Линклар

Moskvaning Meshchanskiy tuman sudi qarori bilan, terrorchilik aktini tayyorlashda gumonlanayotgan yana to‘rt muhojir hibsga olindi. Rossiya poytaxti jamoatchilik transportida portlash uyushtirishda ayblanayotganlar orasida ikki nafar o‘zbekistonlik ham bor.

Sankt-Peterburgdagi portlash ortidan FSB Rossiyaning deyarli barcha mintaqalarida “IShIDga aloqador terrorchi va ekstremistlarni” hibsga olayotgani kuzatuvchilarni shubhalantirmoqda.

Navbatdagi 4 migrant qamoqqa olindi

Moskvaning Meshchanskiy tuman sudida terrorchilik amaliyotini hozirlaganlikda ayblanayotgan yana bir guruh mehnat muhojiri ishi ko‘rib chiqildi.

Sud mahkamasida keltirilgan ma’lumotlarga binoan, shu yilning 25 may kuni Moskvaning Novoperedelkino mavzesida O‘zbekiston vatandoshi ekani aytilayotgan 1993 yilda tug‘ilgan Furqat Qushaev va Abdushukur Gulmirzaev, 1996 yilda tug‘ilgan tojikistonlik Muhammadyusuf Ashurov hamda dog‘istonlik Magomed Davudovlar FSB maxsus amaliyoti paytida qo‘lga olingan.

Sud qarori bilan terrorchilikda gumonlanayotgan bu yigitlar 2017 yilning 24 iyuligacha tergov yakuniga qadar izolyatorda qoladi.

- Sudga 4 ta ish kelib tushdi: Ashurov, Kushaev, Gulmirzaev va Davudovlar ishi. Ularga 24 iyulgacha hibsda saqlash chorasi qo‘llanildi. FSB ularni “Islomiy davlat”ga aloqadorlikda va portlash uyushtirishga tayyorgarlikda ayblamoqda, dedi Ozodlikka Meshchanskiy tuman sudi rasmiysi Yuliya Bocharova.

Sud mahkamasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, ayblanuvchi Abdushukur Gulmirzaev sudda uning sherigi Moskvada portlash uyushtirmoqchi bo‘lgani to‘g‘risida ko‘rsatma bergan. Migrantlar sudga yuzi maska bilan yopilgan, boshidan fsbchi ushlagan holda keltirilganini ko‘rish mumkin.

Uch nafar markaziy osiyolik va bir nafar dog‘istonlik muhojirning hibs etilishi ortidan Rossiya FSBsi rasmiy saytida ham maxsus xabar chop etildi.

- Terrorchilik guruhini boshqarish Suriya hududida joylashgan va Rossiyada taqiqlangan “Islomiy davlat” xalqaro terrorchilik tashkiloti tomonidan olib borilgan. Diversiya-terrorchilik aktini amalga oshirib, terrorchilar Suriyaga “Islomiy davlat” tashkiloti olib borayotgan jangovar harakatlarga qo‘shilishni rejalashtirib kelgan, deyiladi gumonlanayotganlarning hatto “rejalari” borasida ma’lumot borligini bildirgan FSB matbuot xizmati.

Rossiya markaziy telekanallari va nashrlari kvartiralardan birida “portlovchi modda ishlab chiqarish laboratoriyasi” aniqlangani, ushlangan bu shaxslardan “yasama bomba, granata, avtomatik qurol-yaroq va ekstremistlar adabiyoti” musodara qilinganini xabar qildi.

(Ilьya Bezvatnikov tasviri)

Novoperedelkinoda olib borilgan operatsiyaga guvohlardan birining Youtube portaliga chiqarilgan videosida 3 kishini qo‘lga olishga politsiya, OMON, FSB, “Tez yordam” va MChS maxsus kuchlari jalb qilingani aytiladi.

Hibs etilgan muhojirlarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilishi masalasi ko‘rilmoqda.

Sudda ularga nisbatan “terrorchilik amaliyotini tayyorlash” (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 205 moddasi 2 qismi “a” bandi), terrorchilik tashkilotiga a’zolik (RF JK 205.5 moddasi 2 qismi), qurol aslahani noqonuniy ayrboshlash (RF JK 222 moddasi 3 qismi), portlovchi moddalarni noqonuniy ayirboshlash (RF JK 222.1 moddasi 3 qismi) va portlovchi moddalarni noqonuniy tayyorlash (RF JK 223.1 moddasi 3 qismi) ayblov qo‘yilayotgani ma’lum bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG