Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:47

Rossiya Ichki ishlar vazirligi O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochadi


O‘zbekiston va Rossiya ichki ishlar vazirlari Toshkent muloqotida.
O‘zbekiston va Rossiya ichki ishlar vazirlari Toshkent muloqotida.

"Rossiya Ichki ishlar vazirligi O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochadi"

Toshkentga safar qilgan Rossiya Ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev O‘zbekiston rahbarlari bilan muzokaralardan so‘ng shunday bayonot berdi.

Toshkent muzokaralari davomida asosan noqonuniy migratsiya va ekstremizmga qarshi kurash sohasida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalarini muhokama qilgan Kolokolsev¸ hozirgi vaziyat kuchlarni birlashtirishni taqozo qilayotganini ta’kidladi:

- Bugun hayotning o‘zi bizdan axborot almashinuvini kuchaytirishni taqozo qilmoqda. Men biz tomonimizda jinoyatchilarni qidirib topish uchun operativ guruhlar almashinuvini ham yo‘lga qo‘yish istagi kuchli ekanini ham ta’kidlab o‘tmoqchiman¸ dedi jumladan Rossiya politsiyachilari rahbari.

Rossiya va O‘zbekiston prezidentlari ikki davlat huquqni muhofaza qilish tizimlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish vazifasini berganini alohida aytib o‘tgan Vladimir Kolokolsev¸ O‘zbekiston ichki ishlar tizimi xodimlarini Rossiyada o‘qitish borasida kvotalar joriy qilish taklifini ham quvvatlashini bildirdi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligining O‘zbekistondagi vakolatxonasi

Rossiya Ichki ishlar vazirligi rasmiy saytida keltirilgan ma’lumotga ko‘ra¸ ayni paytda vazirlikning yigirmadan ortiq davlatda rasmiy vakolatxonasi mavjud.

Saytga ko‘ra¸ bu AQSh¸ Germaniya¸ Avstriya¸ Xitoy kabi davlatlar barobarida aksar postsovet respublikalari¸ qolaversa¸ Abxaziya va Janubiy Osetiya kabi ayirmachi hududlardagi bu vakolatxonalar Rossiya elchixonasi doirasida faoliyat yurg‘izadi. Ayni paytda¸ postsovet davlatlarida Rossiya Ichki ishlar vazirligining migratsiya masalalari bo‘yicha alohida vakolatxonalari ham faoliyat yurg‘izmoqda.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatining Ozodlik suhbatlashgan vakili SSSR tarqaganidan beri O‘zbekiston Rossiya IIVsi vakolatxonasi bo‘lmagan Markaziy Osiyodagi yagona davlat bo‘lib kelganini ta’kidladi:

- Bu yerda qiziq jihat hozirgacha bunday vakolatxonaning O‘zbekistonda bo‘lmagani. Vazirimiz safari davomida bu narsaga barham beriladigan bo‘ldi va endilikda vakolatxona ochish bo‘yicha ishlar boshlanadi¸ dedi Rossiya Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati rasmiysi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligining O‘zbekitonda ochilajak vakolatxonasi Rossiya elchixonasi tarkibida bo‘ladimi¸ yoki alohida idora sifatida faoliyat yurg‘izadimi¸ degan savolga matbuot xizmati rasmiysi hozircha javobi yo‘qligini bildirdi:

- Avvallari migratsiya masalalari bo‘yicha FMS – Federal migratsiya xizmati shug‘ullanardi¸ shuning uchun IIV vakolatxonasi barobarida¸ migratsiya xizmatining ham postsovet hududida o‘z vakolatxonasi bo‘lardi. Bu narsa hozir ham saqlanib turibdi. O‘zbekistonda ochiladigan vakolatxona qaysi tartibda bo‘ladi – alohida vakolatxona yoki elchixona tarkibida bo‘ladi¸ bu narsa hozircha muhokama jarayonida va aniq javob berolmayman¸ dedi Rossiya IIV matbuot xizmati rasmiysi.

"Rossiyaga yaqinlashish boshlandi"

Toshkent muzokaralarida Rossiya IIV rahbari ayni kunlarda o‘z mamlakati hududida 1 million 700 ming o‘zbekistonlik mehnat muhojiri borligi¸ yil boshidan beri 600 ming o‘zbekistonlikning Rossiya hududiga kirganini aytdi.

Son jihatdan¸ deylik¸ butun boshli Latviya aholisidan ko‘proq bo‘lgan Rossiyadagi o‘zbekistonlik muhojirlar orasida¸ mutaxassislarga ko‘ra¸ jinoyatchilik ham ko‘payib bormoqda.

Ana shu ob’ektiv vaziyat¸ ikki davlat ichki ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlikni taqozo qilayotganini ta’kidlagan O‘zbekiston IIVning sobiq mulozimi¸ ayni paytda¸ Rossiya IIVsining O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochishida siyosiy bayonot ham borligini bildirdi.

"Shu paytgacha ham ikki davlat ichki ishlar tizimlari o‘rtasida hamkorlik bor edi. Masalan¸ mustaqillikdan beri O‘zbekiston IIV namoyandasi Rossiya IIV binosining 1-qavatida o‘z ofisiga ega. Lekin O‘zbekistonda Rossiya vakolatxonasi ochiqchasiga yo‘q edi. Karimov Rossiyadagi mehnat muhojirlari muammosini ochiq tan olmadi va bu sohadagi hamkorlikka ham izn bermadi. Mirziëev Rossiyadagi o‘zbek muhojirlari ijtimoiy himoyasini ta’minlashga urinmoqda. Migratsiya Rossiyada IIV nazoratiga o‘tganidan keyin¸ bu ish shu tizim orqali bo‘ladi. Shuning uchun bunday vakolatxona¸ asosan¸ mehnat migratsiyasi masalalari bilan shug‘ullansa kerak. Lekin ayni paytda bu hamkorlik O‘zbekistonning Rossiya bilan siyosiy yaqinlashuvni boshlaganini ham ko‘rsatadi¸ dedi o‘zbekistonlik sobniq mulozim.

XS
SM
MD
LG