanayotgan o‘zbekning IShIDchi ekanligiga shubha qilmoqda (VIDEO)


Soxibjon Mamasoliev
Soxibjon Mamasoliev

Rossiyaning Kurgan viloyatidagi Yevropeyskiy posyolkasida uch kishini o‘ldirganlikda ayblanayotgan o‘zbekistonlik Sohibjon Mamasoliev ustidan sud mahkamasi boshlandi. Sudning birinchi kunida sudlanuvchi Rossiyada terroristik tashkilot sifatida taqiqlangan IShID guruhiga a’zo ekanligini bayon qilgani to‘g‘risida mahalliy axborot vositalari xabar berdi. Biroq sud rasmiysi mahalliy jurnalistlardan o‘zbek muhojirining bu so‘zlariga urg‘u berib o‘tirmaslikni​ so‘ragan.

Birinchi mahkama tafsilotlari

Rossiyaning Kurgan viloyat sudida uch kishini o‘ldirganlikda ayblanayotgan O‘zbekiston vatandoshi, namanganlik Sohibjon Mamasoliev ustidan mahkama boshlandi.

Mahalliy Ura.ru nashri Mamasoliev sud hakamiga Rossiyada taqiqlangan IShID guruhiga a’zo ekanini bildirgani to‘g‘risida “Kurgandagi amaldor oilasi qotili o‘zining IShIDga aloqadorligini bayon qildi” sarlavhasi ostida xabar tarqatdi.

Ozodlik tafsilotlarni bilish uchun sud yig‘ilishida ishtirok etgan Kurgan viloyat sudi vakilasi Yelena Shtenkega murojaat qildi.

Sud matbuot kotibining Ozodlikka aytishicha, Mamasoliev advokat xizmatidan voz kechish maqsadida IShIDga aloqadorligi to‘g‘risida gapirgan.

("Oblastь45" telekanali lavhasi)

“Sudya Mamasolievdan unga himoyachi kerakligi yoki kerak emasligi to‘g‘risida savol berdi”, deydi Yelena Shtenke:

- Bunga javoban u past ovozda IShIDchi ekani va unga advokat kerak emasligini bildirdi. Sud raisi undan yana bir bor savolini aniqlashtirganida, Mamasoliev “men IShIDchiman” deb bir necha bor takrorladi. U himoyachidan voz kechishi to‘g‘risida ariza yozdi. Uning bu harakatlarini tushunish qiyin. Mahkamada ishtirok etganlar ham bu gaplarni u nima uchun gapirganini anglashmadi. Aslida sud qotillik bo‘yicha ishni ko‘rib chiqayotgani, IShIDga aloqasi bor-yo‘qligi bu mahkamada ko‘rilmasligini ta’kidlashim lozim, dedi sud rasmiysi.

Sud hakami Sohibjonning bu talabini rad etgan va unga davlat tomonidan tarjimon va advokat berilishi zarurligini belgilagan.

"Jurnalistlardan uning gaplariga e’tibor qaratmaslikni so‘radim"

Yelena Shtenke sudning birinchi yig‘ilishi yakunlanishi ortidan Ura.ru jurnalistlari qo‘ng‘iroq qilib, Mamasolievning “Islomiy davlat” jangarilariga aloqasi borasida savol bera boshlaganini yodga oldi.

Shtenke xonim rus jurnalistidan o‘zbek muhojirining bu so‘zlariga urg‘u berib o‘tirmaslikni, chunki Mamasoliev bu gaplarni ruhan tushkunlik holatida gapirgani ko‘rinib turganini aytgan.

- Kecha Ura.rudan qo‘ng‘iroq qilishganida, men uning IShID haqidagi so‘zlariga e’tibor qaratmaslikni so‘ragan edim. Bu odam uzoq vaqt davomida – noyabrdan beri- tergov ostida, og‘ir ahvolda. U sudda yuzini yashirib o‘tirdi, o‘zini juda yomon his etayotgani sezilib turdi. Zalda o‘ldirilgan Evseevning onasi va o‘g‘li ham bor edi: Mamasoliev ulardan kechirim so‘rashga urinib ko‘rdi. IShIDga aloqadorligi borasida nima maqsadda gapirganini Xudoning o‘zi biladi, dedi Yelena Shtenke.

