Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:46

AQSh Trampning Rossiya bilan aloqalarini tergov qilish uchun maxsus prokuror tayinladi


Sobiq FTB direktori Robert Myuller
Sobiq FTB direktori Robert Myuller

AQSh Adliya vazirligi 17 may kuni sobiq FTB direktori Robert Myullerni Rossiya bilan prezident Trampning 2016 yilgi saylov kampaniyasi vaqtidagi gumon qilinayotgan maxfiy til biriktiruvini tergov qilish uchun maxsus prokuror etib tayinladi.

Ushbu qarorni Kongressdagi respublikachilar ham, demokratlar ham ma’qulladi.

Qaror noyabrda bo‘lib o‘tgan prezident saylovi natijalari Tramp foydasiga va Hillari Klintonga qarshi bo‘lishiga ta’sir ko‘rsatish borasida Rossiyaning gumon qilinayotgan xatti-harakatlarini mustaqil ravishda tergov qilish talabi kuchayib borayotgan bir patda qabul qilindi.

AQSh bosh prokurori – adliya vaziri o‘rinbosari, general Rod Rozenshtayn maxsus prokurorni tayinlash sababini “jinoyat sodir etilgani yoki birovni javobgar qilish kafolatlangani” uchun emas, balki “Amerika xalqi tergov natijasiga to‘liq ishonishi zarurligi” uchun ekanini aytdi.

Maxsus prokuror mustaqil ish ko‘radi, chunki u Adliya vazirligi va Oq Uy bilan maslahatlashuvsiz yoki ularni tergov qanday borayotgani xususida boxabar qilmay turib, o‘zi tanlaydigan xodimlar bilan tergov o‘tkazish vakolatiga ega.

Uning tergov vaqtida aniqlanib, gumon qilinadigan har qanday jinoyat uchun ish qo‘zg‘atish vakolati ham bor.

Tramp o‘tgan haftada FTB direktori Jeyms Komini ishdan bo‘shatgandan so‘ng Adliya vazirligi Rossiya masalasi bo‘yicha o‘tkazayotgan tergoviga OqUy ta’sir ko‘rsatishga uringan bo‘lishi mumkin, degan gumon paydo bo‘ldi. Ushbu tergovni FTB o‘tgan yili boshlagan edi.

16 may kuni Tramp lavozimiga kirishgan dastlabki haftalarda Komidan Rossiyaning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha prezidentning sobiq maslahatchisi Maykl Flinn bilan aloqalarini tergov qilishni to‘xtatish to‘g‘risida iltimos qilgani xususidagi xabarlar tarqalgandan so‘ng yana savollar tug‘ila boshladi.

Komi Trampning iltimosi, yana u bilan qilgan boshqa suhbatlarini maxsus qaydlarda yozib borgan va ko‘plab OAV ularni 16 may kuni e’lon qildi.

Oq Uy Komining Tramp bilan Flinn haqidagi suhbati haqidagi fikrlarini rad qildi.

Kongressning bir qancha rahbarlari Trampning Flinn ishi tergovini to‘xtatish haqidagi iltimosini adolat qaror topishiga to‘sqinlik qilish deb baholadi – bu Qo‘shma Shtatlarda jinoyat hisoblanadi.

17 may kuni kechqurun Kongressning uchta qo‘mitasi Komining qaydlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rishni va Komi Tramp bilan suhbatlari xususida ko‘rgazma berishini talab qilib chiqdi.

Maxsus prokuror nomi e’lon qilingandan so‘ng 16 may kuni Tramp yana bir marta Rossiya bilan o‘zining saylovoldi kampaniyasi o‘rtasida hech qanday shubhali aloqalar bo‘lmagani xususida bayonot berdi.

Tramp o‘sha kuni oldinroq Rossiya bilan bog‘liq masalaning OAVda yoritilishidan shikoyat qilib, “tarixda hech bir siyosatchiga nisbatan – buni qat’iy ishonch bilan aytaman – bunchalik yomon va adolatsiz munosabatda bo‘lgan emas”, deb aytdi.

Kongress rahbarlari maxsus prokuror tayinlashiga yuksak baho berdi.

Demokratlar o‘tgan yildan beri shuni talab qilib kelayotgan edi, so‘nggi kunlarda ko‘pchilik respublikachilar ham ularning talabiga qo‘shildi.

Senator Richard Berr, respublikachi:

Bosh prokuror o‘rinbosari general Rod Rozenshtayn bu ishni tergov manfaatidan kelib chiqib qildi, deb o‘ylayman. Uning bu qaroriga qo‘shilmaslikka sabab topa olmayapman”.

Senatdagi demokratlar yetakchisi Charlz Shumerning aytishicha, Myuller respublikachilar va demokratlar hokimiyat tepasida bo‘lgan 2001-2013 yillarda FTBni boshqargan va bu ishga uning nomzodi to‘g‘ri tanlangan.

Kongressmen Jim Haymes, demokrat:

Men Robert Myuller tayinlanganidan rosa xursand bo‘ldim, ikkinchidan, Bob Myuller halol va nomiga dog‘ yuqtirmagan inson. Men uning tayinlanganidan juda xursandman”.

Vakillar palatasining nazorat qo‘mitasi raisi, respublikachi Jeyson Shaffets Myullerning “tanlangani ulug‘ ish bo‘ldi. U hech qachon nomiga dog‘ tushirmagan. Uni hamma qabul qilishi kerak”, deb aytdi.

AQShning razvedka idoralari joriy yilning boshida, Rossiya prezidentlik sayloviga aralashdi, deb xulosa chiqargan va FTB tergovi o‘sha xulosalarga asoslanayotgan edi.

Moskva bu ishga aralashganini qayta-qayta rad etib keladi.

XS
SM
MD
LG