Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:36

Andijonda ommaviy zaharlanish: 200 odam shifoxonaga yotqizildi, 5 kishining ahvoli og‘ir


Andijon viloyatining Shahrixon tumanida 15 may kuni muzqaymoqdan jami 1500ga yaqin odam zaharlangani aytilayapti. Shifokorlarga ko‘ra, 200ga yaqin kishi shifoxonaga yotqizilgan, ulardan 5 nafarining ahvoli o‘t jiddiy. Yuzlab kishiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyiga ruxsat berilgan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumoti: 17 may soat 17:00

  • 15 may kuni Shahrixon shifoxonasiga zaharlanish belgilari bilan murojaat qilgan 212 kishidan 186 nafari davolanish uchun yotqizildi

  • 17 may kuni ertalab bemorlardan 153 nafari kasalxonadan chiqarilgan, qolgan 33 bemorning ahvoli qoniqarli

  • Bemorlar zaharlangan muzqaymoq bakteriologik va kimyoviy tekshiruvdan o‘tkazilmoqda

*******************************************************************

“1500 odam zaharlangan”

Andijondan 17 may kuni tush payti olingan ma’lumotga ko‘ra, muzqaymoqdan zaharlanganlar soni 1500ga yaqin bo‘lib, ularning aksari birinchi tibbiy yordam olgach, uylariga qaytgan.

Hozirda zaharlanish tashxisi bilan yuzlab odam shifoxonada qolmoqda. Shifokorlardan olingan ma’lumotga ko‘ra, Shahrixon shifoxonasida 200ga yaqin odam ayni tashxis bilan davolanmoqda, ulardan besh nafari reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Shuningdek, qo‘shni shifoxonalarga ham zaharlangan bemorlar jo‘natilgan. Jumladan, Asaka shifoxonasiga ham Shahrixondan bemorlar keltirilgan:

“Men hozir Asaka shifoxonasiga kelib vaziyatni o‘rgandim. Bu yerga Shahrixondagi muzqaymoq voqeasi bo‘yicha 307 odam keltirilgan”, dedi zaharlanish voqeasini mustaqil o‘rganayotgan asakalik manba.

Shahrixon tuman shifoxonasi
Shahrixon tuman shifoxonasi

Qo‘rqinchli Shahrixon

16 may kuni Shahrixonda zaharlanish voqeasiga oid vahimalar urchidi.

O‘z shaxsi ochiqlanmasligini istagan toshkentlik jurnalist o‘zining Shahrixondagi qarindoshlariga tayanib¸ muzqaymoqdan zaharlanib kasalxonaga tushganlardan beshtasining o‘lganini iddao qildi.

"Qarindoshlarimning aytishicha¸ ahvol jiddiy. MChS palatkalar tikibdi"¸ dedi jurnalist.

Ozodlikka telefon qilib¸ muzqaymoqdan ommaviy zaharlanish habarini bergan shahrixonlik 46 yashar tadbirkor yigit Ikromjonning aytishicha¸ shaharda muzqaymoqdan zaharlangan 7 yoki 10 kishi o‘lgani haqidagi mish-mish urchigan:

"Qo‘shni tumanlardan ham tez-yordam mashinalari yuribdi¸ nomeridan bildim. Osmonda MChS vertolyotlari uchib yuribdi. Shahar mish-mish bilan to‘la¸ birovlar yetti kishi o‘lgan desa¸ birovlar 10 kishi o‘lgan deydi. Tumandagi katta kasalxona to‘lgan. Viloyat hokimi¸ Toshkentdan kelgan katta mulozimlar bilan hokimlik binosida shtab ochgan. Vrachlar uyma-uy yuribdi"¸ deydi shahrixonlik Ikrom.

"O‘lganlar yo‘q"

Lekin Andijon viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi mulozimlari muzqaymoqdan zaharlangan bemorlar orasida o‘lim holati bo‘lganini inkor qildi.

"O‘lim holati yo‘q. Vaziyat bartaraf qilindi. Dushanba kuni soat 14 dan 30 daqiqa o‘tganida tibbiyot birlashmasi yuqumli kasalliklarni qayd qilish bo‘limiga muzaymoqdan zaharlangan ilk bemor murojaat qildi. Sal o‘tmay¸ ayni tashxis bilan dastalbki 26 bemorga vrach yordami ko‘rsatilgan. Ular ich ketish¸ qayt qilish va badanga toshmalar chiqishi kabi klinik belgilar bilan qayd qilingan. Ularda "Ovqat toksikoinfeksiyasi" bo‘lgan. Keyin soat 15 dan 30 daqiqa o‘tganga qadar tumandagi QVPlar va boshqa kasalxonalarga 300 ga yaqin bemor ayni simptom bilan murojaat qildi. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi va sanitariya-epidemiologiya markazi vrachlari vaziyatni to‘g‘ri baholab¸ qo‘shni tumanlardagi vrachlarni ham safarbar qilishdi"¸ dedi viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi mulozimi 16 may kuni tushdan keyin.

“MAKS kafesi aybdor”

Andijon huquq-tartibot idoralaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, zaharlangan bemorlarning barchasi Shahrixon markazidagi MAKS kafesidan muzqaymoq yeganliklarini aytishgan.

“O‘tkazilgan taftishlar natijasida 14, 15 va 16 may kunlari MAKS kafesidan muzqaymoq yegan kishilar orasida zaharlanish holatlari qayd etilgani aniqlandi”, dedi huquq-tartibot idoralari vakili.

