Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 16:45

OzodDayjest: Vazirlik vakili oliygohlarga kirishda test tizimidan voz kechilmasligini bildirdi


Qing‘irliklar bois testdan voz kechib, og‘zaki imtihonga o‘tish taklif etilmoqda. Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiy markazlar xizmati o‘ta qimmat ekani tanqid qilindi. “O‘zbekenergo”da ishlaydigan 1700 chog‘li xodim javobgarlikka tortildi.

_______________________________________________________________

Vazirlik vakili: Testdan voz kechilmaydi, og‘zaki imtihonga o‘tilmaydi!

Oliy o‘quv yurtlariga qabul jarayonidagi qing‘irliklar bois ayrim o‘zbekistonliklar test tizimidan voz kechib, og‘zaki savol-javobga o‘tishni taklif etmoqda (“Hurriyat”, 24 may). Ko‘plab vatandoshlar bu borada rasmiy murojaat ham yo‘llagan. “Test tizimining qabul qilinishiga doir hujjatlarni ko‘zdan kechirsangiz, birinchi omil siz aytgan o‘sha qing‘irliklar, noqonuniy o‘qishga kirishlarning oldini olish uchun joriy etilganini ko‘rishingiz mumkin. Ammo so‘nggi yillar davomida biz hisobga olmagan, hatto kutmagan yo‘llar ham paydo bo‘ldiki, ular jarayonni birmuncha o‘zgartirib yubordi. Lekin bu biz yana suhbat, og‘zaki savol-javob tizimiga o‘tishimiz kerak degani emas”, degan O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi vakili Barno Rajabov.

Matbuot: Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiy markazlar xizmat qachon arzonlashadi?

Toshkentda faoliyat yurituvchi Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiy markazlarda davolanish nihoyatda qimmat bo‘lib, uncha-muncha odamning qurbi etmaydi (“Oila davrasida”, 25 may). Xizmat narxi hatto xususiy klinikalardan ham baland. Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova narx qimmatligiga markazlarning binosining katta ekani hamda ushbu muassasalarda professorlar faoliyat olib borishi bilan izohlagan. “Ana xolos. Xizmatlarga narx belgilanishida binoning katta-kichikligining nima ahamiyati bor? Mayli, matematik jihatdan shundaydir. Ammo bu markazlar birinchi navbatda davlatga qarashli tibbiy muassasa ekani nega inobatga olinmayapti? U holda, xususiy klinikadan hech qanday farq qolmaydi-ku!” deya vazir o‘rinbosarining dalillariga qarshi dalil keltiradi gazeta.

“O‘zbekenergo” tizimidagi 1700 ga yaqin xodim jazolandi

“O‘zbekenergo” aktsiyadorlik jamiyati tizimida olib borilgan nazorat tadbirlaridan so‘ng tizimning qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan 1700 ga yaqin vakili jazolandi (“Jamiyat”, 19 may). Masalan, 255 nafar xodimga hayfsan berilgan, 146 nafar xodimga jarima solingan, 1260 nafari esa pul mukofotlaridan mahrum etilgan. “O‘ylaymizki, bundan keyin ularning har biri o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashadi. Demak, aybni faqat iste’molchi bo‘yniga qo‘yaversak ham adolatdan bo‘lmaydi”, deb hisoblaydi “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi boshlig‘i Abbosxon Nimatullaev.

XS
SM
MD
LG