Линклар

“Lazzatlanish hayot tarzimizdir” degan slogan asosida ilk soni chiqqan rus tilidagi “Moda” jurnalining Toshkentdagi taqdimotida Kristina Orbakayte, Andrey Malaxov va Alla Mixeeva kabi Rossiya shou dunësi yulduzlari qatnashdi.

-“Moda” jurnali Gulnora Karimova tarafidan chop qilingan "Bella Terra" jurnali yopilganidan keyin bo‘shab qolgan vakuumda hosil bo‘ldi¸ deydi toshkentlik san’atshunos Akmal Rizev.

Unga ko‘ra¸ bu jurnal bir paytlar Gulnora Karimova panohida bo‘lgan toshkentlik tadbirkor Podium Italia do‘koni egasi Dmitriy Mashchenko tarafidan chop qilingan:

- Jurnalning ilk sonini varaqladim. Nemis runik yozuvi uslubidagi sarlavha. Soqoli juda o‘sgan bir yigit va moviy ko‘zli qiz rasmi bor muqovada. Jurnal 400 varaq. Kioskada sotilmaydi. Bilishimcha, Podium Italia butikidan libos oladiganlar orasida tekin tarqatiladi. Ilgari Gugusha ochgan "Bella Terra" jurnalininng sobiq bosh muharriri Komila Ahmedovaning “Moda” jurnaliga bosh muharrir bo‘lgani ham ko‘p savolga javob beradi¸ deydi san’atshunos.

Yana bo‘ron..

Ozodlik muxbiri ayni taqdimotda ishtirok etgan¸ ammo ismi aytilishini istamagan dizayner bilan ham suhbatlashdi. Suhbatdoshga ko‘ra¸ Toshkentning Hyatt Regency besh yulduzli mehmonxonasida o‘tkazilgan jurnal taqdimotiga 200 ga yaqin Podium Italia butikidan libos oladigan boy mijozlar va toshkentlik rassom va musiqachilar taklif etilgan:

- Tadbir prezentatsiyadan ko‘ra¸ ko‘proq kokteyl oqshomi formatiga to‘g‘ri keldi. Tadbirda Rayxon G‘anieva¸ Munisa Rizaeva kabi pop- qo‘shiqchilar ko‘zga tashlandi. Andrey Malaxov¸ Kristina Orbakayte va sohibjamol Alla Mixeevalar pulga chaqirilgan to‘y generalidan ko‘ra¸ oila do‘stlariga ko‘proq o‘xshadi. Orbakayte onasi Alla Pugacheva reperturatidagi qo‘shiqlardan kuyladi. “Yana bo‘ron” degan qo‘shiqni kuylar ekan Orbakayte tadbir egasi Dmitriy Mashchenko adresiga komplementlar yog‘dirdi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ bu tadbir “Gulnora Karimova loyihalariga nuqta qo‘yilgan 2013 yildan beri davom etayotgan tanaffusga barham bergan”

- Turkman shoirasi Jahon Pollieva yozgan va Orbakayte ijro qilgan “Yana bo‘ron” qo‘shig‘i O‘zbekistondagi bugungi kayfiyatni tasvirladi. "Yana bo‘ron¸ o‘tmish sharpasi qorong‘ida aylanadi. Yana bo‘ron. Ikki abadiylik bir qisqa kunda birlashdi. Seni orqangdan eshik yopmay mana necha yildirki yashayapman..."

Toshkentlik blogger va munaqqid Akmal Rizevga ko‘ra¸ bu tadbir zodagonona ziyofatlarni sevadigan qo‘shiqchi, dizaynchi va modelyer Gulnora Karimovaning Style.uz deya nomlangan keng ko‘lamdagi tadbirlarini esga soladi.

Shoumen Malaxov Toshkentda
Shoumen Malaxov Toshkentda

“Kechki Toshkent! Havo issiq. Plyus 30...Yangi jurnal faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqdamiz”,- deb yozdi Rossiyadagi "Disko star" shirkati vositachiligida 40000 dollar haq evaziga Toshkentga kelgan Andrey Malaxov o‘zining Instagram`dagi sahifasida.

O‘lat paytidagi ziyofat

Ozodlik suhbatlashgan toshkentlik tadbirkor Hyatt Regencyda o‘tkazilgan tadbirga salbiy munosabat bildirdi:

- O‘lat paytidagi ziyofatga o‘xshadi. Odamlar qiynalib turgan paytda bunaqa isrofgarchilik shartmi?! Dmitriy Mashchenko butiklari - Toshkentda eng qimmat kiyimlar sotiladigan joy. Katta lavozimda ishlaydiganlarning o‘zlari, xotinlari o‘sha erdan kiyinadi. Bitta kostyum shim 35 ming¸ bitta oqshom kuylagi 40 ming dollar. Sal oldinroq hali dollar sakramagan paytda Canali firmasida tikilgan kostyum shimni 26 million so‘m deb qo‘yishdi. Bundoq olib qarasam Xitoyda qilingan kontrafakt bo‘lib ko‘rindi. Bilishimcha katta foyda ko‘rilyapti¸ deydi toshkentlik tadbirkor.

Qimmat ma’raka

Tantanalar tashkil qilish bilan shug‘ullanadigan moskvalik tadbirkorning aytishicha¸ Toshkendagi tadbirga taniqli artistlar Rossiyadagi "Disko star" shirkati vositachligida olib kelingan:

- Malaxov¸ Orbakayte va Mixeeva Disko star shirkati vositachiligida qonun-qoidalarga rioya qilgan tarzda¸ shartnoma tuzilib Toshkentga borishdi. Malaxovga 40 ming¸ Orbakaytega 35 ming¸ Mixeevaga 10 ming dollar gonorar to‘langan. Bundan tashqari uchoq bileti¸ limuzin xizmati¸ mehmonxona va mayda harajatlar bo‘ladi. 5 yulduzlik mehmonxonada 200 kishiga dasturxon yozish ham katta summaga tushadi. Boshqa tarafdan qaraganda, bu biznesni targ‘ibot qilishning samarali uslubi. "Malaxov kelgan butikdan kiyindik", deyishadi. Tushunishimcha, tadbirga ketgan harajat butik egalari imiji uchun hizmat qiladi¸ deydi suhbatdosh.

"Bella Terra" jurnali

Toshkentda taqdim qilingan “Moda” jurnali 2013 yili faoliyati to‘xtatilgan “Bella Terra” jurnalining shakliy davomiga o‘xshaydi.

“Bella Terra” jurnali Gulnora Karimova rahbarligidagi “O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg‘armasi tarafidan chop qilingan edi.

Shuningdek, Gulnora Karimova Toshkentdagi “Uslub uyi”ning “Osiyo ramzi” modelyerlar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda Dizayn va moda haftaliklari o‘tkazib kelar edi.

XS
SM
MD
LG