O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tarkibida ochiladigan yangi “O‘zbekiston 24” telekanalida hammasi bo‘lib 251 kishi ishlaydi va MTRKning barcha informatsion dasturlari shu kanalda jamlanadi.
Bu ma’lumotni Ozodlik MTRKdagi islohotlardan yaxshi xabardor taniqli telejurnalist Tursun Qoratoevdan oldi.
Ba’zi tomoshabinlar keyingi oylarda O‘zbekiston davlat telekanallari ko‘rsatuvlariga “jon kira boshlaganini” e’tirof etmoqda.
Ba’zi telejurnalistlar yillardan buyon aytib kelayotgan o‘zbek telejurnalistikasi chalingan kasal - "ura-urachilik"ni Prezident Mirziyoev bundan ikki oy muqaddam tilga olgan edi.
Yopilayotgan dasturlar
“O‘zbekiston» telekanalining “Axborot” va “Tahlilnoma”,”Toshkent” telekanalining “Poytaxt”, hamda “Yoshlar” telekanalining “Davr” informatsion dasturlari yopilishi to‘g‘risida Ozodlik mahalliy nashrlarga tayanib oldinroq xabar qilgan edi.
Bu xabar ortidan MTRK raisi birinchi o‘rinbosari Bobir Alixonovning qabulxonasi bilan bog‘landik. Telefonni ko‘targan va o‘zini “Alixonovning yordamchisi”, deb tanishtirgan yigit, informatsion dasturlarning yopilayotgani to‘g‘risidagi xabarni, kutilmaganda, inkor etdi.
“Bu haqda saytlar xabar qildi”, degan pisandamizdan so‘ng, kutib turishimizni so‘radi va 10 daqiqacha kuttirib, so‘ngra “uzr, bu masaladan xabarsiz ekanman, bir narsa deyolmayman”, deb aloqani uzdi.
Biroq, taniqli telejurnalist Tursun Qoratoev “Bu yangilik emas. Anchadan beri yurayotgan gap”, deb Prezident Mirziyoevning joriy oy boshidagi qarorini yodimizga soldi.
Oy boshidagi xabar
Davlat rahbari 2 may kuni MTRK tarkibida “O‘zbekiston 24”, deb ataluvchi yangi milliy axborot-tahlil teleradiokanali tashkil etishga oid qarorni imzolagani to‘g‘risida Ozodlik mahalliy nashrlarga tayanib xabar qilgan edi.
Matni ochiq manbalarda yo‘q bu qaror to‘g‘risidagi xabarlarga ko‘ra, 24 soat davomida eshittirish uzatuvchi bu kanal¸ “aholiga ob’ektiv va ishonchli xabar yetkazish¸ O‘zbekiston media hududini sifatli axborot-tahlil materiallari bilan boyitish¸ siyosat¸ xavfsizlik¸ iqtisod¸ madaniyat¸ ilm-fan va sport¸ shuningdek¸ boshqa davlatlardagi muhim voqealarni tezlik bilan yoritish” maqsadida tashkil etiladi.
Qoratoevning optimizmi
Tursun Qoratoevning fikricha, Prezident qaroridan ko‘zlangan maqsad amalga oshirsa bo‘ladigan maqsaddir.
- Yangi telekanalda masalalarga yangicha yondoshish bo‘ladi. Hozirgi kunning talabi darajasida, kamida 80 foiz o‘zgarish bo‘ladi, dedi Tursun Qoratoev.
"Jon kirib qoldi"
Qashqadaryoning Kasbi tumanida yashaydigan keksa jurnalist Ergash Musaevning fikricha, O‘zbekiston televideniesi va radiosining informatsion dasturlarida keyingi oylarda o‘zgarishlar ko‘zga tashlanib qoldi.
- Oshkoralik bo‘layapti. Haqiqatlar aytilayapti. Mavzularni ko‘tarishda qandaydir yangilanish ko‘zga tashlanayapti. Oldin tanqiddan qo‘rqishgan, bilasiz. Endi esa, hamma nuqsonlarni aytishayapti, dedi qashqadaryolik keksa jurnalist.
Sobiq "Davr"chi: Ura-urachilik jonga tegdi
Boshqa bir jurnalist – 2009 yili bir muddat “Davr” informatsion dasturida ishlagan Malohat Eshonqulova hamkasblari – Tursun Qoratoev va Ergash Musaevlarning optimizmiga Ozodlik bilan suhbat chog‘ida sherik bo‘lmadi.
“Axborot”, “Davr” va boshqa informatsion dasturlarning yopilayotganini Ozodlikdan eshitgach, Eshonqulova “allaqachon yopilishi kerak edi, chunki yolg‘on axborotning hech kimga keragi yo‘q”, degan murosasiz gapni aytdi.
Fikrini dalillab berishini so‘raganimizda u informatsion dasturlar uchun mavzular va yangilik ob’ekti tanlash mexanizmi haqida aytib berdi.
- Har kuni TV raisi nomiga o‘tkazilayotgan tadbirlarni yoritish so‘rovi bilan turli tashkilotlardan taklifnomalar keladi. Bir kunda kamida 10 ta taklifnoma keladi. “Davr”chilar faqat o‘sha “pokazuxa” tadbirlarni, ura-uralarni yoritish bilan band edik, dedi Malohat Eshonqulova.
Shavkat Mirziyoev: Ura-urachilik jonga tegdi
Sobiq "Davr"chi Malohat Eshonqulova televideniedan quvilganidan buyon, yillardan beri aytib kelayotgan O‘zbekiston davlat televileniesidagi ura-urachilikni 30 mart kuni Prezident Mirziyoev ham tilga oldi.
O‘sha kuni videoselektor orqali o‘tkazilgan majlisda davlat rahbari “Ura-urachilik zamoni o‘tdi. Televizorda tanqidiy va tahliliy materiallar berish kerak. Odam ko‘rsatuvlarni sog‘inib kutishi kerak. «Axborot» ko‘rsatuvini o‘zgartirishimiz kerak”, degan edi
Majlisda prezident televidenie faoliyatiga to‘xtalib,bu sohadagi ahvol "eski hammom, eski tos" bo‘lib qolayotganini aytgan,«O‘zbekiston» va "Yoshlar" telekanalari nomlarini tilga olib o‘tgan edi.
“O‘zbekiston 24” qachon ochiladi
Xabarlarga qaraganda, “O‘zbekiston 24” telekanali kanalining ochilish sanasi hozircha ma’lum emas.
"Axborot", "Poytaxt" va "Davr" "O‘zbekiston 24" telekanali ishga tushgunicha efirga chiqishda davom etadi.