Линклар

Toshkent viloyatida “Baho Marli” degan laqab bilan tanilgan 39 yashar tadbirkor Bahodir O‘rinboev moliyaviy firibgarlikda gumonlanib, 28 may kuni Chinoz tumanida qo‘lga olindi.

Ozodlikning Toshkent viloyat huquq-tartibot organlaridagi manbasiga ko‘ra¸ O‘rinboev bir yil oldin qidiruvga berilgan:

- Yakshanba kuni o‘tkazilgan tezkor tadbirda qidiruvda bo‘lgan O‘rinboev Bahodir Bahtiyorovich Chinoz tumanida qo‘lga olindi. Bir yildan beri Qozog‘istonda qochib yurgan O‘rinboev ushlanib Toshturmaga hibs qilinib tergov bermoqda. Unga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik),168-moddasi (firibgarlik) va 170-modda (aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan mulkiy zarar yetkazish) va jinoyatdan bo‘yin tovlab qochib ketish bo‘yicha jinoiy ish ochilgan¸ dedi Ozodlik manbasi.

Uning aytishicha¸ O‘rinboevga oid "Merkury leasing group" shirkati taftish qilinib, berkitib qo‘yilgan:

- Ayblanuvchi O‘rinboev Zangiota tumanida ro‘yxatdan o‘tgan mazkur shirkat ofisida odamlardan katta miqdordagi pulni 10 oyda ikki hissa qilib beraman degan va’da bilan 2016 yil iyuni oxirigacha olib kelgan. Chinozlik Ahmadboy Tursunboevnikiga o‘xshash sxema. Tursunboev qamoqqa olingan 15 iyundan keyin ham O‘rinboev aholidan pul olishda davom etgan. 2016 yil avgust oyida O‘rinboev qidiruvga berilgan edi.

"Ikki barobar qilib qaytaradi, deb 45 000 dollar beruvdim"

Ozodlik O‘rinboevga pul berib “kuyib qolgan” ikki o‘zbekistonlik bilan suhbatlashdi. Ulardan biri Toshkent viloyatida fermerlik qiladigan Sevaraxon Tojieva 20 million so‘m (Qora bozor kursida 2500 AQSh dollari) pulni o‘z qo‘li bilan Bahodir O‘rinboevga berganligini aytadi:

- Ahmadboydan tashqari To‘xtasin, Jalol¸Rasul deganlar ham ishlar edi. Men pulimni Bahodirga berdim. Otasini dokaro‘mol ishlab chiqaradigan tsexi bor¸ hurmatli odam deb. Baho Marli (Bahodir O‘rinboev) norozi bo‘lganlarga pulining tanini qaytarib beradi, deyishgan edi. O‘yindan chiqqani uchun 20 foiz ustamasini olib qolib qolganini qaytaradi, deyishdi. Kuysam 20 foizga kuyarkanman, deb oldin 4 million so‘mni oborib berdim. Bir yilda shu pulni 8 million qilib oyma-oy bo‘lib oldim. Keyin esa 20 millionni topshirganimdan keyin oblavalar boshlanib Baho Marli qochib ketdi men 20 million so‘mga kuyib qoldim¸ deydi Sevaraxon Tojieva.

Ikkinchi suhbatdoshimiz Sergeli bozorida mashina dallolligi bilan shug‘ullanadigan 38 yashar yigit 45 ming dollar pulini “Baho Marli uxlatganidan” shikoyat qildi:

- Ahmadboy qiya bo‘lishini bilib Baho Marliga bergan edim pulni. 45 ming dollar. Ikki barobar qilib qaytarmoqchi edi¸ deydi pulidan ayrilgan mashina bozori dalloli.

Suhbatdosh 45 ming dollar olingani haqida Bahodir O‘rinboev imzo chekkan kvitantsiya qog‘ozini Ozodlikka jo‘natdi.

Ahmadboy kopiyalari

Bahodir O‘rinboev o‘z faoliyatini qanday yuritgan? Bu savolga javob bergan Sevaraxon Tojieva “Ahmadboy qanday ishlagan bo‘lsa shunday” deb javob berdi.

