Линклар

Iroq qo‘shinlari Mo‘suldagi so‘nggi hujumini boshladi


Iroq askari qochqin qizga yordam bermoqda

Iroq harbiylari AQSh ko‘magida Mo‘sul g‘arbidagi "Islom davlati" (ID) ekstremist guruhi qo‘l ostidagi so‘nggi mavzelarga keng miqyosli hujum boshladi. Iroq harbiy rahbariyati guruh yetakchisi Bag‘dodiy xalifalik tuzganini iddao qilgan “Al-Nuriy” masjidini yaqin kunlar ichida ozod qilishga umid bog‘layapti.

Qo‘shma amaliyotlar qo‘mondonligining 27 may kuni ma’lum qilishicha, xavfsizlik kuchlari IDning Iroqdagi so‘nggi muhim istehkomi bo‘lgan va Mo‘sul shahridan oqib o‘tuvchi Dajla daryosining g‘arbiy sohilidagi “ozod qilinmagan hududlar”ga hujum qilmoqda.

Agar Mo‘sul shahri Iroq qo‘shinlari qo‘liga o‘tadigan bo‘lsa, bu ID ekstremistlariga qattiq zarba bo‘ladi.

Taxminan, uch yil oldin ID yetakchisi Abu Bakr Bag‘dodiy ushbu shaharda “xalifalik” tuzganini e’lon qilgan edi.

Iroq harbiy amaldorlari Bag‘dodiyning ushbu iddaosi yangragan “Al-Nuriy” masjidini yaqin kunlar ichida ozod qilishga umid bog‘layapti.

Eski shahar qismida yashadigan aholining Reyter axborot agentligiga telefon orqali bildirishicha, u yerdagi vaziyat o‘ta mushkul.

Odamlar yo bomba portlashidan, yoki ochlikdan istalgan payt nobud bo‘lishi mumkinligidan qo‘rqib yashamoqda. Ular kuniga bir martagina yo xamirli, yoki yasmiqli suyuq ovqat ichmoqda.

BMT va insonparvalik tashkilotlarining baholashicha, shaharda urushgacha yashagan aholining 1/3 qismi – 700 ming kishi urush harakatlari davom etayotgan joydan chiqib ketgan, 200 mingga yaqin kishi esa ayni paytda garov sifatida ushlab turilibdi.

AQSh va koalitsiya kuchlari havodan qo‘llab-quvvatlayotgan Iroq qo‘shinlari Mo‘sulni ozod qilish uchun o‘tgan yil oktyabrda jang boshlagan.

Joriy yilning boshlarida shaharning sharqiy qismi qayta qo‘lga kiritildi va qo‘shinlar Mo‘sulning aholisi juda ko‘p bo‘lgan g‘arbiy qismida IDning qaqshatqich qarshiligiga duch kelmoqda.

ID jangchilari 2014 yilda hukumat qo‘shinlariga qarshi janglarda Iroq va Suriyaning ancha-muncha hududini egallagan payt Mo‘sulni ham olgan edi.

Ammo, AQSh boshchiligidagi koalitsiya kuchlari IDning asosiy istehkomlari bo‘lmish Mo‘sul va Suriyaning Raqqa shaharlarida ID jangchilaridan ko‘p joylarni tortib oldi.

XS
SM
MD
LG