Линклар

Shahrixonda zaharlanganlarning 100 nafaridan salmonellyoz bakteriyasi topildi


Shahrixondagi muzqaymoq kafesi

Andijon viloyat, Shahrixon shahrida may kuni muzqaymoqdan zaharlangan 100 kishi qonidan salmonellyoz bakteriyasi topilgan.

Andijon viloyatida 40 yil mobaynida sanitariya-epidemiologiya nazorati tizimida ishlagan vrach, ovozini efirga ismini aytmay berish sharti bilan, bu ma’lumotni Ozodlikka taqdim qildi.

Bundan oldin Eltuz.com nashri shahrixonlik shifokorga tayanib, bu haqda ma’lum qilgan edi.

Maqolada keltirilishicha, muzqaymoqdan zaharlanganlarning analizlarida salmonellyoz infeksiyasi aniqlangan bo‘lsada, shifokorlarga bu haqda hech kimga oshkor etmaslik uqtirilgan.

Andijonlik vrachning Ozodlikka aytishicha¸ analizidan salmonellyoz infeksiyasi aniqlangan 100 kishining 10 ga yaqini salmonellyozning og‘ir formasi bilan kasallangan.

Unga ko‘ra, kasallarning sog‘ayishi uchun kamida bir oy kerak.

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi mulozimining o‘tgan hafta Ozodlikka bildirishicha¸ ko‘ra, 15 may kuni Shahrixon tumani tibbiyot birlashmasiga va Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga qayt qilish va ich ketish kabi ovqatdan zaharlanish belgilari bilan murojaat qilgan 212 kishidan 186 nafari davolanish uchun yotqizilgan.

“Bemorlarga ko‘rsatilgan barcha zarur davolash muolajalari samarasi o‘tgan sutkalar ichida, ya’ni 17 may soat 8.00 holatiga 153 nafar fuqaroning holati yaxshilanib, uyiga javob berilgan. Qolgan 33 bemorning holati qoniqarli, kundan-kunga yaxshilanib bormoqda”, deyiladi Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabarida.

Lekin vazirlik xabarida Shahrixondan boshqa shifoxonalarga yotqizilgan bemorlar haqida ma’lumot berilmagan.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra,bemorlar zaharlangan muzqaymoq bakteriologik va kimyoviy tekshiruvdan o‘tkazilgan.

Andijon huquq-tartibot idoralaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, zaharlangan bemorlarning barchasi Shahrixon markazidagi MAKS kafesidan muzqaymoq yeganliklarini aytishgan.

Ozodlik suhbatlashgan andijonlik boshqa bir keksa vrachga ko‘ra¸ O‘zbekistonda sut mahsulotlaridan tayyorlangan mahsulotlardan zaharlanish xavfi saqlanib qolmoqda:

- Tadbirkorlarni tekshirib zada qilmaslik kerak, degan hukumatning niyati yaxshi¸ lekin oziq-ovqat sohasi minglagan insonlarning salomatligiga daxldor bo‘lgani bois, muntazam nazorat ostida bo‘lishi lozim. Sanepid vrachlar bildirmasdan borib tekshirishlariga izn berilishi kerak. Agar Shahrixonda sanitariya nazorati kuchli bo‘lganida zaharlanish ko‘lami bunchalik bo‘lmas edi¸ deydi vrach.

XS
SM
MD
LG