Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 14:59

O‘zbekistonda imomlar “diniylar” xonadonlarida suhbatlar o‘tkazmoqda


Diniy ekstremistlikda ayblanib, Moskva okrug harbiy sudi tomonidan 2016 yilning yozida ozodlikdan mahrum etilgan o‘zbekistonliklar.
Diniy ekstremistlikda ayblanib, Moskva okrug harbiy sudi tomonidan 2016 yilning yozida ozodlikdan mahrum etilgan o‘zbekistonliklar.

Andijon viloyati tumanlaridan biri bosh imom xatibining Ozodlikka bildirishicha, diniy motivlar bilan qamalgan yoki horijga chiqib ketgan va ekstremistlikda gumon qilinayotganlarning xonadonlarida qariyb bir oydan buyon profilaktik suhbatlar o‘tkazilmoqda.

Toshkentning Olmazor tumanidagi masjid imomining aytishicha, bunday suhbatlar mamlakat bo‘ylab o‘tkazilmoqda.

Ba’zi joylarda bunday suhbat o‘tkazishga jalb etilganlar xonadon egalariga “diniylarga Mirziyoev amnistiya berishi kutilayapti”, degan gapni aytgani Ozodlikka ma’lum bo‘ldi.

Oliy Majlis Senati mulozimining Ozodlikka bildirishicha, uning "diniy amnistiya"dan xabari yo‘q”.

Andijonning "qora ro‘yxati"

Andijon viloyati tumanlaridan birining ismi ham, tumani nomi ham aytilmasligi sharti bilan Ozodlikka suhbat bergan bosh imom- xatibining aytishicha, shu kunda viloyat bo‘ylab diniy motivlar bilan qamalgan va horijga chiqib ketgan va ekstremistlikda gumon qilinayotganlarning 5 ming kishilik “qora ro‘yxati” bor.

- 5 ming kishining 2 ming nafari Andijon shahrida ekanligini majlisda aytishdi. Ularning ba’zilari akramiylar, ba’zilari vahhobiylar, ko‘plari qamalgan. Chet elga chiqib ketganlari, qidiruvda yurganlari, o‘z uyida yashab turganlari ham bor, dedi imom.

Aytishicha, u o‘z qavmi yashaydigan hududdagi oilalarga mahalla fuqarolar yig‘ini vakili, “Nuroniy” jamg‘armasi vakili bilan birgalikda borib, oilaning holidan xabar olayapti, suhbatlar o‘tkazayapti. Ba’zi joylarda imomlar suhbat o‘tkazish uchun “rokirovka” ham qilinayapti: bu hududning imomi u hududda, u hududning imomi bu hududda suhbat o‘tkazmoqda.

Suhbat asosida xulosalar yozilmoqda

Toshkentning Olmazor tumanidagi masjidlardan biri imomining Ozodlikka aytishicha, (u ham ismi va masjidi nomi tilga olinmasligini so‘radi) “qora ro‘yxat”ga tushganlar bilan suhbatlar butun respublika bo‘ylab o‘tkazilmoqda. Xususan, suhbatdoshimiz o‘ziga qarashli hududda suhbatlarni o‘tkazib bo‘ldi.

Imomning aytishicha, bunday suhbatlarni o‘tkazish Prezident Mirziyoevning Olmazor tumaniga tashrifidan so‘ng boshlangan.

Imomning aytishicha, “ bunday suhbatlarni o‘tkazishni Olmazorga kelganida Mirziyoev buyurgan, ekstremistik g‘oyalardan voz kechganlarni “qora ro‘yxat”dan chiqarish kerakligini aytgan. Toki ular ham bemalol yashasin degan”.

Prezident Mirziyoev Olmazor tumaniga tashrifi davomida imom aytgan bayonotni qilgani to‘g‘risida ommaviy axborot vositalarida xabar qilingani Ozodlikka ma’lum emas.

Olmazorlik imomning Ozodlikka aytishicha, o‘tkazilgan suhbatlar asosida o‘rganilgan shaxslarning har biri bo‘yicha ular “zararli g‘oyalardan qaytgan yoki qaytmagan”, degan ma’noda xulosa yozib bergan.

Qancha ijobiy va qancha salbiy xulosa yozib berganini olmazorlik imom aytishni istamadi.

Shu gapdan so‘ng andijonlik imom bilan qayta bog‘landik. U “Yo‘q, bizdan bunday xulosa yozib berishni talab qilishgani yo‘q”, dedi.

"Taniqli imomlar "diniy"larning jinoyat ishlarini o‘rganmoqda"

Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati vakili, mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanovning Ozodlikka bildirishicha, Toshkentdagi ba’zi nufuzli imomlar ozodlikdan mahrum qilinganlarning jinoyat ishlarini o‘rganmoqda.

- Kecha bir taniqli olim va diniy idoraga yaqin shaxs bilan suhbatlashdim. Uning aytishicha, hozirda uning qo‘lida qamoqda bo‘lgan 21 kishining jinoyat ishi bor, u va u kabi olimlar diniy radikal oqimlarga a’zolikda aylanib, qamalgan dindorlarning konstitutsiyaviy tuzumga xavf solmaydigan, tuzalish yo‘liga kirgan va ozodlikka chiqishni istovchi kattagina qismining ishlarini o‘rganmoqda, - dedi Abdurahmon Tashanov.

Otinoyilar "diniy" o‘g‘li bor onani umidvor qildi

21 may, yakshanba, kunning birinchi yarmida chinozlik A. B. ning xonadoniga 4 ayoldan iborat bir guruh kirib keldi. Xonadon egasinining 1983 yilda tug‘ilgan o‘g‘li bundan 11 yil oldin diniy motivlar bilan 11 yilga ozodlikdan mahrum qilingan, joriy yil yanvarida yana 3 yilga “raskrutka” qilingan.

Ona kelgan 4 ayoldan 2 nafari: chinozlik otinoyilarni tanigan, lekin qolganlarini tanimagan. Ular onadan hol-ahvol so‘ragan, “yaxshilik bilan kelganlarini, yaqin orada o‘g‘li qamoqdan chiqishini, chunki Mirziyoev diniylarni amnistiya qilganini”, aytgan.

Senat va Diniy idora mulozimlari "diniy amnistiya" to‘g‘risidagi mish-mishlarni rad etdi

Biz chinozlik ayolning uyiga kelgan otinoyilarni izlab topa olmadik va amnistiya to‘g‘risida qaror qabul qilish vakolati berilgan Oliy Majlis Senatining matbuot xizmati bilan bog‘landik.

O‘zini “Axborot bo‘limidan” ekanligini aytgan, lekin ismini aytmagan mulozim (ayol kishi) 27 may kuni Oliy Majlis sessiyasi bo‘lishini, sessiyada Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritilishi kutilayotganini, lekin tafsilotlar o‘sha kuni ochiqlanishini aytdi. “Diniylarga amnistiya” masalasidagi savolga “Yo‘q, bundan xabarim yo‘q”, deb javob berdi.

“Diniy amnistiya”dan O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining ham xabari yo‘qligini Ozodlik idora raisi muovini, shayx Abdulaliz Mansurdan so‘rab bildi.

XS
SM
MD
LG