Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:40

Karimov davrida kamsitilgan shoira Halima Xudoyberdievaga orden berildi


Shu kunlarda 70 yoshni qarshilagan O‘zbekiston Xalq shoirasi Halima Xudoyberdievaga “El yurt hurmati” ordeni berildi. Tavallud tadbirlarida qatnashayotgan shoiraning shogirdi Guljamol Asqarovaga ko‘ra, mashaqqatlar ortidan peshanasi yarqiragan Halima Hudoyberdieva yangi rahbariyatdan minnatdor:

-Juda ham minnatdor. Navoiy kutubxonasida bo‘lib o‘tgan tadbirda O‘zbekiston prezidenti davlat maslahatchisi Hayriddin Sultonov shoira ko‘ksiga “El yurt hurmati” ordenini taqib qo‘ydi. Tadbirda so‘zga chiqqan Muhammad Ali¸ Yo‘ldosh Eshbek kabi shoirlar Halima Xudoyberdievaning she’riyatdagi o‘rni haqida iftixor bilan gapirishdi, - deydi Guljamol Asqarova.

Suhbatdoshga ko‘ra, 17 may kuni shoiraning “Osoyishta sham” degan kitobi bosmadan chiqqan.

Shoira so‘nggi 25 yil ichida kitobi chop qilinmay kelayotgan edi.

Halima Xudoyberdieva sovet davrida "Yosh gvardiya" nashriyotida bo‘lim boshlig‘i, "Saodat" xotin-qizlar jurnalida Bosh muharrir sifatida faoliyat olib borgan. Bundan tashqari u O‘zbekiston Ayollar qo‘mitasi raisi bo‘lgan.

Чодирҳаëл дастури
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:17 0:00
Бевосита линк

Xavfli burilish

1994 yilda esa, shoiraning eri -o‘sha paytlarda Prezident Karimovning Davlat maslahatchisi bo‘lgan Mavlon Umrzoqov ishdan olingani ortidan Halima Hudoyberdievdan ishdan bo‘shash haqida ariza yozish so‘raladi.

Shoira 2009 yili Ozodlik bilan suhbatida eri qamoqda bo‘lgan payti ikki yil uydan ko‘chaga chiqmaganini aytadi.

Shoira keyinchalik o‘z mavqeiga mos bo‘lmagan tarzda “Guliston" degan jurnal oddiy xodim bo‘lib ishlab keyin nafaqaga chiqadi.

Sakkiz yil burungi suhbat

2009 yili ¸ Ozodlikka suhbat bergan taniqli shoira Halima Xudoyberdieva she’riyatga kirib kelishidan tortib¸ marhum Sharof Rashidovning o‘z hayoti¸ qolaversa o‘zbeklar tarixidagi o‘rni haqdagi xotira va kuzatishlarini o‘rtoqlashgan edi.

Shoir yashay bilmas tilini tishlab,

Ko‘rib, ko‘rmaslikka solib o‘zini.

Nomard ketar ekan vaqtini xushlab,

Mushfiq tasalli deb bilsa to‘zimni,

Shoir yashay bilmas.

Tinch qaray bilmas u tog‘u tosh qolib,

Insonning yuragi qular chog‘larga,

Osmonning o‘rniga insonni olib,

Ko‘nglin to‘ldirsalar qaldiroqlarga,

Shoir yashay bilmas.

Yasholmaydir ermas, dil qolsa muzlab,

Ko‘rib payhon bo‘lgan ishq iqbolini.

Bolariga gulmas, inson bo‘lsa daf,

So‘rib tugatsalar shira bolini,

Shoir yashay bilmas.

Bu satrlarni yozgan shoira Halima Xudoyberdieva she’rlaridagi shijoatdan farqli bir tarzda¸ “nima ham qilar edik¸ yashayapmiz” deya gap boshladi.

“Odamning ijodini nima bo‘lganda ham o‘zining davridan ayro olib baholab bo‘lmaydi”.

Halima Xudoyberdieva bilan bog‘lanib undan fikr so‘rashga anchadan beri harakat qilib keldik. Nihoyat bu harakatlarimiz samara berdi. Telefon sifatining yomon bo‘lishiga qaramasdan suhbatimiz anchayin yaxshi kechdi.

Ot haqida she’r yozgan Boyovutlik qizaloq

Halima Xudoyberdieva: Men o‘zimni¸ birinchi galda¸ ijodkor deb bilaman.

Ozodlik: Halima opa¸ bolalikka qaytsak. Siz qanday qilib shoir bo‘ldingiz?

Halima Xudoyberdieva: Men Boyovut tumanida bir qishloqda tug‘ilganman. Yangi yilda o‘qituvchilarimiz bittadan she’r yozib kelasizlar¸ deb vazifa berishdi.

