Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:29

Markaziy Bank raisi Fayzulla Mullajonov olamdan o‘tdi


Fayzulla Mullajonov
Fayzulla Mullajonov

23 may kuni O‘zbekiston tarixida eng uzoq muddat bitta lavozimni egallab kelgan Markaziy Bank Boshqaruvi raisi Mullajonov Fayzulla Maqsudjonovich 67 yoshida olamdan o‘tdi.

Marhum yaqinlarining Ozodlikka aytishicha, Mullajonov 2013 yildan beri muttasil davom etib kelayotgan buyrak yetishmasligi xastaligidan vafot etgan.

Markaziy Bankning Toshkentdagi idorasida ishlaydigan xodimlarning aytishlaricha, Mullajonov seshanba kuni ishga borgan va kun bo‘yi ishda bo‘lgan.

Mullajonov so‘nggi 2-3 yilda surunkali buyrak va qand kasalligidan azob chekkan. Oxirgi bir yilda esa buyraklari ishdan chiqqani bois, gemodializ vositasida yashab kelgan.

Yaqinlarining bildirishicha, marhum ertaga peshin namozidan so‘ng Chig‘atoy qabristonida tuproqqa beriladi. Ammo uning hoki Sirdaryodagi oilaviy xilxonasiga olib ketilishi mumkinligi haqida ham ma’lumotlar bor.

Fayzulla Mullajonov so‘nggi bir oy davomida deyarli ishga chiqmagan. Bundan deyarli barcha hukumat mulozimlari xabardor edi.

Mullajonov o‘limi ortidan Markaziy bank boshqaruvi raisligiga vaqtincha Saidkamol Xo‘jaev tayinlangan.

Eng uzoq lavozimda o‘tirgan mulozim

1950 yil Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan, Toshkent xalq xo‘jaligi institutini tamomlagan Mullajonov 1991 yildan buyon Markaziy bank raisi bo‘lib ishlab kelayotgandi.

Marhum 2015 yilda AQShning Global Finance jurnali tomonidan tuziladigan dunyo markaziy banklarining eng yaxshi rahbarlari reytingidan o‘rin olgan mulozim sifatida eslanadi.

Ayni paytda Mullajonov Markaziy bankni boshqargan davr mobaynida o‘zbek so‘mi erkin almashib konvertatsiya qilinadigan valyuta shakliga ko‘tarila olmadi.

Uning bir o‘g‘li — polkovnik Abdumajid Mullajonov Toshkent shahar Olmazor tumani IIB boshlig‘i, ikkinchi farzandi Ulug‘bek Mullajonov Toshkent shahar Bektemir tumani prokurori lavozimlarida faoliyat yuritmoqda.​

XS
SM
MD
LG