Линклар

Prezident Mirziyoev Pekinda Turkiya prezidenti Erdo‘g‘on bilan uchrashdi. O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga ko‘ra, uchrashuvda prezidentlar o‘zaro hamkorlik bo‘yicha fikr almashgan. Mart oyida O‘zbekiston delegatsiyasi Turkiyaga borib, 1 milliard dollarlik hamkorlikka oid hujjatlar to‘plamini ham imzolab qaytgan edi.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) Pekindagi uchrashuv "Bir makon, bir yo‘l" forumi doirasida o‘tkazilganini xabar qilmoqda.

Rasmiy xabarga ko‘ra, uchrashuvda 2016 yil 18 noyabr kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda erishilgan kelishuvlar ijrosi muhokama qilingan.

"Ikki tomon uchun ham manfaatli savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish, to‘qimachilik, ko‘nchilik, kimyo va farmatsevtika, qurilish materiallari sanoati, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi", deb yozdi agentlik.

Ikki prezident bu uchrashuvda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha, asosan, fikr almashgan.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyip Erdo‘g‘on 18 noyabr kuni Samarqandga borib, O‘zbekiston marhum prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qilgan va o‘shandagi muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoev bilan qariyb uch soatcha muloqot qilgan.

Ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikda yangi sahifa ochish haqida gap borgan bu muloqot tafsilotlaridan xabardor rasmiyning Ozodlikka bildirishicha, Samarqanddagi so‘zlashuvda Erdo‘g‘on Turkiyaning O‘zbekistonga milliardlab dollar sarmoya yotqizish istiqboli haqida gapirgan.

Ma’lumki, shu yilning marti oyi boshida Bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimov boshchiligidagi delegatsiya Turkiyaga 1 haftaga safar qilgan va qariyb 1 milliard dollarlik qiymatga ega 10 ga yaqin sohada taklif etilgan investitsion loyihalar bo‘yicha muhokamalar bo‘lgan.

O‘zbekiston delegatsiyasining Turkiyaga safari chog‘ida esa prezident Erdo‘g‘onning Rustam Azimovni, kutilmaganda, Istanbuldagi “Beylarbeyi” saroyida qabul qilib, ikki soatcha gaplashgani ham xabar qilingan edi.

Bu safardan so‘ng O‘zbekiston rasmiy matbuoti tomonlar 1 mlrd AQSh dollaridan ziyod hujjatlar to‘plamini imzolagani, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish yo‘nalishlarini aniqlab, O‘zbekistonda tashkil etilayotgan erkin iqtisodiy zonalar sarmoyaviy hamkorlik manzili bo‘lishiga kelishilganini xabar qilgan.

XS
SM
MD
LG