Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 13:39

O‘zbekistonlik ko‘zi ojizlarga kitob chiqaradigan yagona bosmaxonani melisalar egallab oldi


Ko‘zi ojizlar jamiyatiga qarashli bosmaxona binosining ikkita xonasini 1999 yildan beri uchastka noziri egallab kelgan.
Ko‘zi ojizlar jamiyatiga qarashli bosmaxona binosining ikkita xonasini 1999 yildan beri uchastka noziri egallab kelgan.

Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov 3 may kuni imzolagan 543-qaror asosida Shayxontohur tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimlari 20 may kuni qariyb kuch vositasida respublika Ko‘zi ojizlar jamiyatining mazkur tuman hududidagi bosmaxonasi binosining bir qismini egalladi.

Melisalarni mahallalar ichiga joylashtirish

Poytaxt hokimi qarorida yozilishicha¸ binoning bosmaxona balansidan ichki ishlar tizimiga o‘tkazilishiga Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining 1 may kungi murojaati asos bo‘lgan.

Toshkent shahar hokimi qarorining Ozodlikka jo‘natilgan nusxasi.
Toshkent shahar hokimi qarorining Ozodlikka jo‘natilgan nusxasi.

Bu murojaatda esa “Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash¸ xavfsizlikni ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurash ishlarini yanada samarali tashkil etish maqsadida¸ tuman IIBlari huzurida shahar ichki ishlar bo‘limlarini tashkil etish” va ularga bino ajratish so‘ralgan.

Shahar hokimi qaroriga IIB balansiga o‘tkaziladigan manzillar ro‘yxati ilova qilingan.
Shahar hokimi qaroriga IIB balansiga o‘tkaziladigan manzillar ro‘yxati ilova qilingan.

Usmonov qarorining Ozodlikka yetib kelgan nusxasiga ko‘ra¸ shu maqsadda poytaxtning barcha tumanidagi o‘nlab bino bitta imzo bilan oldingi egalari ixtiyoridan Toshkent shahar Ishchi ishlar bosh boshqarmasi balansiga o‘tkazilgan va ular orasida Ko‘zi ojizlar jamiyati ixtiyoridagi maxsus bosmaxona ham bor.

"Qurollilar ishg‘oli"

Shayxontohur tuman, O‘zgarish ko‘chasi, Kerki tor ko‘chasidagi 32-uyda joylashgan bosmaxona binosiga 20 may kuni hokim qarori bilan kelgan militsiya xodimlari¸ uning bosh muharriri Rixsivoy Abbosxonovning Ozodlikka aytishicha¸ 1-qavatdagi sakkizta xonani egallagan:

- Shanba kuni hokimning 543-sonli qarorini olib kelishdi va shu kunning o‘zidayoq bu binoni qonuniy ijaraga olib ishlayotgan xususiy tadbirkor-ustani bosim bilan chiqarib¸ sakkizta xonani egallashdi va remontni ham boshlab yuborishdi. Hokim qaroriga qaralsa¸ bizga tegishli yuridik adres to‘lig‘icha IIBga olingan va hozir ular emas¸ biz ularga qarashli binoda o‘tirgan bo‘lib chiqamiz¸ dedi Abbosxonov 22 may kuni Ozodlik bilan suhbatda.

Abbosxonovga ko‘ra¸ Shayxontohur tuman hokimi Oybek Mirtemirov o‘tgan oy bosmaxonaga kelib¸ uning bir qismini Ichki ishlar boshqarmasiga olib berish rejasi borligini bildirgan.

Bosh muharrir hokimga bosmaxonaning mamlakatdagi ko‘zi ojizlar uchun ahamiyatini tushuntirishga¸ Brayl yozuvidagi darslik¸ jurnal va kitob chop qiluvchi yagona bu matbaa vositasi faoliyatini zamonaviylashtirish jarayoni borayotgani tafsilotlarini taqdim etishga uringan.

Aftidan¸ hokim muharrir bergan ma’lumotlarni asosli, deb topmagan va u kelib ketgandan ko‘p o‘tmay, Shayxontohur tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan bosmaxona binosini hech bir qonuniy asossiz o‘zlashtirish harakatlari boshlangan. Abbosxonov bu harakatlarga norozilik bildirib¸ 10 may kuni prezident portaliga shikoyat ham yozgan.

Bu shikoyatdan 10 kun o‘tib¸Toshkent shahar hokimining Ko‘zi ojizlar jamiyatiga nusxasi oldindan jo‘natilmagan qarori bilan qurollangan ichki ishlar tizimi xodimlarini binoning bir qismini egallagan.

Ko‘zi ojizlar binosidan boshqa joy topilmadimi?

Nega aynan Brayl yozuvida kitob-jurnal chiqaruvchi O‘zbekistondagi asosiy bosmaxona binosining Toshkent militsiyasiga olib berishga qaror qilinganiga oid poytaxt hokimligidan aniq izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Hokimlikning yuridik masalalar bo‘yicha mutaxassisi¸ aynan qaysi bino va hududning Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi balansiga o‘tkazilishi haqida har bir tuman hokimligi qaror chiqargani va shu asosda shahar hokimi Usmonov 543-sonli qaror chiqarganini bildirdi:

- Har bir tuman hokimi o‘z hududidagi aynan qaysi binoning IIBga berilishini o‘zi hal qildi. Nega aynan ko‘zi ojizlarga qarashli bosmaxona binosining olinishi haqida ular izoh berishi kerak¸ dedi Toshkent shahar hokimligi mutaxassisi.

Shayxontohur tuman hokimligining Ozodlik suhbatlashgan mulozimi¸ bosmaxona binosining IIB balansiga o‘tkazilganini tasdiqlay turib¸ bu harakat yuzasidan prezident portaliga shikoyat tushganini ham e’tirof etdi:

- Hozir portaldan kelgan so‘rovga javob tayyorlanayapti. Matbuotga ham¸ yozma murojaat bo‘lsa¸ qonunda belgilangan tarzda javob beramiz. Bu binoning nega bosmaxonadan olingani va uning bosmaxonaga qaytarilish-qaytarilmasligi masalasida tuman hokimi qaror beradi¸ dedi Shayxontohur hokimligi mulozimi.

Shayxontohur hokimi Oybek Mirtemirov bilan kun davomida bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Aytilishicha¸ kadastr hujjatlarida bosmaxona binosining egasi bo‘lgan respublika Ko‘zi ojizlar jamiyati ham tuman va shahar hokimining bu qarori yuzasidan shikoyat bildirishni rejalamoqda.

XS
SM
MD
LG