Mening onam agronom edi. U paytda agronomlar¸ raislar otda yurar edi. Onamning otining oq qashqasi bor edi. Uning oti Olaqashqa edi. Mening birinchi she’rim o‘sha otga bag‘ishlangan "Olaqashqa" degan she’r bo‘lgan.

O‘qituvchim bu she’rimni maktabda¸ tuman gazetasida¸ viloyat gazetasida chiqartirib¸ shu bilan ijod boshlanib ketdi. Kecha ham mana Qashqadarëda¸ Samarqandda uchrashuvlar o‘tkazib keldim. Hamma joyda o‘qituvchilarga iltimosim¸ ularga qo‘yadigan talabim bo‘ladi.

Bola balog‘at yoshiga yetgan paytida baribir yozadida. O‘sha paytda e’tibor beringlar, deyman. Shunda “Yo‘q¸ bolam. Bu sening ishing emas” desangiz¸ shu qog‘ozni tashlaydi. “Yo‘q¸ yaxshi ekan. Boshqachaku bu” degan ko‘ngil ko‘taradigan gap aytsangiz¸ shu bola shu yo‘ldan o‘zi chiqib ketganini bilmay qoladi.

Oq sochlik homiy

Ozodlik: Sizning yuzaga chiqishingizda o‘sha paytdagi O‘zbekiston rahbari Sharof Rashidov yordam bergan¸ deb ham yozishadi. Bu qanday bo‘lgan?

Halima Xudoyberdieva: U kishi viloyatga borgan. O‘shanda mening chiqishimni gazetada ko‘rgan. Men u paytda 10- sinfda o‘qirdim.

Sharof Rashidov “Shu qizchada bir narsa borga o‘xshaydi” deb viloyat hokimi bilan gazeta redaktorini shu qizning yashash sharoitini ko‘rib kelasizlar va ota-onasini qizini o‘qishga yuborishga ko‘ndirib kelasizlar¸ deb bizning uyimizga jo‘natgan.

Mening ijodga kirib kelishimning birinchi boshlanishi o‘shanda bo‘lgan. Bu ëqda ham¸ Moskvada ham o‘qigan paytlarimda¸ u kishi har doim xabar olganlar. Moskvada hech bo‘lmasa bitta-ikkita kitob chiqarish kerak¸ derdi u kishi.

Moskvaga borganlarida meni yonlariga chaqirib “Qizim¸ nimaga haligacha kitobingiz chiqmadi?” deb menga aytgan. Rahmatli Sharof Rashidov haqda gap ketganda¸ men u kishini yorug‘ xotiralar bilan eslayman.

Ozodlik: O‘sha paytda ba’zi bir yozuvchilar orasida “Sharof Rashidov O‘zbekistonni ruslashtirayapti”¸ degan e’tirozlar bor edi. Uni sevmaydigan qatlam bor edi. Bu iddaolarga vaqt o‘tib qanday baho berish mumkin?

Halima Xudoyberdieva: Yo‘q¸ men bu gapga qo‘shilmayman. O‘zbekiston uchun nima qilish kerak bo‘lsa¸ qo‘lidan kelguncha hamma narsani qildi u kishi. O‘zbekiston uchun nimani qanday yo‘llar bilan undirish kerak bo‘lsa¸ undirdi. Bitta katta rahbar undan ortiq bo‘lmas edi.

Saodat jurnalidagi saodatli onlar

Sovet davrida ayollar haqda jo‘nakay maqolalar e’lon qilib turgan “Saodat” jurnali Gorbachyov davrida umum el dardini - erkakning ham¸ ayolning ham muammolarini yoritadigan nashrga aylandi. O‘zbekiston mustaqillik deklaratsiyasi ham ilk bor “Saodat” jurnalida yuz ko‘rdi.

Ozodlik: Mana¸ “Saodat” jurnalini Zulfiya opadan keyin siz boshqardingiz. Bu jurnalning o‘sha paytda tutgan o‘rni qanday edi?

-Halima Xudoyberdieva: Men bosh muharrir¸ taniqli shoir Eshqobil Shukur o‘rinbosar edi. Biz bu jurnalda 10 yilcha ishladik. Biz bilan o‘sha paytda ishlagan kadrlarning hammasi hozir belgolovchi lavozimlarda o‘tiribdi.

Eshqobil Shukur hozir televideniening bir kanalini boshqarayotgan bo‘lsa¸ Qo‘chqor Norqobil “Qonun” jurnalining redaktori¸ Salim Ashur “Turkiston” gazetasini yaxshi boshqarayapti¸ Shomalikova Dilfuza “Sog‘lom avlod” gazetasini boshqarayapti.

