Линклар

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida navbatdagi imtihon mavsumi boshlanadigan may oyida Jizzaxdagi o‘qish jarayoni deyarli to‘xtab qoldi. Oy boshidan beri hokimiyat buyrug‘i bilan shahardagi kollej va litsey talabalari yoppasiga “Barkamol avlod” o‘yinlariga tayyorgarlikka jalb qilingan bo‘lsa¸ Jizzax institutlari va tumanlardagi kollej-litsey talabalari paxta chopig‘iga haydaldi.

“Ha¸ chopiqdamiz..”

18 may kuni Ozodlik suhbatlashgan Jizzaxdagi institut ma’murlari¸ talabalarning 5 maydan beri Zarbdor¸ Paxtakor va Do‘stlik tumanlariga paxta chopig‘iga chiqarilganini tasdiqladi.

"Do‘stlikdan qaytishdi. Zarbdor¸ Paxtakorga hali chiqishayapti. Shu ikki-uch kun ichida chopiq tugasa kerak. Imtihonlar boshlandiku!"¸ dedi Jizzax pedagogika instituti vakili mikrofonsiz suhbatda.

Ayni institut talabalaridan biri Ozodlik bilan suhbatda¸ 18 may kuni kuchli yomg‘ir yoqqani uchun talabalar chopiqqa chiqarilmagani¸ ammo boshqa kunlari o‘zlariga chopiqbop kiyinib kelish aytilib¸ avtobuslarda Jizzax shahriga nisbatan yaqin tumanlarga olib ketilaëtganlarini bildirdi.

"Ertalab ketib¸ kechda kelayapmiz. Ikkiqatlardan boshqa hamma chopiqqa chiqishga majbur. Aks holda¸ imtihondan yiqitish bilan qo‘rqitishayapti. Yegulikni o‘zimiz olib kelishimiz kerak. Fermer bizga hatto suv ham bermaydi. Issiq 30 darajadan oshib ketgan. Kuni bilan qizlar ham¸ yigitlar ham ketmon bilan paxta tagini yumshatib chiqayapmiz. Tuzuk-quruq o‘qish bo‘lmadi¸lekin imtihon topshirishimiz kerak endi. Buyog‘i yana pul yig‘ishda!" dedi jizzaxlik talaba.

Jizzax viloyat hokimligining Ozodlik suhbatlashgan rasmiysi¸ o‘quvchi-talabalarning may oyi boshidan beri chopiqqa chiqarilayotgani haqidagi xabarlarni rad etishga urindi¸ ammo talaba va institut xodimlari bergan tafsilotlarni eshitgach¸ izohsiz go‘shakni ilib qo‘ydi.

“O‘quvchisini dalaga olib chiqqan kollej fermerdan pul oladi¸ talaba och-nahor chopiq qiladi”

Ozodlik bilan suhbatda Jizzax tumanidagi fermerlardan biri tumandagi kollej o‘quvchilarining 2-3 kurslari 5 maydan beri chopiqqa chiqarilayotganini tasdiqlay turib¸ bu jarayonga oid tafsilotlarni qo‘shimcha qildi.

"Qo‘lida naqd puli bor fermer chopiqqa mahalladan ishchi olib chiqadi. Hokimiyat mahallaqo‘mlarga buyruq bergan¸ har bir oiladan bitta odam chopiqqa chiqishi shart¸ bo‘lmasa¸ "posobiesini kesasan¸ ma’lumotnoma bermaysan"¸ deb qo‘rqitadi. Shunga fermer mahallasidan 20 tacha odam chiqarayapti. Bu chopiqchilarga fermer gektariga¸ 4000 dan 6000 so‘mgacha to‘laydi¸ chopiqning tozaligiga qarab. Naqd pul olgani uchun¸ bir ishchi kuniga 5-6 kilometrlik egatni chopiq qilib chiqadi.

Naqd puli yo‘q¸ yoki naqdini ishlatgisi kelmagan fermer¸ hokimiyat bilan aloqasi yaxshi bo‘lsa¸ kollej o‘quvchilarini olib chiqadi. Hokimlik kollej direktoriga “olib chiq” deb topshiriq beradi¸ fermer kollej hisobiga bir gektar chopiq uchun 30 ming so‘m perechislenie qiladi. Bitta kollej shanba-yakshanba kuni 80-90 ta bolani chopiqqa olib chiqadi. Buncha bola kamida 15-20 gektar yerni chopiq qilib beradi. Kollej hisobiga o‘tkazilgan pulni kim¸ nimaga xarjlaydi¸ bunisi bizga qorong‘u"¸ deydi Ozodlik suhbatlashgan jizzaxlik fermer.

"Majburiy mehnatsiz paxta yetishtirolmaymiz..."

Jizzax viloyatida har yili chopiq mavsumida mahalla va ta’lim muassasalariga chopiqqa chiqish bosimi kuchli bo‘lib kelganini ta’kidlagan fermer¸ bu bosimning Mirziyoev prezident bo‘lganidan beri o‘zgarishsiz davom etayotganini ta’kidladi.

"Bu yilgi bitta o‘zgarish¸ hisobida puli bor fermerga bir gektar yer chopig‘i uchun 25 ming so‘mni naqdlashtirib berish haqidagi buyruq bo‘ldi. Bu pulni olguincha ham "onang yaxshi¸ otang yaxshi" qilib¸ yalinib yurdik. Bir gektar yerni yollanma ishchiga chopiq qildirish¸ bizga o‘rtacha 40 ming so‘mga tushayapti¸ bular 25 mingdan berayapti. Yetmaydi¸ lekin o‘tgan yillarda shu ham yo‘q edi¸ deb xursand bo‘lib o‘tiribmiz"¸ dedi jizzaxlik fermer.

"Paxta terulguncha¸ 5 martacha chopiqdan o‘tadi. O‘zbekistonda paxta tagini yumshatadigan mashina yo‘q¸ kultivator paxta yonidagi 30 sm. joyni qodirib ketadi. Arzon ishchi kuchini dalaga olib chiqmasa¸ paxta bo‘lmaydi. Eng arzoni esa¸ hali-hali o‘quvchi-talaba bo‘lib qolayapti"¸ deydi Ozodlik suhbatlashgan jizzaxlik fermer.

So‘nggi 13 yil davomida Bosh vazir sifatida asosan paxta bo‘yicha davlat rejasining bajarilishi uchun mas’ul bo‘lgan Shavkat Mirziyoev o‘tgan yilning 4 dekabrida prezidentlikka saylanganidan beri¸ qishloq xo‘jalik tizimida ayrim o‘zgarishlar qilishga kirishdi.

Xususan¸ paxta maydonlarini qisqartirib¸ eksportga meva-sabzavot yetishtirishni ko‘paytirish¸ paxtachilikni mexanizatsiyalashtirishni jadallashtirish haqida gapirib kelmoqda.

Ayni paytda¸ Jizzaxda o‘quvchi-talabalarning chopiqqa haydalayotganidan qishloq xo‘jaligidagi jiddiy o‘zgarish yo‘qligi ko‘riladi.

Agar siz yashayotgan hududda ham o‘quvchi-talabalar o‘qish va imtihonga hozirlik ko‘rish o‘rniga chopiqqa chiqarilayotgan bo‘lsa¸ bu haqdagi batafsil ma’lumotlar¸ xususan¸ surat va videolarni Ozodlikning Telegram, WhatsApp, Facebook va Odnoklassnikidagi sahifalariga yo‘llashingiz mumkin.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG