Линклар

Hollivud yulduzi Morgan Friman suratidan kino reklamasida beruxsat foydalangani bois namoyishi to‘xtatilgan “Daydi” filmi rejissyori Sirojbek Abdullaev “O‘zbekkino” Milliy agentligini sudga berdi. Rejissyor yigitning Ozodlikka bergan eksklyuziv intervyusida aytishicha, film reklamasidagi noqonuniy harakatlari uchun kechirim so‘ragani va kamchiliklarni o‘nglagani ortidan “Daydi” filmini ekranlarga chiqarishga rasman ruxsat olgan¸ biroq “O‘zbekkino” ikki yarim oydan beri film namoyishiga to‘sqinlik qilmoqda.

“O‘zbekkino”ni sudga berdim”

Toshkentda ijod qilayotgan xorazmlik 26 yashar Sirojbek Abdullaevning Ozodlik bilan suhbatda aytishicha, "O‘zbekkino" agentligining "Daydi" filmi namoyishiga to‘sqinlik qilayotgani borasidagi arizasini prokuratura o‘n kundan beri o‘rganmoqda:

- Men "O‘zbekkino" Milliy agentligini sudga berdim. O‘n kun bo‘ldi Toshkent shahar prokuraturasi agentlik ustidan ish qo‘zg‘ayapti. Yana xalqaro sudga beraman. Yevropada Inson huquqlari bor. Roliklarimni jo‘natdim. Birinchidan, mening materiallarimni ko‘rmasdan, nohaq ayblab, menga ma’naviy zarar yetkazgani uchun. Mening nomimni yomonotliq qilgani uchun. Chet el kadrlarini o‘g‘irlading¸ deb mening narsalarimni ko‘rmasdan Internetga yozishdi. Vertolyotning Dubaydagi sahnalarini o‘g‘irlaganmishman. Men chet elning kadrlarini so‘rab olganman va mutaxasislarga ko‘rsatganman. Ichki ishlar xodimi, monopoliya qo‘mitasi, prokuratura, Milliy xavfsizlik xizmatiga montaj paytida shunaqa tarbiyaviy ahamiyati bor, terroristik kadrlarni ko‘rsatayapman, deb ko‘rsatganman. Lekin Vatikan kadrlari, Dubay sahnalarini o‘zim suratga olganman,- deydi Sirojbek Abdullaev.

Friman bois namoyishi to‘xtatilgan filmga yana ruxsat berildi

Sirojbek Abdullaevning rejissyor sifatidagi ilk filmi 11 fevraldan ekranlarga chiqarilishi lozim edi. Biroq "O‘zbekkino" agentligi "Daydi" filmini reklama qilishda bir qator qonunbuzilish holatlari kuzatilgani sababli film taqdimotini o‘tkazish va uni namoyish qilishni to‘xtatib qo‘ydi.

"O‘zbekkino" filmning treyleri, bannerlari va chiptalarida Hollivud yulduzi Morgan Frimanning 2014 yilda ishlab chiqarilgan "So‘nggi ritsarlar" filmida suratga tushgan qiyofasi aks ettirilganini aniqlagan va buni noqonuniy deb topgan.

Rejissyor Abdullaevning aytishicha, qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf qilgach, film namoyishiga qayta ruxsat olgan:

- Men xato qilibman, borib uzr so‘radim... Monopoliya qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqildi va menga yangi reklama eskizlari asosida "Daydi" filmini ekranlarda namoyish qilish uchun ruxsat berildi.

"Qo‘limda ruxsatnoma bor, lekin "O‘zbekkino" qarshilik qilayapti"

Abdullaevning aytishicha, mart oyida qayta ruxsat olganiga qaramasdan filmi ikki yarim oydan beri ekranlarga chiqarilmayapti:

- Ruxsatnoma bor. "O‘zbekkino"niki ham bor. Menga mart oyida ruxsat berilgan. Qonun bo‘yicha men haqman, lekin kinoteatrga borsam, orqadan telefon qilib, "qo‘ymaysan" deyapti. Men "O‘zbekkino"ga borsam, "kino arboblari ruxsat bermadi" dedi. "Panorama" (Toshkent markazidagi San’at saroyi nazarda tutilmoqda - tahr.)ga borsangiz, kechirasizu, axmoqona kinolar bo‘lib yotibdi. Bir pulga qimmat kinolar. Qaerga qarayapti kino arboblari?- deydi Abdullaev.

"Mendan 2000 dollar pora so‘rashdi"

Rejissyor Abdullaev o‘z debyut filmining ekranga chiqarilmayotgani ortidagi asosiy sabab "O‘zbekkino" mulozimlari so‘ragan porani bermagani bilan bog‘liqligini iddao qiladi:

- Mendan 2000 dollar miqdorida pora so‘rashayapti. Shunday muhit shakllangan - pora bermasangiz, kino o‘tmaydi. Bu qanday gap? Qaerga qarayapti tepadagilar? Pora bermayman men. Poraxo‘rlikni men tegishli tashkilotlarga yozdim. Portalga ham yozdim. Qo‘rqadigan joyim yo‘q. Menga shunaqa gaplar aytishayapti: "Puf desam, Xorazmga uchib ketasan", deb. Uchirib yuborsin meni! Yo‘q qilib yuborsin, qo‘lidan kelsa. Mening kinomni chiqarmasligi mumkin. Lekin meni kino ishlashdan to‘xtata olmaydi,- deydi Sirojbek Abdullaev.

Ozodlik “O‘zbekkino”ga qo‘ng‘iroq qilib, Sirojbek Abdullaev iddaolari bo‘yicha munosabat so‘raganida agentlik rasmiysi “Daydi” filmiga to‘sqinlik qilinayotgani haqidagi iddaolarni inkor qildi.

XS
SM
MD
LG