Линклар

Faollar Yevroparlament delegatsiyasi e’tiborini qamoqdagi "siyosiy" va "diniy"larga qaratdi


Toshkentga safar qilgan Yevropa Ittifoqi Parlamenti deputatlari delegatsiyasi 22 may kuni fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashdi.

“Hozirda O‘zbekistonda 30 ga yaqin siyosiy mahbus turli soxta ayblovlar bilan qamoqlarda o‘tiribdi. Afsuski, Yevropa Ittifoqi va Qo‘shma Shtatlardan kelayotgan delegatsiyalar rasmiylar bilan uchrashuvlarda ularning taqdiriga yetarlicha qiziqish bildirmayapti. Bugungi kunda ularni ozod qilish eng dolzarb muammolardan biridir”, dedi “Ezgulik” jamiyati raisi Vasila Inoyatova 22 may kuni Toshkentda Yevropa Ittifoqi Parlamenti delegatsiyasi bilan bo‘lgan uchrashuvda.

Toshkentga safar qilgan Yevropa Ittifoqi Parlamenti deputatlari delegatsiyasi 22 may kuni fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashdi. Bu haqda “Ozodlik”ka xabar qilgan jurnalist Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi vakolatxonasida tashkil etilgan uchrashuvga uning o‘zidan tashqari “Ezgulik” jamiyat raisi Vasila Inoyatova, buxorolik huquq faoli Shuhrat G‘aniev va Farg‘onadan Abdusalom Ergashev taklif qilingan.

Yevropa Parlamentining inson huquqlari qo‘mitasi vakili, deputat Karolina Falk (Carolina Falk)ga ko‘ra, YeI-O‘zbekiston aloqalari rivoji ko‘p jihatdan mamlakatdagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatga bog‘liq. Shunday ekan, fuqarolik jamiyati vakillarining bu boradagi kuzatuvlari va vaziyatga beradigan bahosi qimmatlidir.

“Mamlakatda diniy erkinliklar maslasidagi ahvol anchayin yomon. 1999 yil fevral voqealaridan so‘ng dindorlarni qatag‘on qilish, ularni konstitutsiyaviy rejimga tajovuzda ayblab, uzoq yillik qamoq jazolarini raskrutkalar bilan yana-da uzaytirish, ularga nisbatan qiynoqlar qo‘llash achinarli holdir. Ayrim kam sonli diniy jamoalarning huquqlari kamsitilishi ham ko‘zga tashlanmoqda Masalan, Farg‘onaning Shohimardosh anklavidagi 10 ming kishilik diniy jamoa bunga misoldir” deydi Abdusalom Ergashev.

Uchrashuvda fuqarolik jamiyati vakillari Yevropa Ittifoqi delegatsiyalarining mamlakatga samarasiz tashriflarini tanqid qilarkan, deputatlardan O‘zbekiston huumati bilan muloqotlarda qamoqlarda qolayotgan siyosiy mahbuslar masalasini ko‘tarishni so‘rashdi.

“Hozirda 30 ga yaqin siyosiy mahbuslar turli soxta ayblovlar bilan qamoqlarda o‘tiribdi. Afsuski, Yevropa Ittifoqi va Qo‘shma Shtatlardan kelayotgan delegatsiyalar rasmiylar bilan uchrashuvlarda ularning taqdiri bilan etarlicha qiziqmayapti. Bugungi kunda ularni ozod qilish eng dolzarb muammolardan biridir” deydi “Ezgulik” jamiyati raisi Vasila Inoyatova uchrashuvda.

Yevropa Ittifoqi Parlamenti delegatsiyasi qator rasmiy doiralarda ham uchrashuvlar o‘tkazadi. Delegatsiya a’zolarining aytishicha, O‘zbekiston-YeI munosabatlari kelajagi ana shu uchrashuvlardagi taassurotlar bilan ham bog‘liqdir.

XS
SM
MD
LG