Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:24

OzodMaktub: Mirziyoevning "tomorqa siyosati"dan davlat amaldorlari ham norozi


"100 ta tovuq boqishga majburlanayotgan xonadon egalaridan tovuq uchun ozuqa mahsulotlari narxi oshib ketayotganligi, bitta oilaga 100 ta tovuqni boqish qiyinchilik tug‘dirayotganligi, bozorda tuxum narxini belgilashda parrandachilik fermalari bilan raqobat paydo bo‘lib, xonadonda boqilayotgan tovuq tuxumlarining tannarxi qimmatga tushayotganligi sababli sota olishmayotganligi haqida e’tirozlar bildirilmoqda".

Bu gapni Ozodlik pochtasiga kelgan va quyida e’tiboringizga to‘liq shaklida havola qilinayotgan xatdan oldik. Maktub muallifi o‘zi haqdagi ma’lumotlarni, hozircha, ochiqlashni istamadi. Maktub ostidagi imzo ham uning ismi emas, taxallusidir. Lekin shunday bo‘lsa-da, xatda ko‘tarilgan mavzu shu kunda o‘ta dolzarb bo‘lgani uchun uni e’tiboringizga havola qilishni to‘g‘ri, deb topdik.

***

O‘zbekistonning yangi Prezidenti Sh.Mirziyoev tomonidan o‘ylab topilgan va barcha joylarda zo‘ravonlik bilan tatbiq etishga harakat qilinayotgan “tomorqa siyosati” nafaqat aholi, balki joylardagi amaldorlarning ham noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Shu yilning mart oyidan boshlab Prezident va hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan "aholi tomorqasidan samarali foydalanish" siyosati mamlakatda shundoq ham ochiq sezilayotgan oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi halokatli vaziyatni yumshatish harakati sifatida boshlangan edi.

So‘nggi davrlarda O‘zbekistonda (ayniqsa bu Toshkent shahri va Farg‘ona vodiysida yaqqol sezilmoqda) asosiy sabzavot turi – kartoshka narxining rekord darajada ko‘tarilishi (7500-8000 so‘mgacha) qayd etilgan.

Joriy yilning 4 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Dehqon xo‘jaliklari va aholining tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, suvga chidamli, eksportbop daraxt plantatsiyalarini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi.

Unga muvofiq, 2017-2019 yillarda har bir viloyatda bittadan tumanni “namunali” tuman sifatida, boshqa tumanlarda esa har yili
4 dan mahallani (har bir tuman-shahar hududi shartli ravishda 4 ta sektorga, ya’ni hokim, prokuror, IIB boshlig‘i va DSI boshlig‘i sektorlariga bo‘lingan) “namunali” mahalla sifatida ajratib olish hamda shu hududlarda joylashgan barcha aholi xonadonlarida 100 tadan tovuq boqish, issiqxona qurib, limon ekish, tomorqaga yong‘oq va unabi (chilonjiyda) ekish lozimligi ko‘rsatilgan.

Biroq, ushbu qaror chuqur o‘ylanmagan, aholining real imkoniyatlari va ehtiyojlaridan kelib chiqmaganligi bois joylarda qo‘llab-quvvatlanmayapti.

Birgina misol, O‘zbekistonning juda ko‘p viloyatlarida unabi daraxti va uni parvarishlash haqida aksariyat aholi hech narsa bilmaydi. Unabi ko‘chatlari o‘ta tanqis.

Bundan tashqari, hukumat aholi xonadonlaridagi tomorqalarga chorva uchun asosiy yemish bo‘ladigan makkajo‘xori va beda ekishni qat’iyan taqiqlab qo‘ydi. Bundan, ayniqsa qishloq joylarida asosiy daromad manbai qoramol boqish bo‘lgan fuqarolar aziyat chekishmoqda. Chunki, chorva uchun “omuxta yem” narxi ham tobora o‘sib bormoqda.

