Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:30

Mirziyoev komissiyasi O‘zTV islohoti bo‘yicha onlayn-so‘rov boshladi


Prezident Shavkat Mirziyoev tuzgan maxsus komissiya O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi (O‘zMTRK) ishini o‘nglash uchun onlayn-so‘rov e’lon qildi. Komissiyani tuzishdan avval, prezident korruptsiya janjali ortidan prokuratura tergoviga tushgan O‘zMTRKning 12 yillik rahbarini almashtirgan edi.

O‘zbekiston prezidenti farmoni bilan O‘zMTRK faoliyatini o‘rganish va faoliyatini tubdan isloh qilish maqsadida komissiya tashkil qilindi.

Podrobno.uz. agentligining xabar qilishicha, komissiya O‘zTV faoliyati bo‘yicha jamoatchilik fikri va takliflarini o‘rganish uchun onlayn-so‘rov boshlagan.

Onlayn-so‘rovda ishtirokchilardan televidenie faoliyatini isloh qilish bo‘yicha taklif va uni amalga oshirish mexanizmiga doir fikr-mulohaza so‘ralmoqda.

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasidagi islohotlar shu yilning 2 fevralida bu idoraga 12 yil raislik qilgan Alisher Xo‘jaevni ishdan olish bilan boshlangan. O‘zbekiston mahalliy matbuoti Xo‘jaev o‘rniga rahbar etib 46 yoshli Xurshid Mirzohidov tayinlanganini xabar qilgan.

Mutaxassisligi radioaloqa, radioeshittirish va televidenie muxandisi bo‘lgan Xurshid Mirzohidov bunga qadar “O‘zbektelekom” shirkatida direktor o‘rinbosari, “O‘zprommashimpeks” shirkati boshqaruvi raisi va 2009-2010 yillarda O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Mirzohidovga qadar O‘zMTRKni 12 yil boshqargan, asl kasbi fizika o‘qituvchisi bo‘lgan Alisher Xo‘jaev davrida milliy televidenie marhum prezident Islom Karimov hokimiyati tizginidan, umumiyatla, chiqmagani kuzatildi.

Hatto, 2015 yilda O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi raisining birinchi o‘rinbosari Olim Toshboev marhum prezident Karimovning Qashqadaryoga safarini 1 kun kechikib, efirga bergani uchun "siyosiy xato" tamg‘asi bilan ishdan olingan edi.

2014 yilda esa O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi (O‘zMTRK) o‘z jurnalistlarini matbuot anjumanlarida "o‘zboshimchalik bilan savollar bermaslik", ruxsatsiz xorijga chiqmasliklari haqida ogohlantirilgani xabar qilingan.

Ammo, o‘tgan davr ichida O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi korrupsion mojarolarni ham boshdan kechirdi. Xususan, 2014 yilda reklamadan keladigan daromadni o‘zlashtirish iddoasi bilan Bosh prokuratura tergov-tekshiruviga tushgani, bir necha xodim va rahbar ishdan olingani haqida Ozodlik xabar qilgan.

Yangi prezident Mirziyoev matbuot xizmati rahbari Asad Xo‘jaevga ko‘ra, hozir O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasini tubdan isloh qilish bo‘yicha kontseptsiya ishlab chiqilmoqda.

Prezident tashkil qilgan komissiya esa o‘zi boshlagan onlayn-so‘rovda qatnashganlarning O‘zTV faoliyati bo‘yicha tanqidiy fikrlari va shirkat kamchiliklarini bartaraf qilish bo‘yicha bildirgan takliflari Konsepsiyani tuzishda inobatga olinishini va’da qilmoqda.

XS
SM
MD
LG