Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:57

Ta’mir bahona talon-taroj qilingan Xiva xoni saroyi yana restavratsiya qilinadi


"Nurillaboy" saroyining 80-yillardagi ko‘rinishi.
"Nurillaboy" saroyining 80-yillardagi ko‘rinishi.

2012-2016 yillar davomida ta’mir qilinganida yoppasiga talon-taroj qilingan Xivaning Deshon-qal’a majmuidagi "Nurillaboy" saroyi O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 19 may kungi qarori bilan qayta rekonstruksiya qilinadigan bo‘ldi.

Qarorda Xiva xonining yozgi "Nurillaboy" saroyi yonida bir yil ichida tantanalar uyi¸ amfiteatr¸ galereya va restoranlar barpo qilinishi ta’kidlangan.

"Nurillaboy" saroyining qadimiy eshigi¸ billur qandillari va lojuvard kaminlari bundan besh yil oldin boshlangan ta’mir paytida o‘marilgani yuzasidan o‘nga yaqin kishi jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Ozodlik suhbatlashgan san’atshunos va mulozimlar yangi ta’mirdan keyin O‘zbekiston Madaniyat vazirligi¸ Yodgorliklarni saqlash inspeksiyasi nazoratidagi tarixiy obida bo‘lgan "Nurillaboy" saroyining yana o‘g‘rilarga nishon bo‘lishidan tashvish bildirishdi.

"Xivaga Shahrisabzning kuni tushmasin!"

O‘zbekistonlik san’atshunos munaqqid Akmal Rizaev Ozodlik bilan suhbatda Xiva Deshon-qal’a majmuasi¸ xususan¸ "Nurillaboy" saroyini sayyohlik industriyasi ixtiyoriga berish oqibatlaridan ogohlantirdi:

- Deshon-qal’a bu 18-asr oxirida shakllangan o‘ziga xos tarixiy makondir. Bu makon Sovet davrida ham deyarli buzilmagan. "Nurillaboy" saroyi atrofini zamonaviy restoran va kafelar bilan to‘ldirib¸ Las-Vegasga aylantirish qarorini noto‘g‘ri deb bilaman. Shahrisabzda bo‘lgani kabi¸ Xivani ham zamonaviy binolar bilan to‘ldirish uning tarixiy ahamiyati pasayishiga sabab bo‘ladi. YuNESKO Shahrisabzni butunjahon merosi ro‘yxatidan chiqarmoqchi. Deyarli chiqish arafasida turibdi. Chunki shaharning tarixiy qiyofasini zamonaviy quruvchilar yo‘qqa chiqargan. Xivani ham shunday taqdir kutmasligi kerak¸ deydi suhbatdosh.

Xiva Ichon-qal’a muzey qo‘riqxonasi direktor o‘rinbosari Rustam Iskandarov ham Ozodlik bilan suhbatda ota-bobolardan meros bo‘lgan qadimiy shaharni aslida qanday bo‘lsa¸ shundayligicha kelajak avlodlarga yetkazish ma’suliyatidan so‘z ochdi:

- Biz Ichon-qal’a ichidagi yodgorliklarga akva plastik derazalari o‘rnatilgani yuzasidan ogohlantirish berdik. Undan boshqa nazoratga kuchimiz yetmayapti. Bu masalada kuchliroq qonun kerak. Vazirlar Mahkamasining 19 maydagi qaroriga kelsak¸ qurilishlar Deshon qal’ada bo‘ladi. Deshon-qal’a esa bizning emas¸ Madaniy meros boshqarmasining nazoratidagi hudud. Agar mutaxassis sifatida mening fikrimni so‘rasangiz¸ tarixiy makonlarni zamonaviy qilib yaltiratishga qarshiman. Bizdan so‘ramay "Nurillaboy"ni ta’mir qilishganida¸ oqibatini ko‘rdik¸ deydi bu mulozim.

Unga ko‘ra¸ Xivaning Deshon-qal’a majmuidagi "Nurillaboy" saroyidagi ta’mir paytida amalga oshirilgan talon-taroj va osori-atiqalarni o‘g‘irlash bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi yuzasidan Xorazm viloyat sudida qator mahkamalar bo‘lgan.