Hukumat tomonidan bu siyosatni joriy etish maqsadida tomorqasida ana shunday ishlarni bajarmagan “siyosatga qarshi chiqqan” fuqarolarning tomorqalarini hokimlar tomonidan qaror chiqarilib, tortib olish va boshqa fuqarolarga berishga kirishildi.

Vaholanki, qonunchilikda xonadon tomorqa yeridan foydalanish uchun fuqarolarga yer solig‘ini to‘lashdan boshqa hech qanday talab yuklanmagan.

Ayrim yuqori pog‘onadagi amaldorlar esa ushbu siyosatdan o‘z manfaatlari yo‘lida ustalik bilan foydalanishib, allaqachon “cho‘ntak qappaytirish”ga o‘tib olishgan.

Vazirlar Mahkamasining yuqorida qayd etib o‘tilgan Qarorida aholi tomorqasiga ekilishi ko‘rsatilgan limonni birgina Samarqand viloyatida joylashgan “Mushtariy Oqdaryo” MChJdan olish lozimligi qayd etilgan.

Ushbu firma esa ilgari Samarqand viloyat hokimi bo‘lgan, hozirda Bosh vazir o‘rinbosari – qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Zoir Mirzaevga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqador ekanligi ma’lum.

Hozirda barcha viloyat hokimlariga milliardlab pul mablag‘larini Turkiyadan limon sotib olish uchun aynan ana shu firma hisobraqamiga o‘tkazib berish haqida topshiriq bo‘lib, boshqa mahalliy limon navlarini ekish esa taqiqlab qo‘yildi.

Tomorqa siyosati puxta o‘ylanmaganligi, uni navbatdagi kompaniyabozlikdan boshqa narsa emasligi 100 tadan tovuq boqish majburiyatidan ham ko‘rinadi.

Birinchidan, ushbu siyosatni yuritayotgan huqumat vakillari aholi xonadonlarida boqiladigan tovuq kamida 90 kunlik bo‘lishi lozimligini bildirishgan bo‘lsada, O‘zbekistonda aynan jo‘jachilik yo‘nalishidagi parranda fermalarining tanqisligi bois aholiga yetarli miqdorda tovuq etkazib berilmayapti.

Ikkinchidan, 100 ta tovuq boqishga majburlanayotgan xonadon egalaridan tovuq uchun ozuqa mahsulotlari narxi oshib ketayotganligi, bitta oilaga 100 ta tovuqni boqish qiyinchilik tug‘dirayotganligi, bozorda tuxum narxini belgilashda parrandachilik fermalari bilan raqobat paydo bo‘lib, xonadonda boqilayotgan tovuq tuxumlarining tannarxi qimmatga tushayotganligi sababli sota olishmayotganligi haqida e’tirozlar bildirilmoqda.

Yana bir asosiy masala banklar tomonidan ushbu yo‘nalishda kredit berilishi hisoblanadi.

Hukumat tomonidan boshlangan navbatdagi “kompaniyabozlik” tufayli barcha tijorat banklari xodimlari xonadonma-xonadon yurishga va aholiga kreditlar haqida ma’lumot berishga majburlangan.

Biroq, tijorat banklari tomonidan ushbu siyosat etarli darajada qo‘llab-quvvatlanmasdan, aholi uchun issiqxona qurish va parranda boqish uchun kreditlar ajratishda muammolar kelib chiqmoqda. Ko‘p banklar aholiga ushbu yo‘nalishda garov majburiyatisiz taqdim etilishi lozim bo‘lgan kreditlarni aholining to‘lov qobiliyati pastligi sababli berishga shoshilishmayapti.

Fuqarolar o‘z xonadonlariga eng kamida 3 ta bankdan odamlar kelishib, kredit ajratilishi mumkinligi haqida gapirib ketishgan bo‘lsada, aslida bir so‘m ham pul berilmaganligi haqida ma’lum qilishmoqda. Bu esa aholining haqli noroziligiga hamda davlatga nisbatan ishonchsizlikka olib kelmoqda.

FOZIL RAXMON

(O‘zbekiston)

XS
SM
MD
LG