Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:44

Dayjest: Qashqadaryoda vatandosh murojaatiga e’tiborsiz amaldorlar jazolandi


Qashqadaryoda o‘nlab mansabdor vatandoshlar murojaatiga bepisandligi bois ma’muriy javobgarlikka tortildi. Samarqandda “Agrobank” filiali rahbari pora bilan ushlandi. O‘qituvchilar hokimiyatning tekin dastyoriga aylanib qolgani keskin tanqid qilindi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_______________________________________________________________

Qashqadaryoda fuqaro murojaatiga bepisand o‘nlab mansabdor javobgarlikka tortildi

Qashqadaryo viloyatida mahalliy boshqaruv idoralarining o‘nlab mansabdori fuqarolar murojaatiga bepisandligi bois jazolandi (“Huquq”, 18 may). Ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortilgan amaldorlar orasida hokimliklar, sog‘liqni saqlash, qishloq va suv xo‘jaligi, moliya, mehnat va arxitektura boshqarmalari vakillari bor. Masalan, Qarshi shahri hokimi o‘rinbosari D.Sultonov 15 ta murojaatni belgilangan muddatda ko‘rib chiqmagani va murojaatchilarga yozma javob bermagani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Shuningdek, Chiroqchi tumani moliya bo‘limi boshlig‘i N.Beknazarov, Mirishkor tumani er resurslari va davlat kadastri bo‘limi boshlig‘i T.Ma’murov, Dehqonobod tumani davlat soliq inspektsiyasi bo‘lim boshlig‘i B.Ibragimov turli darajada javobgarlikka tortilgan. Qayd etilishicha, viloyatning ichki ishlar (31 ta holat), soliq (23 ta holat) va sud ijro idoralarida (15 ta holat) ham murojaatchilarning huquqlari buzilgani aniqlangan.

Kredit evaziga pora talab qilgan bankir qo‘lga olindi

“Agrobank”ning Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahar filiali rahbari Ixtiyor Begmatov pora bilan qo‘lga olindi (“Postda”, 13 may). Ma’lum bo‘lishicha, sakkiz kishini ish bilan ta’minlagan tadbirkor bank filialiga chorva uchun kredit so‘rab bir necha marta murojaat qilgan. Barcha hujjatlar tayyor bo‘lishiga qaramay, filial rahbari ishni paysalga solgan. Tadbirkor uchinchi marta kelganida bankir kredit ajratish evaziga 300 dollar talab qilgan. Filial rahbari ushbu summani pora tariqasida olayotganda qo‘lga tushirilgan. Aniqlanishicha, I.Begmatov avval ham jinoyatga qo‘l urgani bois sud hukmiga ko‘ra, joriy yil fevraldan ikki yilga rahbarlik lavozimlardan chetlatilgan. Ammo “Agrobank” mansabdorlari sud hukmiga bo‘ysunmay I.Begmatovning filial boshlig‘i lavozimida ishlashiga imkon yaratib bergan. Ushbu jinoyat yuzasidan tergov olib borilayotgani xabar qilingan.

Matbuot: O‘qituvchi hokimiyatning tekin dastyoriga aylanib qoldi!

O‘zbekistonda o‘qituvchilarni ixtiyoriy-majburiy ravishda hashar va boshqa jamoat ishlariga jalb etish ko‘paymoqda (“Oila davrasida”, 18 may). Ahvol shu darajaga yetganki, o‘qituvchilar oxirgi paytlar hokimiyat va mahallaning tekin dastyoriga aylanib qoldi . O‘qituvchilarga ko‘ra, hokimliklar ularni ommaviy tozalash tadbirlari, hasharlarga hatto yakshanba kunlari ham jalb etmoqda. “Aprelь oyida har bir o‘qituvchi o‘ziga biriktirilgan mahallada uyma-uy yurib, xonadon a’zosidan hovlisidagi daraxtlarigacha hisoblab chiqdik” deydi Toshkent viloyatidagi maktabda ingliz tilida dars beruvchi muallima. Bundan tashqari, qog‘ozbozlik va hisobotbozlik ham ularning tinkasini quritmoqda. “Yakshanba kuni kamida olti nafar o‘quvchining uyiga borib, ota-onasi va o‘zi bilan birga rasmga tushib, suratni maktabga topshiramiz... Kamiga, maktablarda keragidan ortiq qog‘ozbozlikka ruju qo‘yilgan... Endi o‘zingiz o‘ylang, bunaqa ish tartibida qanday qilib ertangi darsga tayyorlanish mumkin?” degan boshqa bir o‘qituvchi.

XS
SM
MD
LG