Линклар

17 декабр 2017, Тошкент вақти: 16:50

Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani hokimligi bosimi ostida tumandagi har bir maktab rahbariga kamida 100 tupdan limon ko‘chati sotildi. Zangiotada esa bank xodimlari oyligidan bir tup¸ bo‘lim boshliqlarinikidan esa¸ ikki tup limon ko‘chati puli chegirib qolindi.

Xalq “limonchi boy” bo‘lishni istamadi

“Rayonimizda kamida 40 maktab bor. Eng kichik maktabda uchta¸ kattalarida beshtadan rahbar bor – direktor¸ ikkita zavuch¸ zavxoz va psixolog. Hokimiyat ana shularning har biriga donasi 35 ming so‘mlik 100 tupdan limon ko‘chati oldirdi. “Agrobank” ular nomiga 9 foizlik kredit rasmiylashtirdi. Shu oy o‘rtalarida maktabimiz hovlisiga ko‘chatlar olib kelindi va direktor majlis qilib¸ hammani uchtadan ko‘chat olishga majburladi. Direktorni ham tushunamiz¸ uni hokim majburlagan¸ nima qiladi u buncha limonni – direktorligini qilsinmi¸ yo limonchilik?”¸ deydi Toshkent viloyati Yuqori chirchiq tumani maktablaridan birining limonchilikka majburlangan o‘qituvchisi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ Toshkent viloyati hokimlarining “limonchilikka muhabbati” qurbonlari safida tijorat banklari xodimlari ham bor.

“Zangiota tumanidagi Infinbank xodimlariga majburlab limon sotishdi 34 ming so‘mdan. Limonni hali ko‘rganimiz yo‘q¸ lekin oddiy xodimlar oyligidan bitta ko‘chatga¸ bo‘lim boshliqlarinikidan ikki tupdanga pul ushlab qolishdi¸ domda yashaydiganlarga ham. Men nima qilaman bu ko‘chatni¸ desam ham majburlashdi”¸ deb xabar qildi bank xodimlaridan biri o‘z shaxsi ochiqlanmasligi sharti bilan.

Prezident Shavkat Mirziyoev 2017 yilning 17 mart kuni “Tadbirkorlik sub’ektlari va keng aholi qatlamiga mikrokreditlar ajratish tizimini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror chiqargandan so‘ng O‘zbekiston tarixida kuzatilmagan hodisa yuzaga chiqdi va bank xodimlari uyma-uy yurib¸ odamlarni “tijorat banklari krediti hisobidan qoramol, qo‘y-echki, quyon, parranda, baliq, asalari uyasi, mevali daraxt va tok ko‘chatlari” sotib olib¸ boy bo‘lishga da’vat qilishga kirishdi.

Eng kam ish haqining 60 dan 100 barobarigacha miqdorda 9 foizdan oshmagan foiz stavkasi bilan berila boshlangan bu mikrokreditlarning¸ ayniqsa¸ Mirziyoev chiqishlarida boyishning oson yo‘li sifatida taqdim etilgan limonchilik qismi¸ aholi o‘rtasida uncha ommalashmaganidan keyin hokimliklar¸ majburiy limonchilikni yo‘lga qo‘yishga kirishgan va yana o‘sha eski nishon -byudjet tashkilotlari¸ birinchi galda¸ o‘qituvchilarni siquvga olgan.

Yuqorichirchiqlik o‘qituvchi ham¸ zangiotalik bank xodimi ham¸ limon parvarishi haqida mutlaqo hech narsa bilmasligi¸ uni tuvakka solib¸ hozircha dekorativ daraxt sifati qo‘yib qo‘yganini aytarkan¸ ko‘chatlarning yaqinda qurib¸ to‘langan pul havoga sovurilishini qo‘shimcha qildi.

Tijorat banklarida olaman deganga kredit qolmadi

29 may kuni Ozodlik muxbiri Agrobank¸ Infinbank va Ipoteka banklarining bosh idoralari¸ qolaversa¸ Toshkent viloyatidagi ayrim filiallari bilan bog‘lanib¸ prezident qarorida belgilangan soddalashtirilgan tartibda chorvachilik¸ parrandachilik¸ yoki limonchilik uchun mikrokredit olish imkoni bilan qiziqdi.

Ularning barchasi bir xil mazmunda - “mikrokredit olishning kamida 6 oy muddatga resurs yo‘qligi bois” to‘xtatib qo‘yilganini aytish bilan javob berdi.

