Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:32

OAV: Tramp Komidan Flinn ustidan tergovni bekor qilishni so‘ragan


Sobiq FTB direktori James Komi va AQSh prezidenti Donald Tramp
Sobiq FTB direktori James Komi va AQSh prezidenti Donald Tramp

AQSh prezidenti Donald Tramp o‘z lavozimiga kirishgandan so‘ng ko‘p o‘tmay Federal tergov byuro direktori bilan uchrashuvi chog‘ida milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha sobiq maslahatchisi Maykl Flinning Rossiya bilan aloqalari bo‘yicha FTB o‘tkazayotgan tergovni bekor qilishga uringan edi, deb xabar tarqatdi ommaviy axborot vositalari 16 may kuni.

O‘tgan hafta Tramp ishdan bo‘shatgan Komi Flinn fevral oyida lavozimidan chetlatilgandan so‘ng oradan bir kun o‘tib yangi prezident bilan Oval kabinetda tushlik qilish uchun uchrashgan va shundan so‘ng Trampning iltimosi to‘g‘risida qayd yozib qo‘ygan, deb xabar qiladi “Nyu-York Tayms”, Reyter, Assoshieyted Press va boshqa ommaviy axborot vositalari. Xabar manbalarining bildirishicha, ular qaydni ko‘rgan yoki uning bo‘laklarini axborot vositalariga o‘qib bergan.

Oq Uy zudlik bilan Tramp Komidan tergovni to‘xtatishni iltimos qilganini inkor etdi. AQShning qonun chiqaruvchilari va huquq masalalari bo‘yicha ekspertlari prezidentning ushbu xatti-harakatini adolat qaror topishiga to‘sqinlik qilish va jinoyat deb atadi.

Ushbu xabar 9 may kuni Komining ishdan bo‘shatilishi bilan boshlangan hafta mashmamasi 10 may kuni Rossiya vakillarini qabul qilish bilan davom etdi. Aytilishicha, o‘sha uchrashuv chog‘ida Tramp AQShga ittifoqchi davlat bergan maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilib qo‘ygan, ammo ushbu ayblovni ham Oq Uy rad etdi.

Ma’lum qilinishicha, Komining o‘sha qaydda Flinn Rossiyaning Qo‘shma Shtatlardagi elchisi bilan o‘tkazgan suhbatlari yuzasidan vitse-prezident Mayk Pensga noto‘g‘ri ma’lumot bergani uchun lavozimidan chetlatilganidan ko‘p o‘tmay Tramp Komidan FTBning Flinning ishi yuzasidan tergovni bekor qilishni so‘ragani bayon etilgan.

“Nyu-York Tayms”ga ko‘ra, Tramp Komiga, “Flinn ketgani sababli bu ishni nima qilish yaxshi bilasiz. U – yaxshi inson. Bu ishni bekor qila olasiz, deb umid qilaman”, – deb aytgan. Ushbu gazeta qaydning borligi haqida birinchi bo‘lib xabar qildi. Komining yordamchilaridan biri uning bo‘laklarini muxbirga o‘qib bergan.

Keyinchalik Adliya vazirligi Flinni ruslar shantaj qilishi mumkinligidan gumon qilayotgani oshkor bo‘ldi.

Assoshieyted Press axborot agentligi Tramp bilan suhbatlarini bir qancha qaydlarda hujjatlashtirib qo‘ygani, chunki ularni “g‘alati” va “xavotirli” deb hisoblagani haqida xabar qildi.

“Tayms”ning yozishicha, Tramp Komi bilan Oval kabinetdagi uchrashuvi chog‘ida hukumat OAVga bir necha marta xabar sizdirganini qoralagan va FTB direktoriga jurnalistlarni maxfiy ma’lumotlarni chop qilgani uchun javobgarlikka tortishi kerakligini aytgan.

Oq Uyga ko‘ra, Komining qaydlari haqidagi xabarlar “prezident bilan Komi o‘rtasidagi suhbatning haqqoniy yoki aniq bayoni emas... Prezident janob Komi yoki boshqa birovdan hech qachon hech bir tergovni to‘xtatishni iltimos qilmagan”.

Kongressdagi demokratlar tarqatilgan xabarlar yuzasidan tashvish bildirdi.

"Ularning adolat qaror topishini paysalga solishi yoki to‘sqinlik qilishi rahbarga nisbatan qo‘yilishi mumkin bo‘lgan eng og‘ir ayblovlardan biridir”, – dedi demokratlarning Senatdagi oqsoqollaridan biri Dik Durbin.

Respublikachilar ham tashvish bildirib, Komining xabarlarda iqtibos keltirilayotgan qaydlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rishni talab qilib chiqdi.

Vakillar palatasining Rossiya bilan bog‘liq mojaroni tergov qilayotgan nazorat qo‘mitasi raisi, respublikachi Jeyson Shaffets, qaydlar “faol tergovga nomaqbul tarzda aralashish”ga oid xavotirlarni yuzaga keltiradi, dedi.

“Sud chaqiruv qog‘ozi yozish uchun ruchkam shay turibdi”, deb yozdi Shaffets Tvitterda.

Senatning Qurolli kuchlar bo‘yicha qo‘mitasi raisi, arizonalik respublikachi Jon MakKeyn, Oq Uydan kelayotgan so‘nggi fosh etuvchi gap-so‘zlar “hajmi va miyosiga ko‘ra ,Uotergeyt mojarosiga tenglashadi”, deb aytdi.

MakKeyn o‘tgan hafta Trampning Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovni Oval kabinetga taklif qilishini “nomaqbul ish”, o‘zini esa Kremlning “qo‘g‘irchog‘i” deb atadi.

XS
SM
MD
LG