Линклар

Rossiya TIV voizining Mayakovskiydan iqtibos keltirishi nimadan darak beradi?


Rossiya tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova

Amerika Qo‘shma Shtatlarining ilk qora tanli prezidenti qo‘l ostida davlat kotibi bo‘lib xizmat qilgan Jon Kerri joriy haftada Moskva bilan Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi ahvolidan taassuf bildirdi va Harvard universiteti talabalarini rus tilini o‘rganishga da’vat qildi.

Rossiya tashqi ishlar vazirligining tili zahar voizi Mariya Zaxarova Mayakovskiyni nazarda tutib, mana bunday g‘alati tavsiya berdi:

"Rus shoirining 90 yil oldin yozilgan “keksa negr” haqidagi she’rini o‘qib ko‘ringlar".

Kerri 24 may kuni Harvard universitetining Kennedi nomidagi Boshqaruv maktabidagi ma’ruzasida partiyasi vakili sifatida qattiq gapirib, Donald Tramp ma’muriyatini qayta-qayta keskin tanqid qildi.

U yana kesatiq bilan, Tramp ma’muriyati muvaffaqiyat qozonish uchun rus tilini o‘rganishi kerak, buning uchun chet tillarni o‘rganishda keng qo‘llanadigan “Rozetta Stoun” tijorat ta’minot dasturi zarur, deb aytdi.

– Ko‘pincha mendan hukumatga ta’sir ko‘rsata olishning qanday yo‘li bor, deb so‘rashadi, – dedi Kerri. – Hukumat yaqinda o‘zgardi. Oldinlari men buning uchun yo saylovda yutib chiqish kerak yoki Harvarddagi Kennedi maktabida o‘qib, ilmiy daraja olish kerak deb aytar edim. Oq Uyning hozirgi ma’muriyatiga esa “Rozetta Stoun” tijorat ta’minot dasturini sotib olib, rus tilini o‘rganinglar, deb maslahat bergan bo‘lur edim.

Kerrining fikrlari shu kunlarda Vashingtonda Trampning yordamchilari bilan Rossiya amaldorlari o‘rtasidagi aloqalar va AQSh razvedkasining rasmiy Moskva o‘tgan yilgi prezident saylovi kampaniyasiga aralashgani to‘g‘risidagi xulosasi bilan bog‘liq paydo bo‘lgan mojaroni aks ettiradi. Ushbu aloqalarni Kongressning bir necha qo‘mitasi tergov qilmoqda, FTB esa buni jinoyat ishi hisoblab, tergov o‘tkazmoqda.

Moskvada Mariya Zaxarovaning diplomatlarga xos bo‘lmagan zaharxandasi yahudiy saylovchilar va AQShning Moskvadagi sobiq elchisiga qaratilgan bo‘lib, Kerrining fikrlariga javob tariqasida aytildi.

Zaxarovaning Feysbukdagi sahifasiga yozgan izohi Kremlning ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning hozirgi ahvoli uchun AQSh sobiq prezidenti Barak Obama aybdorligi haqidagi qarashlariga hamohangdir. U sovet futurist shoiri Vladimir Mayakovskiyning she’rlarini o‘qish foydali bo‘lishini iddao qildi.

So‘ngra u Mayakovskiyning 1917 yili yozilgan “Yoshlarga” she’ridan ko‘chirma keltirdi:

Keksa bir negr bo‘lganimda ham,

Erinmasdan, umidsizlanmay

Rus tilini o‘rganar edim,

Chunki bu tilda Lenin so‘zlagan.

Zaxarovaning nega rus tili qayd etilgan she’rni tanlagani va gapi aynan Barak Obamaga qaratilgani uning Feysbukdagi sahifasiga izoh qo‘ygan bir qancha kishilarning e’tiborini tortdi, ba’zilari Kerrining ma’ruzasini tahlil qilgan bo‘lsa-da, ko‘pchiligi tanlangan so‘z yuzasidan munozara qildi.

Ko‘pchilik yoshi o‘tib qolgan rossiyaliklar “negr” so‘zi haqoratomuz bo‘lmay, kelib chiqishi afrikalik bo‘lgan amerikaliklarni anglatish uchun ko‘p ishlatiladi, degan fikr bildirdi. “Qora tanli” yoki “qora” – “qoratanli amerikalik” singari – degan so‘z yoki ibora ba’zan quloqqa chalinib turadi, “qora” so‘zi Janubiy Kavkaz mintaqasidan bo‘lgan odamlarni tavsiflash uchun ham ishlatiladi.

O‘zini Roman Kochinskiy deb tanishtirgan bir kishi, “Negr” so‘zining ma’nosi bunchalik qo‘pol emas”, deb yozdi.

XS
SM
MD
LG