Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:03

Tijorat banklarining “Mirziyoev krediti"ni berishga resursi tugab qoldi


O‘zbekiston tijorat banklarining aholiga soddalashtirilgan tartibda mikrokredit ajratish haqidagi prezident qarori ijrosini bajarish qurbi¸ ikki oyga yetib-yetmay tugab qoldi. Naqd ortidan endi naqdsiz pul taqchilligiga ham uchragan banklar birin-ketin bunday kredit ajratishni to‘xtatishga majbur bo‘lmoqda.

"Bank eskicha javobini qaytarishga o‘tdi"

Prezident Shavkat Mirziyoev joriy yilning 17 mart kuni aholiga mikrokredit ajratishni soddalashtirishga qaratilgan qaror chiqargan edi.

“Aholi bandligini oshirish”ni maqsad qilgan bu qarorda “tijorat banklari krediti hisobidan sotib olinadigan qoramol, qo‘y-echki, quyon, parranda, baliq, asalari uyasi, mevali daraxt va tok ko‘chatlari, urug‘, mineral o‘g‘it, o‘simliklarni kimyoviy himoya qilish vositalari, maishiy texnika, uskunalar, qurilish materiallari va boshqa tovarlarni hech qanday cheklovlarsiz naqd pulsiz hisob-kitob yo‘li bilan yetkazib berishni tashkil etish” buyurilgan edi.

Bu qaror chiqqan kundan tijorat banklari Mirziyoevning mikrokredit va’dasini bajarish¸ ya’ni aholiga 2-3 yil muddatga ustamasi 9 foizdan oshmagan kredit berishni boshlab yubordi.

Ammo bu qaror ijrosi boshlanganidan ikki oy o‘tib-o‘tmay¸ aksar tijorat banklari qoramol olish uchun qarz so‘rovchilarni “resurs tugab qolgani” iddaosi bilan quruq qo‘l bilan qaytarmoqda.

Qoraqalpog‘iston respublikasining Xo‘jayli tumanidagi “Sanoatqurilish bank” filialiga qoramol olish uchun mikrokredit so‘rab murojaat qilganlardan biri Ozodlikka o‘ziga bunday kredit berish to‘xtatilganini aytishganini xabar qildi.

"Resursimiz tugadi"

Bu xabarni o‘rganish asnosida Ozodlik 19 may kuni nafaqat “O‘zsanoatqurilishbank”¸ balki aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga mikrokredit ajratishga mas’ul bo‘lgan tijoriy banklarning aksariyatidan qoramol olish uchun mikrokredit berishning to‘xtatilgani javobini oldi:

-“Sanoatqurilishbank”da resurs yo‘qligi sababli qoramol olishga kredit ajratish to‘xtatilgan. Hozir berilmayapti¸ dedi bu bank bosh idorasi xodimlaridan biri.

Bankning Xo‘jayli tumani filiali mutaxassisi ham Toshkentdagi telefon raqamiga javob bergan xodima javobini takrorladi:

- Qoramol olish uchun kredit berish hozir to‘xtab qoldi. Uning resursi tortildi. Bizga bo‘lim boshliqlarimiz shunday topshiriq berdi¸ boshqasini bilmaymiz. Lekin tovuqqa kredit bor¸ minimal okladning 50 miqdorida. Hamma hujjatlar tayyor bo‘lsa¸ bir hafta ichida ko‘rib chiqamiz¸ dedi Xo‘jaylidagi “Sanoatqurilishbank” kredit bo‘limi vakili.

“Ipoteka” bankining Toshkentdagi bosh idorasi xodimi¸ qoramol uchun kredit berilmasin¸ degan buyruq yo‘qligi¸ biroq kredit so‘rovchilar ro‘yxati uzayib ketib¸ ularga pul topib berish og‘irlashgani ortidan¸ ayrim filiallar kredit bermayotganini bildirdi:

- Umumiyatla¸ to‘xtatilsin¸ deyilmadi. Lekin har bir mahallaga bittadan tijorat banki biriktirilgan va aholi o‘z yashash manziliga biriktirilgan bank filialiga murojaat qilishi kerak. Navbatga yozilganlar ko‘p¸ ayrim joylarda¸ resursi tugab qolayapti. Boshqa bankka borilsa¸ u yerda ham o‘zining mahallasi¸ o‘zining navbatga yozilganlar ro‘yxati bor. Murojaat qilish mumkin¸ lekin kredit berilishiga garantiya yo‘q¸ dedi “Ipoteka” bank xodimasi.

“Agrobank” bosh ofisiga qilingan murojaatga ham ayni javob berildi.

- Bu mikrokreditlarni ajratish shu oydan to‘xtatildi. Resurs tugab qoldi. Adashmasam¸ olti oyga to‘xtatildi. Chorva mollariga berilmaydi. Parranda va limonariylar uchun berilishi mumkin¸ lekin bu ham hali aniqmas¸ dedi “Agrobank” vakili.

"Umri qisqa populistik qaror"

O‘zbekiston bank tizimi mutaxassislaridan biri Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda¸ Shavkat Mirziyoev qarori ijrosining ikki oyga yetib-yetmay to‘xtab qolgani sabablarini tushuntirdi.

“Masalan¸ Andijon viloyatida tovuq uchun shuncha kredit berildiki¸ hisoblab chiqilsa¸ viloyatda buncha tovuqning o‘zi yo‘q ekan. Qoramol ham xuddi shunday bo‘ldi. Qoramol olaman¸ deb hujjatlashtirib¸ u pulni perechislenie bilan chorvador fermer hisobiga ko‘chirib¸ har xil yo‘llar bilan uni obnal qilish boshlandi - milliardlab so‘m bank tizimini tark etib¸ naqd ko‘rinishida bozorga qo‘shildi. Naqd pul bank aylanmasiga qaytmayapti. Oqibatda¸ bir tomondan¸ banklarda resurs muammosi yuzaga chiqdi¸ moliyaviy majburiyatlarni bajarish uchun mablag‘ qolmadi. Banklarda naqdsiz pul¸ umuman likvidlik defitsiti paydo bo‘ldi.

Boshqa tomondan¸ bozorda naqd aylanmasi ko‘paydi¸ inflyatsiya kuchaydi¸ boshqarib bo‘lmaydigan iqtisodiy disproportsiya yuzaga keldi. Bu o‘zi avval-boshdan aholiga yoqish uchun olingan populistik qaror edi va mutaxassislar uning shunday oqibatga olib kelishini bilardi. Lekin bu borada ular fikrini so‘ragan ham¸ eshitgan ham yo‘q¸ dedi O‘zbekistondagi bank-kredit tizimida ishlovchi mutaxassislardan biri.

XS
SM
MD
LG