Ta’mir bahonasidagi talon-taroj

Xorazm viloyat prokuraturasidagi qadimiy atiqalarni o‘g‘irlash jinoyatini taftish qilgan tergovchining aytishicha¸ "Nurillaboy" saroyidagi keng ko‘lamli o‘g‘irlik yuzasidan keyingi ikki yil ichida uchta sud jarayoni bo‘lgan:

- "Nurillaboy"dagi osori-atiqalarning o‘g‘irlanishi yuzasidan Xorazm viloyati prokuraturasi uchta jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Uchta jinoiy bo‘yicha sud bo‘lib o‘tdi. Aybdorlarga hukm o‘qildi. Yetkazilgan zarar aybdorlar tarafidan qoplandi¸ dedi bu mulozim.

Xon eshigini o‘g‘irlagan jinoyatchidan 229 million so‘m undirildi¸ ammo bino hanuz eshiksiz

Yil boshida O‘zbekiston Madaniyat vazirligi mulozimlaridan biri shaxsi ochiqlanmasligi sharti bilan Ozodlikka "Nurillaboy" saroyidagi talon-taroj tafsilotlarini ochiqlagan edi.

- "Nurillaboy" saroyi O‘zbekiston Madaniyat vazirligi Yodgorliklarni saqlash inspeksiyasi nazoratidagi tarixiy obidadir. Bundan 5 yil avval bu tarixiy binoda ta’mir boshlandi. Ta’mirlash bahonasida bebaho saroyni talon-toroj qilishganidan vazirlik xabardor. Bu binoni ta’mir qilish uchun to‘rt yil mobaynida ishlagan to‘rtta pudratchi tashkilot ta’mir uchun ajratilgan davlat mablag‘larini o‘zlashtirganlik va osori-atiqalarni o‘marganlikda ayblanib jazoga tortildi. Bizga ma’lum bo‘lishicha¸ saroy ichidagi qadimiy koshinli kamin¸ qadimiy parket va eng muhimi Nurmat usta¸ Ro‘zmat va Bobojon ustalar yasagan qadimiy eshik ham o‘marilgan, degan edi vazirlik mulozimi.

Eshik ham¸ qandil ham sotilib ketgan

Xorazm viloyat prokuraturasidagi ayni jinoyatni taftish qilgan tergovchining aytishicha¸ “o‘g‘irlangan qadimiy eshik masalasi” 2016 yilning noyabrida bo‘lib o‘tgan sud majlisida ko‘rilgan:

- Aybdor eshikni o‘g‘irlaganini bo‘yniga oldi, ammo eshik sotilib ketgani bois¸ izini topishning iloji bo‘lmadi. Sud saroy eshigi narxini 229 million so‘m (hozirgi qora bozor narxida 28 ming AQSh dollariga yaqin) deb belgiladi va aybdor bu pulni davlatga to‘ladi. Sud o‘tgan yil noyabrda hukm o‘qidi. Qandil va lojuvard kaminlar ham izsiz yo‘qolgan.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ Xiva tarixiy binolaridagi talon-taroj borasida Xorazm viloyat Ichki ishlar boshqarmasidagi uyushgan jinoyatchilik va terrorizmga qarshi kurash bo‘limi ham surishtiruv o‘tkazmoqda.

Xorazmlik mulozimlar yangi ta’mir paytida ham ayni o‘g‘irliklar qaytalanishi¸ binoda qolgan qadim unsurlarning izsiz g‘oyib bo‘lishidan xavotir bildirishdi.

"Nurillaboy" saroyi haqida

Turizm shirkatlari chiqargan yo‘lnomalarga ko‘ra, "Nurillaboy" saroyi qurilishi 1906 yilda Xiva xoni Muhammad Rahimxon II tarafidan boshlanib, 1912 yilda tugallangan.

Bino taniqli g‘isht ustasi Qurëz Bobojon va Xudoybergan hoji tarafidan qurilgan. Binoning moviy sopol koshinlari esa Ota Shix va shogirdlari tarafidan amalga oshirilgan.

Saroy ichidagi parket va fransuz uslubidagi koshinli kaminlar o‘sha paytda Xiva xonligiga surgun qilingan mennonit oqimidagi nemis ustalari tarafdan barpo qilingan. Saroy ichidagi oval zalda 1918 yili Xivaning so‘nggi xonlaridan biri Isfandiyorxon qatl qilingan edi.

Ozodlik Xivadagi talon-tarojliklar haqidagi o‘z surishtiruvini davom ettiradi. Bu haqdagi tafsilotlardan xabardor bo‘lsangiz¸ ularni Ozodlik bilan o‘rtoqlashing!

XS
SM
MD
LG