“To‘g‘ri¸ o‘zimiz uyma-uy yurib¸ odamlarni kredit olishga targ‘ib qildik. Lekin hozir resurs tugadi¸ endi olaman deganlar mahalladan “kam ta’minlangan¸ ishsiz” ekanliklari haqida dalolatnoma olib¸ mahallalar tuzayotgan ro‘yxatga yoziladi. Kredit berish boshlansa¸ navbatiga qarab¸ olishadi. Lekin hozir pul yo‘q”¸ dedi tijorat banklaridan birining kredit bo‘limi mutasaddisi.

“Hokimlik tijorat banklari puliga xo‘jayinlik qildi”

O‘zbekiston bank mutasaddilaridan biri Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda prezidentning 17 mart kungi qarorini mamlakatdagi shundoq ham abgor bank tizimi uchun nihoyatda tahdidli qaror deb baholadi.

Markaziy bankdan tortib tijorat banklariga qadar mamlakat iqtisodi o‘zak-negizini belgilovchi¸ mustaqil qaror chiqarish vakolatiga ega mustaqil tizim bo‘lishi kerak. Mirziyoev bank tizimiga Qishloq xo‘jalik vazirligi boshqarmasiga qaragandek qaramoqda va tijorat banklarini aholiga mol¸ tovuq boqib¸ limon yetishtirish uchun o‘z hisobidagi mablag‘ini kredit sifatida berishga majburladi.

17 mart kungi qarorda ko‘zda tutilgan kabi maxsus davlat loyihalariga pulni hukumat o‘z zahirasidan berishi kerak. Bizda esa¸ hukumat tijorat banklari cho‘ntagiga qo‘l solib¸ ular pulini 9 foizlik kreditga berdirdi. O‘zi banklararo kredit stavkasi 9 foizdan boshlanadi. Bank hech bir foyda qo‘ymasdan ayni shu foizda bor mablag‘ini kreditga bersa¸ endi qanday ishlaydiyu xodimlariga qaerdan oylik beradi? Bank kredit berolmayman¸ desa¸ hokimlar “sen davlat siyosatiga¸ prezident islohotiga qarshi chiqayapsan”¸ deb shantaj qiladi. Siyosatdan qo‘rqib¸ banklar borini aholiga bema’ni kredit sifatida berdi va endi likvidlik muammosiga girdobiga yanada chuqurroq botdi. Odamlarni majburlab tadbirkor qilib bo‘lmasligini¸ pul tarqatish bilan ularni boy qilib bo‘lmasligini tushunishni Mirziyoev istamayapti¸ shekilli”¸ deydi o‘zbek banklaridan biri rasmiysi.

Hokimliklarga kreditga limon sotish nimaga kerak?

Ozodlik suhbatdoshlariga ko‘ra¸ maktab rahbarlarini tijorat banklari kreditiga limon olishga majburlash orqali mahalliy hokimliklar bir o‘q bilan kamidaikki quënni urmoqda.

“Bozorga chiqsangiz¸ bir tup limon ko‘chati narxi 8-10 ming so‘m. Bizga 35 ming so‘mdan o‘tkazilgan limon ko‘chatlari¸ go‘yoki Gollandiyadan dollarga olib kelinganmish. Bu limonni sotayotgan agrofirmalar¸ tekshirilsa¸ hokimiyatdagilarning o‘zlariga qarashli bo‘lib chiqadi. Hokimiyatdagilar o‘zlari olib kelgan limonni qimmatga majburlab oldirayapti bizni.

Ikkinchi tomondan¸ hokimiyat Vazirlar Mahkamasiga falon oy ichida faloncha kam ta’minlangan oila¸ yoki ishsiz odamga falon pullik kredit berib¸ ularni ish va daromad bilan ta’minladik¸ deb hisobot beradi. Bu hisobotda kredit rasmiylashtirilganlarning maktab direktorlari va boshqa ishlik odamlar ekani yozilmaydiku. Bular hozirdan prezidentni aldashga tayyorgarlik ko‘rmoqda”¸ deydi yuqorichirchiqlik o‘qituvchi.

Hozircha Ozodlik ixtiyorida Yuqorichirchiq va Zangiota tumanlarida “tadbirkorlik sub’ekti va aholi qatlami”ga majburan sotilgan limon ko‘chatlarini aynan qaysi agrofirmalar¸ qanday narxda¸ qancha¸ qaysi davlatdan sotib olganiga oid ma’lumot yo‘q (Bunga oid ma’lumot sizda bo‘lsa¸ ularni Ozodlik bilan shaxsingiz sir qolgan holda¸ o‘rtoqlashishingiz mumkin – tahr.)

XS
SM
MD
LG