- Ahmadboyning kopiyasi edi u. Pul¸ mashina¸ qo‘y¸ sigir va oltin taqinchoqlarni olar edi pulga hisoblab. Ahmadboyga pul berishga navbati yetmaganlar Baho Marli yoki To‘xtasinga berar edi pulini¸ deydi suhbatdosh.

Toshkent viloyati Chinoz tumanida joylashgan "Chinoz halol chorva" hamda "Chinoz avto hamkor" korxonalari ta’sischisi Ahmad Tursunboev va uning xodimlari aholidan yiliga kamida 100 foizlik dividend va’dasi bilan milliy va chet el valyutalarini olish bilan shug‘ullangani “o‘zbek MMM” degan afsona urchishiga sabab bo‘lgan edi.

2016 yilning 15 iyun kuni O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari 38 yoshli tadbirkor Ahmad Tursunboevni hibsga olgan bo‘lsa ham hali uning ustidan sud hukmi o‘qilgani yo‘q.

Ahmad Tursunboev (Ahmadboy) hibsga olingan bo‘lsa ham butun respublika bo‘ylab “kopiyalari faoliyat ko‘rsatmoqda” deydi 45 ming dollarini “piramidachilar uxlatgan” mashina bozori dalloli.

“Chinozda Ahmadboy qanday mashhur bo‘lsa Xorazmda Ergashboy shunaqa nom chiqargan edi”, deydi Hazorasp tumanidagi Pichoqchi qishlog‘ida yashaydigan Marimboy ismli tadbirkor Ozodlik bilan suhbatda.

- Pitnak shaharchasi Sayidlar mahallasidagi aka-uka Ergashboy va Qahramon Safarovlar firibgarlikda ayblanib jinoiy javobgarlikka torildi. Sudda o‘zim qatnashdim Ular 20 dan ortiq kishining har biridan 3 mingdan 5 ming dollargacha pul olganini tan oldi. Sud majlisida Ergashboyga so‘z berilganida u Ahmadboydan ilhomlanganini aytib o‘zini oqlamoqchi bo‘ldi, - deydi xorazmlik tadbirkor.

Unga ko‘ra¸moliyaviy piramida alomati bo‘lgan shirkat¸ lombard¸ o‘zaro yordam kassalari Xorazm viloyatida hozir ëpib tashlangan.

Ozodlik suhbatlashgan mulozimlar butun respublika bo‘ylab “Ahmadboy tajribasi” yoyilmasligini ta’minlash uchun tadbirlar davom etayotganligini ta’kidlashdi.

Toshkent viloyat prokuraturasi mulozimining aytishicha¸ viloyatdagi aholidan pul oldi-berdi qilish bilan shug‘ullangan barcha shirkatlar nazoratga olingan:

“Ahmadboy uslubida ishlaydigan¸ ammo qamrovi kichik shirkatlar Chinozdan tashqari Oqqo‘rg‘on, Bekobod, Bo‘ka, Quyichirchiq, Parkent, Yuqorichirchiq, tumanlarida ham borligi aniqlandi. Xalq orasida "Ahmadboy kopiyalari" deb ataladigan bu shirkatlarning hammasini IIB¸ prokuratura va soliq idorasi vakillaridan iborat qo‘shma guruh tekshirip ishini tergovga oshirgan”¸ dedi mulozim.

Bundan bir yil muqaddam O‘zbekistondagi barcha davlat telekanallari xalq orasida “Ahmadboy” nomi bilan tanilgan chinozlik tadbirkor Ahmad Tursunboevga Chinoz va Yangiyo‘l tumanlaridan minglab odamning foizga pul bergani haqida maxsus ko‘rsatuv namoyish qilgan edi.

Shundan keyin 160 mingga yaqin aholisi bo‘lgan Toshkent viloyatining bu ikki tumani¸ xususan¸ aholisining aksariyati moliyaviy piramida qurboniga aylangan Yangiyo‘l tumani ommaviy axborot vositalari diqqat-markaziga tushdi.

XS
SM
MD
LG