Men bundan xursand bo‘laman. Har-har zamonda yig‘ilib turamiz. Biz boshqacha bir ishtiyoq bilan ishlaganmiz. Biz jurnalning har sonida bitta dolzarb masalani ko‘tarib chiqardik.

Qaysi yerda bo‘lmasin o‘sha erni gullatib o‘tirish¸ odamning burchi deb o‘ylayman. O‘sha yillardan biz haligacha qoniqamiz.

Millatning vakili bo‘lishdek sharaf

Ozodlik: Endi Gorbachyov¸ oshkoralik¸ demokratiya davri¸ degan bir atama bor¸ Gorbachyov hurriyati¸ degan atama bor. Siz o‘sha paytda¸ adashmasam¸ deputat bo‘ldingiz. O‘sha davrni qanday eslaysiz?

Halima Xudoyberdieva: To‘xtab turgan odam orqaga ketadi¸ degan gap bor. Demak¸ bir qadam bo‘lsa ham oldinga siljish uchun harakat bo‘lgan. Oshkoralik davri xalqqa ancha narsa berdi¸ deb o‘ylayman.

Imkon qadar fikrlarni ochiqroq aytish bor edi. 1989-1990 yillarda biz faol harakat qildik. Oshkoralik turtkisi bilan jamiyatni ancha oldinga tortishga erishdik¸ ancha oldinga qadam tashlashlar bo‘ldi.

Haqiqat uchun uch daqiqa yoki zulmatdan chiqiboq yana zulmatga sho‘ng‘igan qator

Ozodlik: Toshkent metrosida poezd Pushkin metrosidan yer ustiga chiqadi va keyin yana yer tagiga kirib ketadi. Oshkoralik davri ham shunaqa bo‘lmadimi? Sovet zulmidan biroz qutulib¸ yuzimiz quyosh yuzini ko‘rib va yana qorong‘ulikka kirib ketmadikmi?

Halima Xudoyberdieva: Bilmadim¸ yaxshi nima aytdingiz. G‘alati fikr bo‘ldi. Men buni she’rlarimda ishlataman.

Ozodlik: Mana siz¸ boshqalar singari mustaqillikni orzu qildingiz. Aziz bo‘lib yurgan odam¸ kutilmagan muammolarga duch kelmadingizmi?

Halima Xudoyberdieva: Muammolarga duch keldik. Endi kim muammo ko‘rmagan¸ kimning boshiga muammo tushmagan. Biz ham boshimizdan muammolarni o‘tkazdik. Lekin men hammasini qandaydir unutdim. Men o‘zi har doim unutishga harakat qilaman.

To‘ti savlat to‘kib bog‘larda yurar

Yashay bilmas qay bir fahmi ko‘ru kar,

Taroqni sochgamas¸ fikrga ursa,

Chetlab sho‘x, qiyqiriq nafasli qushlar,

To‘ti savlat to‘kib bog‘larda yursa,

Shoir yashay bilmas.

U yashay bilmaydir o‘tmas, qay bir on,

Oq-oydin tuyg‘ular ketsa o‘rilib.

Shilliqqurt misoli sip-silliq yolg‘on,

Haqiqat yonida tursa kerilib,

Shoir yashay bilmas!

Bu misralar 1976 yilda gramplastinka tarzida chiqarildi. Xo‘sh¸ bugun bog‘lardagi to‘tilar¸ shilliqqurt yolg‘onlar ko‘paygan davrda Halima Xudoyberdievaning ahvoli nechuk?

Halima Xudoyberdieva: Men o‘ylayman¸ har qanday jamiyatning yolg‘oni va rosti bo‘ladi. Yolg‘on ko‘payib ketayapti deb qarab o‘tirish bu odamiylikka¸ ayniqsa ijodkorga to‘g‘ri kelmaydi.

Ijodkorlarda qo‘ldan kelgancha yolg‘onnimi yoki boshqa tarafga ketishnimi to‘g‘rilashga harakat bor. Men ham shularning biri sifatida harakat qilayapman.

Ozodlik: Mana siz yuqorida shogirdlaringiz Eshqobil Shukur¸ Salim Ashurlarni aytib o‘tdingiz. Sizning tengdoshingiz Usmon Azimning sovet paytlarida yozgan she’rida “Shoirlari yolg‘on aytsa¸ o‘ladi el” degan misralar bor. O‘sha sizning shogirdlaringiz¸ deylik “Turkiston” gazetasidagi Salim Ashurni olsak¸ bemalol yolg‘onlarni yozib¸ tagiga muharrir sifatida imzo qo‘yayapti. O‘sha gazetada tuhmat yozilayapti¸ yolg‘on yozilayapti.

