Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:36

Narxni tushirish uchun O‘zbekiston Qirg‘izistondan kartoshka sotib olmoqda


16 may kuni Toshkentning Chorsu bozorida 1 kilo kartoshka 6 kun oldingi – 11 may kungi narxdan 1000 so‘mga arzon - 6000-6500 so‘mdan sotildi. Kartoshkaning 6 kunda 1000 so‘mga arzonlagani tendensiyami yoki shunchaki narx tebranishimi – xulosa qilish uchun narx dinamikasini uzoqroq muddat kuzatish kerak bo‘ladi.

Ayni paytda mintaqadagi yetakchi “kartoshkafurush” mamlakat – Qirg‘izistonda ham bu mahsulot keskin qimmatlab ketdi. Qirg‘izistonlik bozorchilar va mutaxassislarga ko‘ra, qimmatchilik sabablaridan biri kartoshkaning bu mamlakatdan O‘zbekistonga chiqib ketayotganidir.

O‘sh bozori yangiliklari

Toshkentning Chorsu bozorida 1 kilo kartoshka 7000-7500 so‘mdan sotilgan 11 may kuni Qirg‘izistondagi mustaqil “O‘shPirim” telekanali O‘sh shahri bozorida kartoshka so‘nggi 10 kunda 2 barobarga qimmatlab ketgani to‘g‘risida xabar qildi:

"11 may kuni urug‘lik kartoshkaning kilosi 35 so‘m, ro‘zg‘orbopi 50 so‘mdan sotildi". (1 AQSh dollari taqriban 68 qirg‘iz so‘miga teng)

Telesyujet muallifi dehqonlar, savdogarlar va mutaxassislarning aytganlariga tayanib, qimmatchilik sabablaridan ("kartoshka o‘tgan yili juda arzon bo‘lgani uchun bu yil kam ekildi; qish cho‘zilib ketgani uchun chillaki kartoshka pishishi kechikdi".) biri sifatida qo‘shni O‘zbekistonda kartoshkaga talab keskin oshib ketgani haqida gapirdi.

"Xalqqa xizmat qilayotgan" O‘zbekiston rasmiylari

Savdogarlardan biri TV muxbiriga “tonnalab kartoshka O‘zbekistonga kirib ketgani” to‘g‘risida aytarkan, O‘shda kartoshka ikki barobar qimmatlab ketishi arafasidagi vaziyatni tasvirlab¸ bunday dedi:

- O‘zbekistonda bu yil “xalqqa xizmat qilish” degan masala bor ekan. Bizdan kartoshkani 20, 25, 30 so‘mdan olib, xalqiga 18 – 20 sotayapti ekan. Bir kishiga 5 kilodan ortiq sotilmasmish...

Qirg‘izistonning sobiq Qishloq xo‘jalik vaziri nima dedi?

O‘sh bozoridagi kartoshkafurushning gaplaridan real faktdan ko‘ra, uzunquloq mish-mishlar anqib turgan bo‘lsa, iqtisodiyot fanlari doktori, sobiq vazir Jumaqadir Akeneev Ozodlik bilan suhbatda konkret raqamlar keltirdi:

- So‘nggi bir oy ichida Qirg‘izistondan Tojikiston va O‘zbekistonga 100 ming tonna atrofida kartoshka olib chiqildi. Va bu raqamning katta qismi O‘zbekistonga to‘g‘ri keladi, dedi Qirg‘izistonning sobiq Qishloq xo‘jalik vaziri. Uning aytishicha, bu ma’lumotni u Qirg‘iziston Bojxona xizmatidan olgan.

Ayni paytda, Tojikistonda shu kunda kartoshka O‘zbekiston va Qirg‘izistondagidan ancha arzon ekanligini, Dushanbe bozorlarida BIR kilo kartoshka 50 sent atrofida sotilayotganini aniqladik.

Balki o‘zbeklar va qirg‘izlar kartoshkani kam ekayotgandir?

Jumaqadir Akeneevning aytishicha, Qirg‘iziston mintaqa mamlakatlari orasida eng ko‘p kartoshka etishtiradigan mamlakatdir. Bu mamlakat o‘z ehtiyojini 2,5 marta qoplashga yetadigan kartoshka etishtiradi:

- Qirg‘izistonning kartoshkaga ehtiyoji yiliga 600 ming tonnadir. 2016 yilda 1,5 million tonna kartoshka yetishtirildi. O‘zimizdan ortadigan kartoshkani odatda Qozog‘istonga va Tojikistonga sotamiz. So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston ham ozroq sotib ola boshladi, dedi Qirg‘izistonning sobiq Qishloq xo‘jalik vaziri.

Sobiq vazirining fikricha, O‘zbekiston o‘z ehtiyojiga yarasha kartoshka yetishtirmaydi, chunki dala maydonlarining asosiy qismida paxta yetishtiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligiga tayanib e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2016 yili O‘zbekistonda 2,69 mln. tonna kartoshka yetishtirilgan.

Agar aholisi 6 mln. kishilik Qirg‘iziston uchun, sobiq vazir aytganiday, 600 ming tonna kartoshka yetarli bo‘lsa, aholisi Qirg‘izistonnikidan 5 marta ko‘p bo‘lgan O‘zbekiston uchun ham 2016 yili etishtirilgan 2,69 mln. tonna kartoshka etarli bo‘lishi kerak ediku?

Yetarli bo‘lmagani uchun qimmatmi kartoshka yoki boshqa bir sabab bormi?

Narxning oshib ketganini iqtisodiyot doktori Jumaqadir Akeneev bozor qonuniyatlari bilan izohladi:

- Bozorda kartoshka taqchilligi yo‘q. Gap talab va taklif mutanosibligida xolos. Odamlar shu narxga olayaptimi, demak, shu narxda sotaverishadi.

Kartoshka narxi dinamikasi

Ozodlik O‘zbekiston kartoshka bozoridagi narxlarni joriy yil fevralidan buyon muntazam kuzatib kelmoqda.

Yanvarning oxirida kilosi 1000 so‘mdan sotilgan kartoshka 4 oyda 8 barobarga qimmatladi. Mayning dastlabki kunlarida kartoshkaning kilosi 8000 so‘mgacha chiqdi.

Ha, aytgancha, yana bir gap:

Qirg‘izistondagi mustaqil “O‘shPirim” telekanalining 11 may kungi syujetida muxbir mana bu gap ham aytdi:

- Bozorchilarning aytishicha, bugun O‘shga O‘zbekistondan kilosi 60 so‘mdan yangi kartoshka kelgan.

60 qirg‘iz so‘mi taqriban 90 AQSh sentiga teng.

XS
SM
MD
LG