Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 08:42

G7 rahbarlari terrorga qarshi kurashda yakdil, ammo iqlim o‘zgarishi masalasida kelisha olmadi


(Chapdan o‘ngga) Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, AQSh prezidenti Donald Tramp va Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey 26 may kuni Sitsiliyada bo‘lib o‘tgan G7 sammitida.
(Chapdan o‘ngga) Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, AQSh prezidenti Donald Tramp va Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey 26 may kuni Sitsiliyada bo‘lib o‘tgan G7 sammitida.

Eng sanoatlashgan “Yettilar guruhi”ga (G7) a’zo mamlakatlar rahbarlarning ma’lum qilishicha, terrorchilikka qarshi yanada ko‘proq kurashish va savdo-sotiq sohasidagi tafovutlarni kamaytirishga kelishib oldi, biroq AQSh prezidenti Donald Tramp bilan iqlim o‘zgarishiga doir kelishmovchilikni bartaraf qila olmadi.

G7 rahbarlarining Sitsiliyaning Taormina kurort shahrida imzolangan qo‘shma bayonotida Internet provayderlari va ijtimoiy tarmoqlarni yurituvchi kompaniyalar oldiga ekstremistlar internetga joylashtirayotgan kontentlarga (maqola, audio, videoyozuvlar, izohlar va hk.) qarshi chora ko‘rish talab qilib qo‘yildi.

G7 tarkibiga Qo‘shma Shtatlar, Britaniya, Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya va Yaponiya qiradi, ammo unda YeI vakillari ham ishtirok etmoqda.

Davlat va hukumat rahbarlari Suriya singari mojarolar davom etayotgan hududlarda urishayotgan chet ellik jangchilarning shaxsini aniqlash va javobgarlikka tortish borasida kuchlarni birlashtirishga va’da berdi.

Ular 22 may kuni Manchester shahrida ro‘y bergan va 22 kishi, jumladan, bolalarning umriga zomin bo‘lgan va buning uchun Islom davlati (ID) mas’uliyatni zimmasiga olgan xudkushlik bomba hujumidan so‘ng Britaniya bilan birdamlik izhor qildi.

Britaniya bosh vaziri Tereza Mey matbuot konferensiyasida ID guruhi yo‘q bo‘lish o‘rniga kengayib borayotganini, Iroq va Suriyadan siqib chiqarilgandan so‘ng uyiga qaytib kelib, nafrat qo‘zg‘atuvchi mafkurasini internet orqali yoyayotganini ta’kidladi.

Iqlim “o‘zgarmay turadigan bo‘ldi”

Ikki kunlik sammit mezboni, Italiya bosh vaziri Paolo Jentiloni sammitning rasmiy bayonoti e’lon qilinishi oldidan rahbarlar savdo-sotiq bo‘yicha tafovutlarni kamaytirayotganini xabar qildi.

Ammo unga ko‘ra, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash siyosatini amalga oshirish “to‘xtab qoldi”, chunki Tramp haligacha 2015 yilda Parijda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash borasida imzolangan bitimdan chiqish to‘g‘risidagi va’dasini bajarish xususida bir to‘xtamga kelmadi. O‘sha shartnomada G7 ga a’zo barcha mamlakatlar bitimni qo‘llab-quvvatlagan edi.

Tramp dastlab Parij bitimidan chiqish bilan tahdid qilgan eldi, ammo Oq Uyning iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Geri Konning G7 sammitida aytishicha, Trampning iqlim o‘zgarishiga oid qarashlari “o‘zgarib bormoqda”.

Germaniya kansleri Angela Merkelning jurnalistlarga bildirishicha, barcha rahbarlar Trampni Parij bitimiga qaytishga da’vat qilgan va ushbu masalada “jadal” fikr almashilmoqda, deb aytdi.

Britaniya bosh vaziri Meyga ko‘ra, G7 rahbarlari Rossiya bilan Eron Suriyada olti yildan beri davom etayotgan urush harakatlarini to‘xtatishga turtki berishi kerakligini aniq qilib aytdi. Bu urushda Moskva bilan Tehron Suriya prezidenti Bashar Asadni, Qo‘shma Shtatlar bilan Turkiya esa turli isyonchilar guruhlarini qo‘llab-quvvatlamoqda.

Mey xonim yana sammit ishtirokchilari noqonuniy ballistik raketa sinovlarini to‘xtatish uchun Shimoliy Koreyaga qo‘shimcha bosim o‘tkazishga kelishib oldi, dedi.

Sammit boshlanishidan oldinroq Yevropa Kengashi prezidenti Donald Tusk “G7 sammiti keyingi yillardagi sammitlarning eng murakkabi” bo‘lishiga “shubhasi” yo‘qligini aytgan edi.

Rossiyaga qarshi sanktsiyalar

Tusk G7 rahbarlarini Ukrainaga nisbatan tajovuzi uchun sanksiyalarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Qo‘shma Shtatlar bilan Yevropa Ittifoqi 2014 yildan beri Rossiya Qrimni bosib olgani va Ukraina sharqida bo‘lginchilarni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun sanksiya joriy qilib kelmoqda. Shu paytgacha bo‘lginchilar bilan hukumat qo‘shinlari o‘rtasidagi janglarda 9900 kishi xalok bo‘ldi.

Kon esa sanksiyalar masalasida keskin fikr bildirdi va “Biz Rossiyaga qarshi sanktsiyalarni kamaytirayotganimiz yo‘q, kerak bo‘lsa, ushbu mamlakatga nisbatan bundan ham keskinroq yo‘l tutishimiz mumkin”, deb aytdi.

G‘arb OAVning diplomatiya manbalariga tayanib aytishicha, deyarli barcha masalalarda rahbarlarni qarashli o‘xshash, ammo Vashington savdo-sotiq va atrof muhit masalasida yakkalanib qolmoqda.

Yevropa Komissiyasi prezidenti Jan-Klod Yunker sammit oldidan jurnalistlarga go‘yo Tramp 25 may kuni Bryusseldagi uchrashuv chog‘ida Germaniyaning savdo-sotiq siyosatini qattiq qoralaganini rad etdi.

“O‘ta jadal muzokaralar”

Italiyalik diplomatning qayd etishicha, Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlar “protektsionizmning barcha shakllariga qarshi kurash” borasida AQSh aniq va’da berishini istaydi va shu sababli ular prezident Trampni erkin savdoning afzalliklariga ishontirishga harakat qildi.

Oq Uyning iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Geri Kon 26 may kuni jurnalistlarga, “Biz savdo-sotiq masalasini jadal muhokama qilamiz va “erkin” va “ochiq” nimani anglatishi to‘g‘risida gaplashib olamiz”, deb aytdi.

XS
SM
MD
LG