Линклар

16 декабр 2017, Тошкент вақти: 23:41

Militsioner gumondorni dala hovlisida so‘roq qilmasligiga kim kafolat beradi?


Toshkentda 55 yoshli ayolni tepkilagan militsioner harakati o‘tgan yili ijtimoiy tarmoqlarda katta norozilikka sabab bo‘lgan edi

"O‘zbekistonda militsionerlarning qonuniy ishlashi, hibslarda qiynoq bo‘lmasligi va advokatlarning huquqlari ta’minlanishi uchun fuqarolik jamiyati faol bo‘lishi va muttasil jamoatchilik nazoratini o‘rnatishi lozim". Bu fikrni shu kunda AQShda yashayotgan o‘zbekistonlik huquqshunos, Tashabbus huquqiy yordam loyihasi asoschilaridan biri Mirakmal Niyozmatov Ozodlikka bergan suhbati chog‘ida bildirdi.

Niyozmatov bilan O‘zbekiston IIV strukturalarida tergov-surishtiruv jarayonida kelgusi yildan boshlanadigan islohotlarga oid Prezident qarori munosabati bilan suhbatlashdik.

O‘zbekistonda 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab ichki ishlar organlarida videokuzatuv, stenografiya va audioyozuv qurilmalari bilan jihozlangan so‘roq xonalari paydo bo‘ladi.

Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoevning shu yil 18 aprel kuni imzolagan “Ichki ishlar organlarining jinoyatlarni tergov qilish sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida aytilgan.

Hujjatda IIV Tergov departamenti va uning hududiy bo‘linmalari o‘rtasida videokonferensiya aloqa tizimi o‘rnatilishi ham ko‘zda tutilgan.

Shu kunda AQShda yashayotgan o‘zbekistonlik huquqshunos, Tashabbus.com huquqiy yordam sayti asoschilaridan biri Mirakmal Niyozmatov Prezident Shavkat Mirziyoev boshlagan islohotlarni "ijobiy qadam" deb baholadi.

Ammo, huquqshunos aynan ichki ishlar tuzilmasida islohot qilish, xususan, keyingi yildan tashkil qilinadigan maxsus so‘roq xonalari ish berishi uchun - bu jarayonga mas’ul barcha tomonlarning huquqlari ta’minlanishi shart, deb ta’kidladi.

"Bulardan eng asosiysi - advokatura. Advokatura bu jarayondagi muammoni ichidan biladi. Ammo, afsuski, ular bu borada o‘z nuqtai nazarini bildirayotgani yo‘q. Hatto, O‘zbekiston Advokatlar palatasining rasmiy sayti tuzukroq ishlayotgani yo‘q. Fuqarolik jamiyati va OAV ham faol bo‘lishi lozim", deydi Mirakmal Niyozmatov.

Quyida huquqshunos bilan qurilgan suhbatni tinglashingiz mumkin:

Bunga qadar O‘zbekistonda yillar davomida advokat bo‘lib ishlagan, so‘ngra litsenziyasidan mahrum qilingach, jamoatchi himoyachi bo‘lib qolayotgan Ruhiddin Komilovning bu boradagi nuqtai-nazarini havola etgan edik.

U kishi ham bunday hujjat qabul qilinishini ijobiy qadam, deb baholaydi. Ammo, mamlakatda IIV idoralaridagi tergov jarayoni va buda huquqiy himoyachilar faoliyatiga qo‘yilgan cheklovlarni tilga olarkan, Komilov, bu qaror ijrosini ta’minlashgacha bajarilishi zarur, deb bilgan qator islohotlarni taklif qilgan.

Huquqshunosga ko‘ra, bular - kuch ishlatar tuzilmalarda ishlayotgan kadrlarning o‘z ishiga munosabatini tubdan o‘zgartirish, tergov va sudlovda himoya tomonining qonuniy vakolatlarini ta’minlash hamda hukumat tarkibiga muxolif kuchlarni kiritishdir.

XS
SM
MD
LG