Shahrixonliklarga ko‘ra, Amir Temur ko‘chasida joylashgan bu kafe tuman aholi orasida ancha mashhur bo‘lgan:

“Kimki tuman markaziga borsa, shu kafedan muzqaymoq yeb qaytadi. Kecha onam bilan qizim ham bozor qilishga borgan payti, shu kafedan muzqaymoq olib yeyishgan. Allohga shukur, ularning vaziyati yaxshi. Birinchi tibbiy yordamni olib, hozir uyda ikkalasi ham”, dedi shahrixonlik ayol.

“Uch kishi hibsda”

Andijon huquq-tartibot idoralaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, 2016 yilda ochilgan MAKS kafesi shahrixonlik Rustamjon Rahimovga tegishli bo‘lib, u kafeni andijonlik Jahongirmirzo Bulturboevga ijaraga bergan:

“Kafeda tadbirkor Jahongirmirzo Bulturboevga ishlab chiqargan qo‘lbola muzqaymoqlar sotuvi yo‘lga qo‘yilgan. Bulturboev tegishli hujjatlarga ega bo‘lmagan holda, antisanitariya holatida o‘z uyida muzqaymoq sexi tashkil qilgani aniqlandi”, dedi huquq-tartibot idoralari vakili.

Vaziyatdan xabardor Ozodlik manbasiga ko‘ra, zaharlanish voqeasi bo‘yicha uch kishi hibsga olingan:

"Muzqaymoqchi bolalarni militsiya bo‘limiga olib kirib qo‘yibdi. Hozircha jami uch kishi melisaxonada o‘tiribdi. Bugun material tayyorlashibdi, sudga olib chiqisharkan, ish jiddiy emish", dedi Ozodlik manbasi.

Vaziyat nazoratda

Shahrixon tuman hokimligi mulozimiga ko‘ra, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari¸ Respublika Bosh Davlat sanitariya vrachi Saydmurod Saydaliev boshchiliigidagi vrachlar zudlik bilan Shahrixonga kelib¸ vaziyatni nazoratga olgan:

- Saydmurod Sayidg‘anievichning o‘zlari shtabda o‘tirib vaziyatni nazorat qildi. MChS oyoqqa qalqqan. Viloyat hokimi Shuhratbek Qo‘shoqboevich bo‘lsa kasallarga bepul tibbiy yordam va dorilar berishni ta’minladi. Butun viloyatdagi vrachlar Shahrixonga safarbar qilindi. QVP vrachlari uyma-uy yuribdi¸ deydi mulozim.

Ozodlik bilan suhbatda Bosh sanitariya vrachi idorasi¸ shuningdek¸ Favqulodda vaziyatlar vazirligi rasmiysi o‘z rahbar va xodimlarining Shahrixondagi vaziyatni bartaraf etishga safarbar qilinganini tasdiqladi.

MChS xabari

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi 17 may kuni tushdan so‘ng e’lon qilgan ma’lumotga ko‘ra, 15 may kuni Shahrixon tumani tibbiyot birlashmasiga va Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga qayt qilish va ich ketish kabi ovqatdan zaharlanish belgilari bilan murojaat qilgan 212 kishidan 186 nafari davolanish uchun yotqizilgan.

“Bemorlarga ko‘rsatilgan barcha zarur davolash muolajalari samarasi o‘tgan sutkalar ichida, ya’ni 17 may soat 8.00 holatiga 153 nafar fuqaroning holati yaxshilanib, uyiga javob berilgan. Qolgan 33 bemorning holati qoniqarli, kundan-kunga yaxshilanib bormoqda”, deyiladi Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabarida.

Lekin vazirlik xabarida Shahrixondan boshqa shifoxonalarga yotqizilgan bemorlar haqida ma’lumot berilmagan.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra,bemorlar zaharlangan muzqaymoq bakteriologik va kimyoviy tekshiruvdan o‘tkazilmoqda.

Muzqaymoq kafelari yopildi

Huquq-tartibot idoralaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, ommaviy zaharlanish voqeasidan so‘ng Shahrixondagi muzqaymoq sotiladigan barcha kafelar yopilgan.

"Zaharlanish o‘chog‘i aynan MAKS kafesi bo‘lgan bo‘lsada, tumanda muzqaymoq sotilidigan boshqa joylarning barchasi vaqtincha yopildi. Hozir taftish ishlari bo‘layapti. O‘rganilgach, yana qayta ochiladi", dedi huquq-tartibot idoralari vakili.

Ëz oylarida O‘zbekistonnda muzqaymoqdan zaxarlanish ko‘p uchraydi
Ëz oylarida O‘zbekistonnda muzqaymoqdan zaxarlanish ko‘p uchraydi

Yoz oylarida O‘zbekiston shaharlarida muzqaymoq¸ ayron yoki boshqa rohatbahsh ichimliklardan zaharlanish uchrab turadi.

Ozodlik joriy yilning mart oyida Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida joylashgan “Ustoz” sanatoriysining qariyb o‘n nafar dam oluvchisi ovqatdan zaharlangani haqida yozgan edi.

2014 yili Jizzaxda o‘nga yaqin odam muzqaymoqdan zaharlanib kasalxonaga yotqizilgan edi.

XS
SM
MD
LG