Линклар

Surxondaryo viloyati Uzun tumanidagi qurilish mollari bozorining omborida 23 may kuni ertalab sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida 19 yashar sotuvchi nobud bo‘ldi, ikki kishi kuyish jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizildi. Bu ma’lumotni Uzun tumani hokimligi tasdiqladi. Rasmiylarning birinchi taxminicha, yong‘in elektr simlarining qisqa tutashuvidan kelib chiqqan. Voqea sabablarini tuman prokuraturasi o‘rganmoqda.

Uzun tumanidagi qurilish mollari bozorining ombori yonib ketganligi haqida, yong‘in guvohi bo‘lgan uzunliklardan biri Ozodlikka xabar qildi:

“Qurilish mollari sotadigan bozorning omborxonasi seshanba kuni ertalab yonib ketdi. Olov shu darajada katta bo‘ldiki, omborxona bir zumda yonib kul bo‘ldi. Stroymarketni boshlig‘ining ukasi Jumanazar degan odamning o‘g‘li omborxona ichida qolib kuyib ketibdi, yana uch-to‘rt kishi jarohat olibdi. O‘t o‘chiruvchilar kelib o‘chirganda omborxonaning temir ustunlaridan boshqa hech narsa qolmadi”, dedi voqea guvohlaridan biri.

Qurilish mollari bozori boshqa bir sotuvchisining Ozodlikka aytishicha, voqea sodir bo‘lgan paytda sotuvchi ombor ichida xaridorlarga mol berayotgan bo‘lgan:

“Bu bozorning egalari aka-ukalar. Ulardan birining 19 yashar o‘g‘li Asliddin sotuvchi edi. U ikkita klientni omborxona ichkarisiga olib kirib mol ko‘rsatayotgan paytda, omborxonaning kirish eshigi yaqinida yong‘in chiqqan. Bu joyda tez yonadigan mollar – bo‘yoqlar, tol, plastik tovarlar bo‘lgan. Bilmadim, yong‘in shunchalik tez ko‘tarilganki boyagi ikki xaridor bir qancha joylari kuyib, zo‘rg‘a qochib chiqishga ulgurgan. Asliddin esa ichkarida qolib ketib, nobud bo‘lgan”, dedi sotuvchi.

Uzun tumani hokimligining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi so‘zlariga ko‘ra, o‘t o‘chiruvchilar yong‘in elektr simlarining qisqa tutashuvidan chiqqani haqida xulosa chiqargan:

“O‘t o‘chiruvchilarning aytishlaricha, kirish joyida ular alyuminiy sim bilan mis sim qo‘shilgan holda montaj qilingan holatni aniqlaganlar va o‘t shundan kelib chiqqani taxmin qilinyapti. Lekin, shunday katta omborning zaxira chiqish eshigi yo‘qligi, bu yong‘inni oldini olish qoidalariga xilof ekanligi, birlamchi o‘t o‘chirish vositalari yo‘qligi ham bu yong‘inda odam qurbon bo‘lishiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bu holatlarni hozir tuman prokuraturasi o‘rganmoqda”, dedi hokimlik mulozimi.

Uzun tumani shoshilinchi tibbiy yordam kasalxonasining shifokori Ismoil Ziyodullaev yong‘indan jabr ko‘rgan ikki kishining ahvoli qoniqarli ekanligini aytdi:

“Bu odamlarning kuyish darajasi og‘ir emas, 5-6 foiz. Qo‘llari va bir oz yuz qismi kuygan. Hozir kasalxonada davolanyapti”, dedi shifokor.

So‘nggi paytda O‘zbekiston bozorlarida yong‘in chiqish holatlari ko‘paydi.

19 mayga o‘tar kechasi Surxondaryo viloyatining Denov tumanida joylashgan “Habib” bozori yonib ketgan edi.

4 aprelga o‘tar kechasi esa Farg‘ona viloyati Buvayda tumanidagi dehqon bozorida chiqqan yong‘in yuzdan ortiq tadbirkorni xonavayron qilgan edi.

XS
SM
MD
LG