Aytaylik¸ bir hamkasbingiz Mamadali Mahmudov qamoqda¸ yana bir hamkasbingiz Yusuf Juma qamoqda¸ bir hamkasbingiz Emin Usmon qamoqda urib o‘ldirildi¸ boshqalari har yoqda qochib yuribdi.

Mana shunday holat bo‘lib turgan paytda bu shoirlar qanday yashayapti? Vijdon azobi¸ insof degan narsa yo‘qmi? Yoki yashayveradimi?

Halima Xudoyberdieva: Endi bu savollaringizga atroflicha o‘ylab¸ tayyorgarlik bilan javob qilish kerak. Menimcha¸ ular ham juda yolg‘onni berayotgani yo‘q. Ular faqat yolg‘on berayotgani yo‘q.

Ozodlik: Mana¸ sovet paytida Saxarovga tazyiqlar bo‘lgan paytda¸ siz Moskavada edingiz. O‘sha paytda uni bir qancha akademiklar himoya qilib chiqdi. Ruslarda poryadochnost - pokdomonlik¸ halollik degan so‘z bor.

Nahotki bizda “Nega Yusuf Juma qamoqda¸ nega Mamadali Mahmudov qamoqda¸ nega Emin Usmon urib o‘ldirildi¸ nega Muhammad Solih mamlakatdan quvib yuborildi?” deb aytadigan odam¸ til yo‘q? Shuncha ravon¸ biyron tillar nimaga gapirmayapti?

Halima Xudoyberdieva: (jimlik)............................

Ozodlik: Halima opa¸ mayli bu juda qiyin savol. Javob bermasangiz ham mayli. Endi men savol beray¸ deb berdimda.

Halima Xudoyberdieva: Tushundim men sizni.

Zanjirband dil

Xuddi men dunyoda doim kimdir kam

Beadoq hijrondan yursamda bezib

Kimdir chorlaganda bosolmay qadam

Zanjirband ekanim qolganday sezib

Halima Xudoyberdieva: Yana qanday savolingiz bor?

Ozodlik: Hozir qaerda ishlayapsiz?

Halima Xudoyberdieva: Hozir ishlayotganim yo‘q. Men hozir she’r yozayapman. Asosan she’rlar. Faqat mening she’rlarim ikkinchi etajda edi. Telefon bilan chiqsam¸ uzilib qoladimi degan xavotir bilan turibman.

Ozodlik: Chiqaveringchi.

Halima Xudoyberdieva: Eshitayapsizmi?

Ozodlik: Ha¸ eshitayapman. Demak ¸bugun yozilgan she’rlar.

To‘qni kiyar to‘ni bor¸

Berar bo‘lsang ochga ber¸

Qizni bersang xor qilmay¸

Jondan suyganiga ber.

Shu qizdan boshqasidan¸

O‘zin tiyganiga ber.

Qizni bersang qo‘rg‘oni

Bo‘ladiganiga ber.

Mabodo bermas bo‘lsang¸

O‘ladiganiga ber.

Yurtni bersang osmonin¸

Ko‘targich qanotga ber.

O‘lsa erin ayolday¸

Quchib yotar zotga ber.

Halima Xudoyberdieva: Yana bitta she’r o‘qib beraman.

Ozodlik: Marhamat.

Ko‘rdim qishloq¸ guzar¸ shaharlar ko‘rdim¸

Ohorlari ketib borar bilmaslar¸

Jamalak soch pari-paykarlar ko‘rdim¸

Bahorlari ketib borar¸ bilmaslar.

Tugmak bo‘lsa yetmas belbog‘ uchlari¸

Dunyo molin mahkam tishlar tishlari¸

Bog‘larining shirin zabon qushlari¸

Olqorlari ketib borar¸ bilmaslar.

Otlariya¸ qorabayir otlari¸

Gijingladi¸ deb o‘ylasam dodladi¸

Yoli bo‘ron bo‘lganligin yodladi¸

Shunqorlari ketib borar¸ bilmaslar.

Kuzatib bu dunyoning o‘r-qirini¸

Bilmay qoldim kelmak-ketmak sirini¸

Yolg‘on yorlar yalashib bir-birini¸

Chin yorlari ketib borar¸ bilmaslar.

Charsillagan bir o‘t yonar ichimda¸

Men she’r aytsam¸ aytmadim dil uchinda¸

Bu taloto‘p¸ quv-quv¸ chop-chop ichinda¸

Halima ham o‘tib borar¸ bilmaslar.

***************************************

Tug‘yon tugamadi shoir o‘lmadi

Tug‘yon ko‘tarar ul¸ bo‘lib bag‘ri qon,

Mayli, usiz xam mo‘l beg‘amlar, go‘llar,

Ishqilib, uzunroq umr ko‘r, isyon,

Tug‘yon tugagan kun shoir ham o‘lar.

XS
SM
MD
LG