Линклар

Angren shahrida nikoh to‘yi arafasida daryo bo‘yiga aylangani borib Spark mashinasida suvga cho‘kib, halok bo‘lgan qalliqlar jasadini topish uchun qutqaruvchilar ikki kun sarflaganlar.

Fojia, O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi mulozimining aytishicha, 12 may kuni Angren daryosi sohilida ro‘y berdi.

Ismini oshkor etmaslikni so‘ragan vazirlik mulozimining aytishicha, ​juftlik mashinani Angren suv ombori yaqinidagi daryo qirg‘og‘iga haydab borganida atomobilni suv tortib ketgan.

Mashina suvga cho‘kayotgan mahal uni boshqargan yigit uyali telefonidan do‘stiga qo‘ng‘iroq qilgan va evakuvator chaqirib mashinani suvdan chiqarishga yordam so‘rashga ulgurgan.

U manzilini aytishi bilan aloqa uzilgan, dedi Ozodlikka halok bo‘lgan yigitning do‘stlaridan biri.

U tanishimiz Baxromga telefon qilgan, “mashina suvga cho‘kib ketdi, zudlikda evakuator olib kel!”, degan va shu vaqtda aloqa uzilib qolgan. Bahrom evakuator olib borganida ular suvga cho‘kib bo‘lishgan ekan. Keyin Favqulodda vaziyatlar vazirligidan qutqaruvchilar keldi, vodolazlar ikki kun qidirdi, topisholmadi, - deydi suvga cho‘kib o‘lgan yigitning do‘sti.

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligining Angren bo‘limi mulozimining Ozodlikka aytishicha, 23 yoshli Ilxom Pardaev va unga unashtirilgan 20 yoshli Anora Tojiboeva mashinasi bilan suvga cho‘kib, halok bo‘lganini tasdiqladi.

Mulozimning aytishicha, ularning jasadi, suvga cho‘kkanidan ikki kun o‘tib, Angren daryosi tubidan topilgan.

- Jasadlar Spark mashinasi ichida edi. Avtomashina suvdan ko‘tarilganida ichida ikki yosh yigit-qiz jasadi bor edi. Rulda o‘tirgan yigitni oyog‘i mashina pedaliga yopishib, qotib qolgan xolda edi, - deydi FVV rasmiysi.

Hozirda Angren prokuraturasi mazkur halokat bo‘yicha surishtiruv ishlarini olib bormoqda.

Prokuratura mulozimining Ozodlikka aytishicha, haydovchi mashinani daryo qirg‘og‘iga juda yaqin haydab borishi sababli fojia ro‘y bergan.

- Nima sababdan bu sodir bo‘lgani o‘rganilyapti. Dastlabki hulosa shuki, haydovchi mashinani daryo bo‘yiga juda yaqin haydab borgan. Aslida u yerga mashina bilan umuman borish mumkin emas edi, - deydi prokuratura xodimi.

Bu mudhish voqea Angrenni larzaga soldi.

- Ularni bir haftadan keyin to‘ylari bo‘lishi kerak edi. Afsus ....., - deydi ularni do‘stlaridan biri.

O‘zbekistonda yozgi mavsum boshlanishi bilan cho‘milish havzalarida suvga cho‘kish hollari har yili kuzatiladi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligiga ko‘ra, suvga cho‘kish kabi baxtsiz hodisalar yuz berishiga, avvalo, taqiqlangan joylarda cho‘milish, xavfsizlik qoidalariga rioya etmaslik, suzishni bilmaslik yoki spirtli ichimlik iste’mol qiligan holda suvga sho‘ng‘ish sabab bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG