Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 15:48

"Yalang‘och ota" qabristoniga dafn etilgan Mullajonov janozasida Mirziyoyev ishtirok etdi (VIDEO)


Mullajonov go‘ri
Mullajonov go‘ri

O‘zbekiston tarixida eng uzoq muddat bitta lavozimni egallab kelgan Markaziy Bank Boshqaruvi raisi 67 yashar Fayzulla Mullajonov 24 may kuni Toshkentdagi "Yalang‘och ota" qabristonida dafn qilindi. 23 may kuni olamdan o‘tgan Mullajonov janozasida qatnashgan Markaziy bank mulozimining Ozodlikka aytishicha¸ marosimda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev¸ O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov va Bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimov kabi o‘nlab davlat arboblari ishtirok etgan.

ВИДЕО: Mарказий Банк раиси Файзулла Муллажонов оламдан ўтди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:45 0:00

Rasmiy ta’ziya bildirildi

24 may kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev¸ senat raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev va Bosh vazir Abdulla Aripov imzo chekkani rasmiy ta’ziya O‘zbekiston matbuotida e’lon qilingan edi.

“Mamlakatimiz bank-moliya tizimi og‘ir judolikka uchradi” deb boshlanadigan ta’ziyanoma “O‘zbekiston bank-moliya sohasining yirik namoyandasi, mehribon ustoz, kamtarin inson Fayzulla Mullajonovning xotirasi qalbimizda hamisha saqlanib qoladi” degan jumlalar bilan tugaydi.

"Kun bo‘yi ishlab keyin olamdan o‘tdi"

Marhum yaqinlarining Ozodlikka aytishicha, Mullajonov 2013 yildan beri muttasil davom etib kelayotgan buyrak yetishmasligi xastaligidan vafot etgan.

Markaziy Bankning Toshkentdagi idorasida ishlaydigan xodimlarning aytishlaricha, Mullajonov seshanba kuni ishga borgan va kun bo‘yi ishda bo‘lgan.

Mullajonov so‘nggi 2-3 yilda surunkali buyrak va qand kasalligidan azob chekkan. Oxirgi bir yilda esa buyraklari ishdan chiqqani bois, gemodializ vositasida yashab kelgan.

Fayzulla Mullajonov so‘nggi bir oy davomida deyarli ishga chiqmagan. Bundan deyarli barcha hukumat mulozimlari xabardor edi.

Mullajonov o‘limi ortidan Markaziy bank boshqaruvi raisligiga vaqtincha Saidkamol Xo‘jaev tayinlangan.

Eng uzoq lavozimda o‘tirgan mulozim

Mullajonov
Mullajonov

1950 yil Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan, Toshkent xalq xo‘jaligi institutini tamomlagan Mullajonov 1991 yildan buyon Markaziy bank raisi bo‘lib ishlab kelayotgandi.

Marhum 2015 yilda AQShning Global Finance jurnali tomonidan tuziladigan dunyo markaziy banklarining eng yaxshi rahbarlari reytingidan o‘rin olgan mulozim sifatida eslanadi.

U “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan iqtisodchi” faxriy unvoni, “Mehnat shuhrati” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlangan edi.

Ayni paytda Mullajonov Markaziy bankni boshqargan davr mobaynida o‘zbek so‘mi erkin almashib konvertatsiya qilinadigan valyuta shakliga ko‘tarila olmadi.

Ozodlik suhbatlashgan tahlilchilar Mullajonov davrida valyuta qora bozori gullab yashnaganiga e’tibor qaratishadi.

Mullajonovning ikki o‘g‘li korruptsiya ayblovlari ortidan ishdan olingan va Mirziyoev iqtidorga kelganidan keyin oldingidan quyiroq bo‘lgan lavozimlarga tayinlangan edi.

Uning bir o‘g‘li — polkovnik Abdumajid Mullajonov Toshkent shahar Olmazor tumani IIB boshlig‘i, ikkinchi farzandi Ulug‘bek Mullajonov Toshkent shahar Bektemir tumani prokurori lavozimlarida faoliyat yuritmoqda.​

XS
SM
MD
LG