Suhbatdosh 1991 yilda tug‘ilgan Sohibjon Mamasoliev 11 sinfni tugatgani, O‘zbekistonda ish topa olmasdan 3-4 yil muqaddam Rossiyaga ishlagani kelgani sudda ma’lum bo‘lganini aytdi.

Kurgan viloyatida u hibs etilguniga qadar mayda qurilish ishlarini bajarib kelgani, doimo pulga ehtiyoj sezgani aniqlandi.

"Ular ish haqi masalasida kelisha olmagan"

Kurgan viloyati ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi bo‘lim mudiri Oleg Yevseev, uning xotini Svetlana va 19 yashar qizi Yelizaveta 2016 yilning 15 noyabrida o‘z uyida o‘ldirilgan.

Politsiya oila a’zolari otib ketilganini aniqlagan.

S.Mamasolievning qidiruv varaqasi
S.Mamasolievning qidiruv varaqasi

Mazkur qotillikni amalga oshirganlikda gumon qilingan o‘zbekistonlik Sohibjon Mamasoliev 2 kun o‘tgach Kurgan shahrida qo‘lga olingan. Tergovchilardan olingan ma’lumotga binoan, Mamasoliev Yevseevlarga qarashli hovlida qurilish va ta’mirlash ishlari bilan shug‘ullanib kelgan. U 2016 yilning 15 noyabrida egasiz qolgan uyga kirib, temir yashikni buzib, ov miltig‘ini qo‘lga kiritgan.

Tergovchilarga ko‘ra, Sohibjon birinchi bo‘lib uyga kelgan 19 yashar Yelizavetani bog‘lab, erto‘laga tashlagan. Uyga kirib kelgan Oleg Yevseev va uning xotini eshik oldida otib o‘ldirilgan. Keyin muhojir bog‘liq holda yotgan qizning oldiga kelib, unga bir nechta o‘q uzganlikda ayblanmoqda.

O‘zbekistonlik bu yigit hodisa joyidan miltiq va o‘q-dori, telefon va boshqa qimmatbaho buyumlarni o‘zi bilan olib ketganlikda gumonlandi.

Sud matbuot xizmati va mahalliy prokuraturada Ozodlik so‘roviga Mamasoliev va Oleg Yevseev o‘rtasida maosh masalasida janjal chiqqani va uy egasi unga oldinroq kelishilgan ish haqini bermagani sabab bo‘lganini bildirishdi.

Tergov davomida o‘zbekistonlik aybiga to‘liq iqror bo‘lgani aytildi.

Viloyat tergov qo‘mitasi Sohibjon Mamasolievni Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 139 moddasi (xususiy mulkka tajovuz qilish), 105 modda 2 qismi (ikki va undan ko‘p odamni o‘ldirish), 158 modda 2 qismi (o‘ta katta miqdorda o‘g‘irlik sodir etish) va 226 modda 1 qismi (o‘qotar qurol va o‘q-dori o‘g‘irlash) asosida ayblov e’lon qildi.

Ayblovchilar so‘zlariga ko‘ra, bu moddalar asosida ayblanuvchi o‘zbek migrantiga umrbod qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.

- Unga himoyachining majburan tayinlanishiga ham sabab, birgina modda asosida u 15 yildan ziyod muddatga qamalishi mumkin. Har holda, uch kishining o‘ldirilishi yuzasidan sud sanktsiyasi asosida jazo tayinlanadi. Mahkama davom etmoqda, dedi Yelena Shtenke.

11 may kuni Qo‘rg‘on viloyat sudi Sohibjon Mamasolievni hibsda saqlash muddatini yana yarim yilga uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Sudning kelasi majlisi 29 mayda o‘tkazilishi belgilandi.

XS
SM
MD
LG