Линклар

Шошилинч хабар
23 ноябр 2019, Тошкент вақти: 04:16

Mo‘sulda "Islom davlati" hududi toraymoqda, ammo og‘ir janglar hamon oldinda


Mo‘sulni tark etayotgan aholi

Iroq armiyasi rahbariyati Mo‘sul g‘arbida "Islom davlati" (ID) ekstremist guruhi nazorati ostidagi hudud 8 kvadrat kilometrga qisqargani bildirdi. Ammo, eski shahar hamon jangarilar nazoratida va og‘ir janglar oldinda ekani aytilmoqda. G‘arbiy Mo‘sul aholisi esa shaharni tark etmoqda.

Iroq maxsus xizmatlarining 20 may kuni bildirishicha, qo‘shinlar o‘zlariga mo‘ljallangan joyni egallagan va bu huddagi mavzelar uchun og‘ir janglarga hozirlanmoqda.

Mahalliy OAVning xabar qilishicha, ID hozir 3 ta mavze: Shafaa, al-Zinjiji va Eski shaharga tish-tirnog‘i bilan yopishib olgan. Tumanlar Dajla daryosining g‘arbiy qirg‘og‘ida joylashgan.

Joriy hujum aholi zich joylashgan va ensiz Eski shaharni ishg‘ol qilishni nazarda tutadi.

Taxmin qilinishicha, u erni 500 nafar ID jangarisi egallab turibdi va oddiy aholidan jonli qalqon sifatida foydalanyapti.

Eski shahardagi masjidda ID rahbari Abubakr al-Bag‘dodiy 2014 yili xalifalik tuzganini iddao qilgan edi.

Iroq prezidenti Fuad Ma’sum 20 may kuni Iordaniyada bo‘lib o‘tgan Jahon iqtisodiy forumining mintaqaviy yig‘inida Mo‘sul “ikki-uch kun ichida” to‘liq ozod etilishiga umid qilayotganini bildirdi.

Iroq armiyasi AQSh va koalitsiya aviatsiya kuchlarining oktabr oyidagi havodan qo‘llab-quvvatlashi bilan Mo‘sulni ozod qilish uchun jang boshlagan edi. Ushbu shahar IDning Iroqdagi eng yirik tayanch qo‘rg‘oni hisoblanadi.

Shaharning sharqiy qismi joriy yil boshlarida ishg‘ol qilingan bo‘lib, ayni paytda qo‘shinlar g‘arb tomondagi aholi zich joylashgan mavzelarda ID jangarilarining qaqshatqich qarshiligiga duch kelmoqda.

ID jangarilari 2014 yili hukumat qo‘shinlariga qarshi kurashayotib, Iroq va Suriyadagi ancha-muncha hududni qo‘lga kiritish barobarida Mo‘sulni ham egallagan.

Ammo, AQSh yetakchiligidagi koalitsiya kuchlari IDga qarshi Mo‘sulda ham, IDning Suriyadagi tayanch qo‘rg‘oni bo‘lgan Raqqa shahrida ham janglarda ulkan yutuqlarga erishdi.

BMTning 18 may kuni ma’lum qilishicha, yana 200 mingga yaqin kishi Mo‘suldagi janglar jadallashishi oqibatida shahardan qochib chiqishi mumkin.

– Shaharni tashlab chiqayotgan kishilar soni shu qadar ko‘pki, oddiy aholini kerakli yordam va himoya bilan ta’minlash tobora og‘irlashib bormoqda, – dedi BMTning gumanitar masalalar bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi Layz Grande.

Hukumat qo‘shinlari Mo‘sulning anchagina qismini qo‘lga kiritganiga qaramasdan, Iroqning boshqa joylarida ID ma’suliyatni zimmasiga olgan 2 ta qaqshatqich bomba hujumi 27 kishining yostig‘ini quritdi.

19 may kuni neft zaxiralariga boy Basra shahri yaqinidagi nazorat punktida ro‘y bergan xudkush hujumi oqibatida kamida 8 kishi – besh nafar oddiy kishi va uch nafar askar – halok bo‘ldi, 41 kishi yaralandi, deya xabar tarqatdi mahalliy harbiy qo‘mondon.

ID internetda tarqatgan bayonotida hujum uchun javobgarlikni zimmasiga oldi va u shia mazhabiga mansub kishilarga qaratilganini aytdi.

Ekstremist guruh poytaxt Bag‘dod shahrida sodir etilgan juft xudkush hujumi uchun javobgarlikni ham bo‘yniga oldi, ushbu hujumlar chog‘ida 19 kishi o‘lib, 33 kishi yaralandi.

XS
SM
MD
LG