Линклар

Xabarovsklik deputat Gulnora Karimovani ozod qilish so‘rovi bilan o‘zbek elchisiga murojaat qildi


E.Smolkin va G.Karimova

Xabarovsk shahar kengashiga uch hafta burun saylangan deputat Yevgeniy Smolkin marhum o‘zbek prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ichi Gulnora Karimova taqdiriga oydinlik kiritish va uni ozod etishni so‘rab O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasiga yozma murojaat qildi.

Uning bunday harakatiga¸ aytilishicha¸ Gulnora Karimova taqdiri bilan qiziqayotgan Xabarovskdagi bir guruh asli o‘zbekistonlik saylovchilar talabi asos bo‘lgan.

"Gulnora Karimovadan qo‘lingizni torting!"

Rossiya Uzoq Sharqida joylashgan Xabarovsk shahar kengashi vakili Yevgeniy Smolkin O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova xalqaro media maydonidan g‘oyib bo‘lganidan xavotir bildirdi.

“Pravoe delo” partiyasi nomidan shahar dumasi deputati etib saylangan Smolkin Facebookdagi sahifasida O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Bahodir Ashrafxonovga Gulnora to‘g‘risida ma’lumot berishni so‘rab yozma murojaat qilganini bildirdi.

“Ommaviy axborot vositalari va Internet tarmog‘ida 2013 yilda Gulnora Karimovaning sud sanksiya bermay turib hibsga olingani, uning zaharlangani va hatto o‘limi, qabrtoshsiz dafn etilgani¸ O‘zbekiston hokimiyatiga da’vogar sifatida yo‘q qilingani borasida ko‘plab videosyujet, maqola va xabarlar paydo bo‘lgan... Gulnora Karimovaning taqdiri demokratik dunyo huquq himoyachilari va jamoatchiligini xavotirga solmoqda. Biz Gulnora Karimovani O‘zbekistonning evropacha taraqqiyoti tarafdori, ajoyib qo‘shiqchi¸ qolaversa go‘zal ayol sifatida bilamiz. Biz “Gulnora Karimovaga ozodlik!”, deymiz. Gulnora Karimovadan qo‘lingizni torting! Sizdan Gulnora Karimovaning qaerda ekani va maqomi haqida rasmiy javob kutaman", deyiladi Smolkinning O‘zbekiston elchisiga yuborgan xatida.

Smolkin bu murojaatiga Gulnora Karimovaning o‘g‘li Islom Karimovning Londondan BBC telekanaliga bergan intervyusida onasiga qilinayotgan bosimlar borasidagi gap-so‘zlarini ilova qilgan.

"Bu - Xabarovskdagi o‘zbekistonliklar tashabbusi"

Yevgeniy Smolkin Xabarovsk shahar dumasi deputatligiga atigi uch hafta oldin saylangan.

Ozodlik mazkur masala yuzasidan deputat Smolkinga murojaat qilib, o‘z so‘roviga uning yordamchisi Tatyana Kotlovadan rasmiy javob oldi.

Xabarovsk shahar deputati E.Smolьkin Gulnora Karimova himoyasiga otlandi
Xabarovsk shahar deputati E.Smolьkin Gulnora Karimova himoyasiga otlandi

Tatyana Kotlova bu murojaat “Xabarovskda yashayotgan sobiq o‘zbekistonliklar tashabbusi bilan” amalga oshirilganini bildirdi:

- Asli o‘zbekistonlik bo‘lgan rossiyaliklar¸ shuningdek Xabarovskda tug‘ilib o‘sgan jamoatchilik vakillarini Gulnora Karimovaning taqdiri xavotirga solmoqda. Gap shundaki, Xabarovskda O‘zbekistondan kelib o‘rnashganlar juda ko‘p, Xabarovsk va Toshkent o‘rtasida hatto aviaqatnov mavjud. Bizda Yevgeniy Smolkinga jo‘natilgan ko‘plab murojaat yig‘ilib qoldi. Ushbu talablar asosida ishlashga majbur bo‘ldik va Gulnora bilan bog‘lik vaziyatga oydinlik kiritishni istayapmiz, dedi Tatyana Kotlova.

Tatyana Kotlova Gulnora Karimova himoyasiga bo‘lgan deputat Smolkinning murojaatlari boshqa idora va tashkilotlarga ham yuborilishini bildirdi:

- Zamonaviy O‘zbekiston – bu avtoritar, yopiq mamlakat. Avtoritarizm bilan esa faqat ommaviy vositalar yordamida kurashish mumkin. Biz yaqin kelajakda shu bilan shug‘ullanamiz, bu boshlanishi¸ xolos. Gulnora himoyasiga murojaatlar boshqa joylarga ham yuboriladi, dedi deputat Yevgeniy Smolkin matbuot kotibasi.

Gulnora Karimova haqida ma’lumot kam

Bundan uch yil muqaddam O‘zbekiston Bosh prokuraturasi prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovani korrupsiya, uyushgan jinoyatchilik va tovlamachilikka aloqador, deb rasman bayonot berishi ortidan Gulnora Karimova uy qamog‘iga olingan edi.

Gulnora Karimova ko‘p millionli korrupsion janjalda gumonlanuvchi sanalsa-da, shu paytgacha bu borada ochiq mahkama o‘tkazilgani ma’lum emas.

Gulnora Karimovaning sentabr oyida prezident Islom Karimov dafn marosimida qatnashmagani ham uning qaerdaligi haqida javobsiz savollar tug‘dirgandi.

Shveysariya Bosh prokuraturasi Gulnora Karimova aloqador ko‘rilgan pul yuvishga oid jinoyat da’volarini 2013 yildan buyon tergov qilmoqda.

Wall Street Journal nashri 2016 yilning 9 va 10 dekabr kunlari Karimova xonim O‘zbekiston poytaxtida shveysariyalik ikki prokuror savoliga javob berganini xabar qilgan edi.

XS
SM
MD
LG