Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:57

Mast holda mashina haydab¸ piyodalar o‘limiga sabab bo‘lgan IIB boshlig‘i tergov qilinmoqda


Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Rasuljon Yo‘ldoshev ikki nafar piyodaning o‘limida gumonlanmoqda. Ichki ishlarga yaqin manbalarning aytishlaricha, sobiq boshliq mast holda boshqargan avtomobil 9 may kuni yarim tunda Farg‘ona shahri markazida ikki nafar piyodani bosib ketgan. Piyodalardan biri voqea joyida, ikkinchisi bir necha kundan so‘ng kasalxonada vafot etgan. Bu voqeani Farg‘ona shahar prokuraturasi tergov qilmoqda.

Oltiariq tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Rasuljon Yo‘ldoshev boshqargan avtomobilning piyodalarni bosib ketgani haqidagi xabar Ozodlikka Farg‘ona ichki ishlar tizimidagi mulozimga yaqin manbadan yetib keldi.

“Bu voqea 9 may kuni sodir bo‘lgan. Oltiariq tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Rasuljon Yo‘ldoshev kechasi soat 11 larda ayol kishiga tegishli bo‘lgan “Lasetti” avtomobilini mast holatda boshqargan. U Farg‘ona shahrining sobiq Karl Marks ko‘chasida yo‘lda ketayotgan piyodalarni katta tezlikda urib yuborgan va voqea joyidan qochib ketgan. Piyodalardan biri o‘sha joyning o‘zida jon bergan va yana birini tez yordam olib ketgan”, dedi Ozodlikka voqea tafsilotlarini xabar qilgan farg‘onalik.

Uning aytishicha, bu voqeadan so‘ng o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida militsiya boshlig‘i boshqargan avtomobil qo‘lga olingan.

“Avvaliga, militsiya boshlig‘i mashina rulida ukasi bo‘lganligini aytgan. U shu yo‘l bilan jazodan qutulib¸ mansabida qolishni va tanish-bilishlari orqali ukasini qutqarib olishni o‘ylagan bo‘lsa kerak. Lekin, avtomobil salonida bo‘lgan ayollardan biri, mashinani Rasuljon Yo‘ldoshevning o‘zi boshqarganini tergovchilarga aytib qo‘ygan. Shundan so‘ng, boshliqni ishdan olishgan ”, dedi militsiyaga yaqin Ozodlik manbasi.

Oltiariq tumani ichki ishlar bo‘limining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi ham, shu voqea sabab Yo‘ldoshev ishdan olinganini tasdiqladi.

“Ha, boshliq ishdan bo‘shatildi. Hozir u kishining ishi tergovda”, dedi ichki ishlar mulozimi.

Mulozim voqea tafsilotlaridan xabari yo‘qligini qo‘shimcha qildi.

Farg‘ona shahar tez tibbiy yordam kasalxonasining o‘zini tanishtirmagan shifokorlaridan biri, bu avtohalokatda jarohatlanganlardan biri jonlantirish bo‘limida o‘lganligini tasdiqladi.

“Mo‘minov degan odam jonlantirish bo‘limida besh kun yotdi. Lekin uning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmadi. Juda ham kuchli zarbdan bosh qismi, umurtqasi va ichki a’zolariga qattiq shikast etgan edi”, dedi shifokor.

Farg‘ona shahar prokuraturasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, Rasuljon Yo‘ldoshev ustidan jinoyat ishi ochilganini inkor qilmadi.

“Boshqa hech narsa ayta olmayman. Boshqa tafsilotlarni kelsangiz bilasiz, telefonda ma’lumot bermayman”, dedi prokuratura mulozimi.

Mulozim¸ hozirda Yo‘ldoshevning hibsda yoki qamoqda ekanligi to‘g‘risida ham ma’lumot bermadi.

XS
SM
MD
LG